Yevropa Ittifoqi “Rossiya qurolli kuchlari tomonidan Ukrainaning qator shaharlarida sodir etilgan vahshiyliklarni keskin qoralashini”ni ma’lum qildi. Bu haqda Yevropa kengashining saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
“Ko‘p sonli tinch aholining o‘limi va yaralanishi, shuningdek, fuqarolik infratuzilmasi vayron bo‘lganiga oid dalillar Rossiya tomonidan Ukraina va uning xalqiga qarshi olib borayotgan shafqatsiz bosqinchilik urushining haqiqiy qiyofasini ko‘rsatadi. Bucha shahrida hamda Ukrainaning boshqa shaharlaridagi ommaviy qotilliklar Yevropa yerlarida amalga oshirilgan vahshiyliklar ro‘yxatiga kiritiladi”, — deyiladi bayonotda.
Yevropa kengashining hisoblashicha, Rossiya hukumati “ushbu hududni nazoratda ushlagan vaqtida amalga oshirilgan qirg‘inlar uchun javobgar”. Yevropa Ittifoqidagilarning qo‘shimcha qilishicha, harbiy va boshqa jinoyatlarda aybdorlar, shuningdek, hukumat amaldorlari va harbiy boshliqlar “javobgarlikka tortiladi”.
Bayonot mualliflari harbiy jinoyat bo‘yicha Xalqaro jinoiy sud prokurori olib borayotgan tergovni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, YI harbiy jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plashda Ukraina Bosh prokuraturasi bilan hamkorlik olib boradi.
“Hozirda butun dunyo uchun qayg‘uli bo‘lgan bir vaqtda Ukraina va Ukraina xalqi bilan birgamiz. Yevropa Ittifoqi Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi va zudlik bilan Rossiyaga nisbatan keyingi sanksiyalar bo‘yicha ishlarni tezlashtiradi. Prezident Putin zudlik bilan va so‘zsiz ushbu urushni to‘xtatishi kerak”, — deya ta’kidlanadi xabarda.