“PSJ” Fransiya chempionatining 30-turida “Loryan” ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Parijliklar hujumchilari Lionel Messi, Kilian Mbappe va Neymar ilk bor bir o‘yinda gol urdi.
Mbappe jamoaning barcha gollarida ishtirok etdi: 2 ta gol va 3 ta golli uzatma. Neymar 12 va 90-daqiqalarda, Messi esa 73-daqiqada gol urdi. Qayd etib o‘tish joiz, argentinalik hujumchi fevral oyidan buyon Liga 1 da gol ura olmayotgan edi.
Hujumchilar Messi mavsum boshida “PSJ”ga kelganidan buyon birga o‘ynayotgandi va ilk bor bir o‘yinda uchalasi ham gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Kilian Mbappe Fransiya chempionatining joriy mavsumida 27 o‘yinda ishtirok etib, 17 ta gol va 13 ta golli uzatmaga, Lionel Messi 19 ta o‘yinda 3 ta gol va 11 ta golli uzatmaga, Neymar esa 16 o‘yinda 7 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
“PSJ” futbolchilari so‘nggi o‘yinlarda doimiy ravishda xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. “Loryan”ga qarshi o‘yinda Ashraf Hakimining xatosi tufayli Terem Moffi parijliklar darvozasini ishg‘ol qildi.
Opta xabariga ko‘ra, “PSJ” barcha musobaqalardagi so‘nggi 6 o‘yinda gol bilan tugagan 4 ta xatoga yo‘l qo‘ygan. Taqqoslash uchun, parijliklar mavsum startidagi 36 o‘yinda faqat bitta golga olib kelgan xatoga yo‘l qo‘ygandi.
Fransiya chempionatining ortda qolgan 30 turidan so‘ng parijliklar 68 ochko bilan musobaqa peshqadami bo‘lib turibdi.