Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi sessiyasida nutq so‘zlamoqda, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Davlat rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan soliq siyosati ham biznes sohasini rag‘batlantirishga xizmat qilayotganini ta‘kidladi.

“So‘nggi yillarda soliqlarning umumiy sonini 13 tadan 9 tagacha kamaytirdik. Mol-mulk, shaxsiy daromad va ijtimoiy soliq stavkalari ikki barobarga pasaytirildi. Shu bilan birga, 6 mingga yaqin import boj stavkalari ham pasaytirildi. Shuningdek, o‘tgan 5 yil ichida 200 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki soddalashtirildi. Tadbirkorlik subyektlari zimmasidagi soliq yukini yanada kamaytirish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirish choralari tizimli ravishda davom ettirilmoqda”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Investitsiyalar vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ta‘kidlab, “buning natijasida iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi uch yarim barobarga oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etganini” aytib o‘tdi.

“Buning hisobiga 59 mingta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga munosib hissa qo‘shdi. Shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo va neft-kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati va boshqa ko‘plab sohalardagi qayta ishlash darajasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga hamda eksportimizning yillik hajmlarini salkam 20 milliard dollarga yetkazishga muvaffaq bo‘ldik. Ikki yil avval mamlakatimiz tarixida birinchi marta kambag‘allikni bartaraf etishni hukumat siyosatining asosiy maqsadlaridan biriga aylantirdik. Ushbu yo‘nalishda alohida strategiya qabul qilinib, Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi. Natijada, qisqa davr ichida yarim milliondan ortiq oilani muhtojlar toifasidan chiqarishga erishdik”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Prezident “iqtisodiyotimizning yillik o‘rtacha o‘sishi 5 foizni, sanoat sohasida esa 8 foizni tashkil etganini” aytdi.

“Oltin-valyuta zaxiralarimiz 27 milliard dollardan 35 milliard dollarga yetdi. Hatto koronavirus pandemiyasi avj olgan 2020-yilda ham mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti o‘sishida ijobiy dinamika saqlab qolingani, 2021-yilda esa uning o‘sish sur’ati 7 foizdan oshgani — islohotlar yo‘lining to‘g‘ri tanlanganidan dalolat bo‘lib, bizni yangi amaliy marralarga da’vat qilmoqda”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Bir necha kundan buyon hukm surayotgan qorli ob-havoda o‘zbekistonliklar yasagan qorbobolar — suratlarda
Sport
Matbuot anjumani vaqtida mushukni uloqtirib yuborgan Braziliya terma jamoasi rasmiysi tanqidlarga uchradi (video)
Dunyo
Lukashenko “kuchsiz Mercedes” tufayli YOII sammitiga piyoda keldi (video)