Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida yashovchi aholi vakillari ko‘p qavatli uylarda yashashini, aholiga arzonlashtirilgan holda qurib berilgan ko‘p qavatli uylar markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulanmagani sabab muammo yuzaga kelayotganini aytmoqda.
Bu haqda “Daryo”ga murojaat qilgan “Manguzar” mahalla fuqarolar yig‘ini vakillarining aytishicha, hududda 2017-yili har biri 16 ta xonadondan iborat 8 ta ikki qavatli uy qurilgan bo‘lib, shundan ikkitasi 6- hamda 8-sonli uylarning kanalizatsiya quvurida muammo bor.
“2017-yil mahallamizda sakkizta arzonlashtirilgan ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lib, shundan ikkitasi — 6- va 8-sonli ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiyasi uchun qurilgan hovuzning pastki qismi betonlab tashlangan. Qolgan uylarning kanalizatsiyasi uchun qurilgan hovuzlarning tagi esa shebenlangani bois chiqindi suv yerga singib ketadi. Bu ikkala uyning kanalizatsiyasidan chiqayotgan chiqindilar hovuzdan chiqib qolib, atrofning ifloslanishiga olib kelmoqda”, — deydi murojaatchilar.
Aholi vakillarining aytishicha, kanalizatsiya tizimi yaxshi ishlamagani, shuningdek chiqindi hovuzlar o‘z vaqtida tozalanmagani bois nafaqat uylar atrofi ifloslanmoqda, kanalizatsiyadan chiqayotgan badbo‘y hid hatto uy ichkarisida ham gaz to‘planishiga ham sabab bo‘lmoqda.
“Bu ahvolda qanday va qachongacha yashaymiz, bilmayman. Mas’ullarga muammo haqida ko‘p marotaba aytdik, ammo hamma jim. Rahbarlar kimdir kanalizatsiyadan chiqayotgan gazdan zaharlanib o‘lishini kutyaptimikan?”, — deydi mazkur ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi vakillaridan biri.
“Daryo” nashrining bu haqdagi so‘roviga javob bergan Termiz shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Odil Xudoyqulov “Manguzar” mahallasi ko‘p qavatli uylar qurilgan paytda Termiz tumani hududida bo‘lganini, keyinchalik shahar hududiga kiritilganini aytib, mas’ullarning muammodan xabari borligini bildirdi.
“Haqiqatdan ham shu muammo bor va bundan barcha mas’ullar xabardor. Muammoni bartaraf etish uchun ko‘p qavatli uylarni markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulash haqida ham o‘ylab ko‘rilgan. Ammo bu uylar pastlikda joylashgani bois ularni markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga ulash juda katta xarajat talab qilinishi ma’lum bo‘lgach, bu fikrdan qaytilgan. Chiqindi hovuzlar o‘z vaqtida tozalanmoqda. Yana bir tomoni borki, chiqindi tashib ketilishi uchun aholi to‘lovlarni amalga oshirmaydi. Shunday bo‘lsa-da, rahbarlar bu masalaga e’tibor qaratishgan”, — deydi shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Odil Xudoyqulov.
Murojaatchilarning aytishicha, tagi betonlab tashlangan chiqindi hovuzi har haftada to‘lib, olib chiqib ketilishga tayyor holda turadi. Uni bir marta tozalash 2 million so‘mni tashkil qiladi.
“Bu esa har bir oilaga haftasiga 100 ming so‘mdan pul degani. Aslida bu yerda kam ta’minlangan, iqtisodiy jihatdan nochor oilalar yashaydi. Shu bois bizga tagi shebenlangan chiqindi hovuz qurib berishsa yaxshi bo‘lardi. Chiqindining badbo‘y hidi yon-atrofga ham taralib, odamlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kunu-tun derazalarimizni yopib, tashqariga chiqmasdan yashashga majbur bo‘lyapmiz. Zararkunanda hasharotlar ham ko‘payib ketgan”, — deydi aholi vakillari.
Murojaatchilarning qo‘shimcha qilishicha, ba’zan ko‘p qavatli uy kanalizatsiyasining quvurlari yorilib ketishi oqibatida uyga gaz hidi chiqib qolish holatlari ham uchrab turadi.
“Uylar yerto‘lasidan o‘tgan plastik kanalizatsiya quvurlariga bosim kuchayishi natijasida bir necha marotaba yorilib ketish holatlari, shuningdek axlat yerto‘laga oqib ketishi va uyimiz chiqindi gaz hidiga to‘lib qolishi ham ko‘p uchraydi. Bunday hayotga qanday chidash mumkin? Bu bizning hayotimiz uchun ham xavfli-ku”, — deydi aholi vakillari.
Aholi vakillarining qo‘shimcha ma’lumot berishicha, Termiz shahar hokimligi murojaatchilarga muammoni hal qilish uchun 2021-yilning 31-oktabr kuni dasturga kiritish bo‘yicha taklif berishganini, mablag‘ ajratilsa muammo 2022-yilning 3-choragida yechimini topishi ma’lum qilingan.
“Bilishimizcha, murojaatlarimiz viloyat hokimiga yetib bormayapti. Sababi avvalroq viloyat televideniyesiga murojaat qilgandik. Ular kelib muammoni o‘rganishdi, hammadan intervyu oldi, ammo ko‘rsatuv efirga berilmadi. Sababini so‘rasak, shahar hokimi ruxsat bermadi deyishdi. Shundan so‘ng biz muammo viloyat hokimigacha yetib bormayapti degan fikrga keldik”, — deydi murojaatchilar.
Aholi vakillarining aytishicha, ular muammoni hal qilishga ham kirishgan. Ammo MFY raisi odamlarga o‘zboshimchalik qilmaslik kerakligini aytgan.
“Odamlardan pul yig‘ib, qo‘shimcha yama (xandaq) qazdirmoqchi bo‘ldik. Ammo mahalla raisi ‘chuqurga biror kishi tushib ketsa, kim javob beradi, o‘lib qolsa nima bo‘ladi. O‘zboshimchalik qilmang’, deb ruxsat bermadi. Biz nima qilaylik unda, dardimizni kimga aytaylik”, — deydi murojaatchilar.
“Daryo” mavzuga qaytadi.