11:23, 21.04.2022 64395

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi “maxsus operatsiya” qachon tugashini ma’lum qildi

Rossiyaning maxsus harbiy operatsiyasi Rossiyaga Ukraina hududi orqali yuzaga keladigan NATO tahdidlari bartaraf etilgandan so‘ng tugaydi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining MDH mamlakatlari bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Aleksey Polishchuk aytib o‘tdi.

Foto: “TASS”

“Maxsus harbiy operatsiya o‘z vazifalari bajarilgandan so‘ng tugaydi. Bularga Donbass tinch aholisini himoya qilish, Ukrainani demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilish, shuningdek, NATO mamlakatlari tomondan Ukraina hududi orqali Rossiyaga kelayotgan tahdidlarni bartaraf etish kiradi”, — dedi diplomat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, maxsus operatsiya rejaga muvofiq ketmoqda. “Operatsiyada oldinga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishiladi”, — deb ta’kidladi Polishchuk.

19-aprel kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga qarshi “maxsus operatsiya”ning navbatdagi fazasi boshlanganini ma’lum qilgandi. Lavrovning aytishicha, mamlakat maxsus operatsiya davomida yadroviy quroldan foydalanish niyatida emas.

Bunga qadar Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan yana 10 yil jang qilishga tayyorligini aytgan. AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning Ukraina hududidagi maxsus harbiy operatsiyasi 2022-yil oxiriga qadar davom etishi mumkinligini taxmin qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-fevral kuni Ukrainada “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganini e’lon qilgandi. U o‘z maqsadlarini Ukrainani demilitarizatsiya qilish va Donbass aholisini “genotsid”dan himoya qilish deb atagan.

Boshqa yangiliklar