Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qashqadaryo hokimi Murodjon Azimov mahalliy budjet mablag‘lariga shaxsiy piarini yo‘lga qo‘ygan hokimlar faoliyatini tanqid qildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Murodjon Azimov.

Murodjon Azimov.
Foto: “Daryo”

Murodjon Azimov bu haqda kecha, 23-mart kuni bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida gapirgan.

“Viloyat hokimi xalqdan olingan soliq tushumlari hokimlarning shaxsiy piari uchun sarflanishi umuman noto‘g‘ri ish ekanini aytdi. Aynan Shahrisabz shahri hokimiga dakki berdi. Murodjon Azimov, shuningdek, Shahrisabz shahri hokimining boshqa hokimlarni yerga urish evaziga maqtov olishini yomon baholadi”, — deydi “Daryo” manbasi.

“Daryo” muxbiri mazkur masala yuzasidan Shahrisabz shahri hokimi Akrom Sulaymonov bilan suhbatlashdi.

Akrom Sulaymonov viloyat hokimining apparat yig‘ilishida aytgan bu fikrlari unga qaratilmaganini, mahalliy budjet mablag‘lari evaziga hech qanday shartnomaviy munosabatlar o‘rnatmaganini bildirdi.

“Nima uchun bu haqda aynan mendan so‘rayapsiz? Qaysi hokim haqida gapirganini bilmoqchi bo‘lsangiz, unda viloyat hokimining o‘zidan so‘rang. Mening bu ishlarga umuman aloqam yo‘q. Biz hech kim bilan shartnoma qilmaganmiz va umuman piarga pul sarflamaganmiz. Qo‘shimcha savollar bo‘lsa, hokimlikning axborot xizmatiga bog‘lanib, axborot olishingiz mumkin”, — dedi Akrom Sulaymonov.

Ma’lum bo‘lishicha, Shahrisabz shahri hokimi Akrom Sulaymonov 2022-yil 7-mart kuni yangi qarorga imzo chekkan. Hokimning mahalliy budjetning 2022-yil erkin qoldiq mablag‘lari hamda 2022-yil zaxira mablag‘lari hisobidan tegishli xarajatlar uchun mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, 135 million so‘m mablag‘ ajratilib matbuot va ommaviy axborot vositalaridan foydalanish xarajati sifatida chiqim qilinishi belgilangan.

Foto: Skrinshot

Xalq to‘lagan soliqdan ajratilgan 135 million so‘m mablag‘ matbuot va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda qay tartibda sarflanishiga aniqlik kiritish maqsadida shu mablag‘lar sarflanishini nazorat qiluvchi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Akamurod Uzoqov bilan suhbatlashdik.

“Bu mablag‘ni qilinayotgan barcha ishlarimizni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun sarflaymiz”, — dedi “Daryo” muxbirining bu haqdagi savoliga javob bergan Akamurod Uzoqov.

Shahrisabz shahri hokimi Akrom Sulaymonov esa o‘rinbosari tan olgan holatni umuman inkor etdi.

“Daryo” muxbirining aniqlashtirishicha, Shahrisabz shahri hokimi 2021-yilda ham qilingan ishlarini ommalashtirish maqsadida OAV vakillari, xususan blogerlar bilan 128 million so‘mlik shartnoma imzolab, mahalliy budjet mablag‘laridan o‘zboshimcha foydalangan.

“Shu 128 million so‘m noto‘g‘ri sarflangani uchun o‘tgan yili shahar hokimi va hokimlik mas’ullari ancha yugur-yugur qilishgandi. Ko‘pchilikka pulni qayerga sarflagani va qay tartibda xarj qilganiga javob berolmay qiynalgandi. Endi bu yil o‘sha xatosini takrorlamaslik uchun mahalliy budjetdan qonuniy tartibda mablag‘ ajratgan. Ammo endi bu holatni viloyat hokimi tanqid qildi va xalqning puli hokim shaxsiyatini olqishlash uchun sarflanishi kerak emas dedi”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan manba.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Elektr ta’minotidagi uzilishlarga ko‘p duch keldim” — O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgan IT-mutaxassis taassurotlari
Dunyo
“Sirli odam” — Murali Lal Jalanning Minerva City bo‘yicha intervyusi bahslarga sabab bo‘lmoqda. Lal Jalan aslida kim?
Sport
Bobur Abduxoliqov Belarusda mavsumning eng yaxshi to‘purari va eng yaxshi futbolchisi sovriniga ega chiqdi