World of Tanks va World of Warships o‘yinlarini ishlab chiqaruvchi Wargaming o‘yin studiyasi Belarus poytaxti Minskdagi ofisini yopishga qaror qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.
Kompaniya xodimlarga maksimal kompensatsiya va yordam berishga va’da berdi.
Yangi ofis O‘zbekistonda ochilishi mumkin
Fevral oyi oxirida Wargaming kompaniyasi vakillarini axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov qabul qilgan edi.
Suhbat chog‘ida kompaniya O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirib, bu yerda o‘z vakolatxonasini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini ta’kidladi. AKT vazirligi, o‘z navbatida, kompaniyaga bu borada yordam berishga tayyorligini bildirgan edi.
1998-yilda Minskda tashkil etilgan Wargaming kompyuter o‘yinlarni ishlab chiqadi va nashr etadi. Eng mashhur mahsulotlari — World of Tanks va World of Warships multipleyer o‘yinlari. Ularning auditoriyasi 200 million kishiga baholanadi.
Rossiya, Ukraina, Kipr, AQSH, Fransiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Singapur, Yaponiya va Tayvanda vakolatxonalari mavjud. Kompaniyada 5000 dan ortiq kishi ishlaydi.