Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi sessiyasida nutq so‘zlamoqda, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Davlat rahbari “O‘zbekiston zamini ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelganini” aytib o‘tdi.
“Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo‘lgan. Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Misr kabi mamlakatlarda shakllangan sivilizatsiya va madaniyat namunalari aynan qadimgi Movarounnahr, hozirgi O‘zbekiston hududida uchrashib, bir-birini o‘zaro boyitib kelgan. Buning natijasida uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va san’at yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev “ommaviy axborot vositalarini “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishilganini” ta‘kidladi.
“Bu boradagi eng muhim yutug‘imiz shuki — biz jamiyatimizda yopiqlik muhitidan qutulib, Yangi O‘zbekiston poydevorini aynan erkinlik va adolat tamoyillari asosida barpo etmoqdamiz. Biz islohotlarimizning birinchi kunidan boshlab ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelmoqdamiz. So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilib, ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi avvalgi 27 foizdan 67 foizga ko‘tarildi. Bundan tashqari, 200 ga yaqin yangi maktablar barpo etildi, 3 mingdan ortiq mavjud maktablar esa rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi”, — dedi prezident.
Izoh (0)