Farg‘ona shahridagi Koreya xalqaro universiteti (KIUF)ning ikki talabasi birgalikda o‘zini osib, joniga qasd qildi. Bu haqda bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Farg‘ona shahar IIB navbatchilik qismiga 2021-yil 30-dekabr kuni kelib tushgan murojaatga ko‘ra, H.D. ismli qiz (2003-yilda tug‘ilgan) va I.S. ismli yigit (2002-yilda tug‘ilgan) shaharning “Afrosiyob” mahallasi hududida joylashgan “Far Barchinoy tilagi” fermer xo‘jaligi dala yer maydonining 21-konturidagi tut daraxtiga arqondan sirtmoq yasab, o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida olingan oziq-ovqat mahsuloti (tovuq go‘shti) iste’mol uchun yaroqli yoki yaroqsiz ekani, tarkibida biror-bir bakteriya mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish uchun viloyat SEO va JSBga yuborilgan.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh suitsidologining tahlil xulosasida yetarli ma’lumotlar yo‘qligi uchun noaniq sababli sodir etilgan klaster (kengaytirilgan) ko‘rinishdagi chin suitsid degan xulosaga kelingan.

Psixologik-psixiatrik ekspertiza xulosasida S.I. va D.H. so‘nggi kunlarda emotsional holatda bo‘lgani keltirilgan. Ularning ota-onalari va yaqin insonlari bilan o‘rtalaridagi munosabat, ijtimoiy-psixologik inqiroz suitsidga olib kelgan autoagressiv harakatni keltirib chiqargan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida marhumlarning kursdoshlaridan tushuntirish xatlari olingan. Shuningdek, ularning voqea sodir etilgunga qadar bo‘lgan harakatini aniqlash maqsadida jamoat joylaridagi videokuzatuv kameralar ko‘zdan kechirilgan. Ammo D.X. va S.I. tasvirga tushgan kadrlar aniqlanmagan.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, marhumlarning vafot etgani bo‘yicha jinoyat alomatlari aniqlanmagan. Shunga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Avvalroq O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi to‘rtinchi qavatdan sakrab o‘z joniga qasd qilgani xabar qilingandi. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, Samarqand davlat universitetiga qarashli talabalar yotoqxonasida 29-mart kuni soat 02:00 larda S.E. ismli talaba qiz o‘zini 9-qavatdan tashlab, vafot etgani haqida xabar berilgandi. Samarqand viloyati prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.