Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning nevarasi, Insta-bloger Maryam Tillayeva turmush o‘rtog‘i Amiran bilan ajrashishi sababi, yarim yalang‘och surati uning roziligisiz tarqatilgani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @amiran495

Foto: Instagram / @amiran495

“Erim bilan munosabatlarim mavzusida gapirishni umuman xohlamagandim. Biz hali ham qonunan er-xotinmiz. Lekin biz birga yashamayapmiz, gaplashmayapmiz. Menga turli YouTube-kanallardan intervyu qilish taklifi bilan chiqishdi. O‘ylashimcha, hozir shundoq ham butun dunyoda xaos hukmronlik qilmoqda, global miqyosda turli ziddiyatlar mavjud, shuning uchun o‘z muammolarim haqida gapirishni lozim deb hisoblamayman. Odamlarning tashvishi menikidan ham ko‘proq hozir. Agar intervyu beradigan bo‘lsam, u yerda o‘zimning erishgan yutuqlarim haqida gapirishim kerak, men bilan yuz bergan ko‘ngilsiz holat haqida esa ozgina to‘xtalib o‘tsam bo‘ladi.

 

Foto: Instagram / @amiran495

Foto: Instagram / @amiran495

Nima uchun jonli efirga chiqib, bu mavzuda gapiryapman? Kecha erimning bir intervyusiga ko‘zim tushdi, u yerda men haqimda so‘z borayotgan ekan. Erim o‘z fikrlarini chiroyli shakllantira oladi, boshqalar ko‘ziga qanday qilib olijanob inson bo‘lib ko‘rinishni yaxshi biladi. Ammo aslida unday emas. Men bir yarim yil bu inson bilan yashab, qanday kunlarni boshdan kechirganimni hammaga so‘zlab bermoqchi emasman. Bugun qanday his-tuyg‘ular bilan yashayotganimni ham bo‘lishmayman. Agar boshimdan nimalar o‘tganini bilsangiz, shokka tushib, menga rahmingiz kelgan bo‘lardi. Men o‘zimga achinishlarini xohlamayman. Shuning uchun ko‘rgan-kechirganlarimni faqat yaqin do‘stlarimgina biladi. Ular yordamga muhtoj paytim meni qo‘llab-quvvatladi. Men haqiqat tarafman, odamlar aslidan ko‘ra yaxshiroq ko‘rinish uchun yolg‘onlar to‘qib chiqarishiga qarshiman.

Men Moskvaga o‘sha insonni sevganim, u bilan keyingi hayotimni qurishni istaganim uchun ko‘chib o‘tgandim. Yosh bo‘lganim yoki nimagadir tayyor bo‘lmaganim ayrilishimiz sababchisi emas. Bu inson haqida yomon gapirishni istamayman, bizning ajrashishimizga menga o‘tkazilgan ruhiy va jismoniy bosim sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, men gapirishni istamaydigan boshqa sabablar ham bor. Hali o‘zimga kelolmadim, buning uchun psixolog bilan uzoq muddat ishlashim kerak.

Men sodda va ahmoq bo‘lgan ekanman. Shuning uchun ham boshimdan o‘tganlarga qaysidir ma’noda o‘zim ham sababchiman. Osmonda uchib yurgan ekanman. Shuni aytishim kerakki, bolaligimda maktabda juda ko‘p tahqirlashlarni boshdan kechirganman. Musulmon bo‘lganim uchun boshimni unitazga tiqishlar, haqoratlarni ko‘rganman, kaltaklanganman. Ammo men bir yarim yillik turmushimda ko‘rganlarimni hatto dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Bu haqda gapirish juda qiyin, sababi oilam, menga yaqin insonlarim va o‘zim aziyat chekdim. U insondan buyog‘iga meni, oilamni, buvimni umuman tilga olmaslikni so‘ragan bo‘lardim”, — deydi Maryam Tillayeva.

Maryam, shuningdek, muhokamalarga sabab bo‘lgan yarim yalang‘och surati turmush o‘rtog‘i tomonidan uning roziligisiz tarqatilgani haqida ham so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @amiran495

Foto: Instagram / @amiran495

“Amerikada mening muhokamalarga sabab bo‘lgan yalang‘och suratimni tarqatganlik uchun meni himoya qiladigan qonun moddasi bor. U Revenge porn deb nomlanadi. Men bunday suratimni hech qachon ijtimoiy tarmoqqa joylamagan bo‘lardim, rozilik ham bermaganman. Biroq sen har kunlik manipulyatsiya hamda tahqirlashga asoslangan munosabatlarda bo‘lsang, sen insonning “sevgisi”ni yo‘qotmaslik uchun, uni ranjitmaslik uchun hamma narsaga tayyor bo‘lasan. U 35 yoshida, ongli ravishda shunday o‘yin o‘ynadi. Amiran ijtimoiy tarmoqlar shunday ishlaydi, dedi. ‘Sen hech narsani tushunmaysan’, dedi. Bu xayp, men uni qo‘llab-quvvatlashim kerakligini aytdi, ‘Buni ikkimiz uchun qilyapman’, dedi. Men yig‘ladim. Hozir esa shu haqda o‘ylab, o‘zimni shunchalik yerga urganimdan afsuslanib ketyapman. Uning postidan keyin menga tasavvur qilib bo‘lmaydigan nafrat yog‘ildi. Meni fohisha deb atashdi, o‘lim tilashdi, tahdidlar bo‘ldi. O‘sha rasmni O‘zbekistonda yashaydigan hamma ko‘rdi, uni qarindoshlarim, buvilarimga ko‘rsatishdi. Bu — men hayotimning oxirigacha shu sharmandalik bilan yashashga to‘g‘ri keladigan holat.

Men erimning bu qilmishidan so‘ng uni tushunmay qolgandim, biroq uni sevganim uchun qo‘llab-quvvatlab, faqat o‘zimga yomon qilardim.  Oilam oldida, otam, onam, ukam, singlim, bobom, buvim va xalqimiz oldida uyatga qoldim. Shunda ham Amiran taraf bo‘ldim. O‘shanda aqlim qayerda edi, tushunmayman. U o‘shanda birgina posti bilan ota-onam bilan munosabatlarimga butunlay nuqta qo‘ydi. Ularni tushunaman. Amiran niyatiga yetdi. Meni oilam va do‘stlarimdan ajratib qo‘ydi. Men esa o‘shanda o‘zim tushunmagan holda juda qattiq depressiyaga tushib qolgandim”, — deydi Maryam.

Maryam Tillayevaning aytishicha, Amiran Sardarov uning bobosi sovg‘a qilgan ziragini o‘g‘irlagan.

“Men uni Xudoga soldim. Men hayot yo‘limda davom etaman, u esa o‘zining narkotik botqog‘ida, jinnicha shoulari bilan qolaversin. Lekin menga bobom sovg‘a qilgan zirakni o‘g‘irlash bu odamning kimligini ko‘rsatadi. Bu yerda gap pulda ham emas, o‘sha narsaning menga qanchalik qadrli ekanligida. U shunaqa kimsa. Tushunishimcha, bu hammaga allaqachon ayon edi”, — deydi Maryam.

Foto: Instagram / @mashatilly

Foto: Instagram / @mashatilly

Ma’lumot uchun, Maryam Tillayeva 2021-yilning 13-aprel kuni rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqqan edi. Ularning to‘yi Las-Vegasdagi mehmonxonalardan birida, juftlikning do‘stlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Maryam to‘yi tor doirada, kamtarona tarzda nishonlanganiga qaramay, o‘z orzusidagidek o‘tganini aytgan edi. U to‘ydan keyin Instagram sahifasini faol yurita boshladi, uning kuzatuvchilari soni qisqa muddat ichida bir necha yuz mingga ko‘paydi. U sahifasida kundalik turmush tarzi haqida hikoya qilib berardi.

Amiran Sardarov 2021-yilning 5-avgust kuni rafiqasi Maryamning ichki kiyimsiz tushgan suratini Instagram’dagi sahifasiga joyladi. Ushbu surat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar va keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.  Instagram foydalanuvchilari Maryamning ushbu nomaqbul suratiga tanqidiy munosabatini hatto uning onasi Lola Tillayeva-Karimova sahifasida ham bildira boshladi. Lola Tillayeva-Karimova ushbu holatni qizining ongli hayoti Yevropada o‘tgani, nima mumkin-u, nima mumkin emasligi haqida o‘z tushunchalari borligi bilan izohlagan edi. Shuningdek, internet foydalanuvchilaridan qizining suratiga qaramaslik, buning o‘rniga boshqa ishlar bilan shug‘ullanishga chaqirgan edi.

Keyinroq Amiran Sardarov sahifasidan ushbu suratni o‘chirib tashlab, nomaqbul hazili uchun Karimovlar oilasidan kechirim so‘ragan edi. Maryam esa turmush o‘rtog‘iga uning kontenti yoqishini, hech kimdan kechirim so‘rash kerak emasligini aytgan edi.

Amiran intervyularidan birida to‘ydan so‘ng, Maryamning ota-onasi ular bilan gaplashmay qo‘yganini aytgan edi.

2022-yilning fevral oyida Amiran Maryam bilan ajrashganini e’lon qildi.

“Biz Masha bilan ajrashdik, afsuski, shunaqasi ham bo‘ladi. Senga hayotimda bo‘lganing uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Sen yorqin, aqlli va shijoatlisan. Har doim shunday bo‘lib qolishingni tilayman. Hech qachon g‘am chekma! Aminmanki, hayotingdagi eng yaxshi kunlar hali oldinda, o‘z baxtingni topasan. Senga hammasi uchun rahmat!”, — degandi Amiran Sardarov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
YCHL. “Bavariya” o‘z maydonida raqibini tor-mor etdi, “Marsel” 5 ta gol urilgan o‘yinda “Sporting” ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi
Mahalliy
“Daryo” kundaligida 4-oktabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Belgorod shahri osmonida noma’lum uchqun paydo bo‘ldi (video)