Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyadan qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Bu haqda BMT Twitter sahifasida xabar berildi.
Loyihani yoqlab 141 davlat ovoz bergan, besh davlat – Rossiya, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Eritreya qarshi chiqqan, yana 35 davlat, jumladan, Qozog‘iston, Pokiston, Eron va Xitoy kabilar betaraf qolgan. O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkmaniston va yana bir necha davlatlar ovoz berishda ishtirok etmagan.
Rezolyutsiya loyihasida Rossiyadan Ukrainaga qarshi kuch ishlatishni to‘xtatish, shuningdek, xalqaro tan olingan chegaralar doirasida mamlakat hududidan barcha qurolli kuchlarini zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz olib chiqib ketish talab etiladi.
Rezolyutsiya mualliflari Moskvadan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olishdan bosh tortishni talab qilgan va barcha tomonlarni Minsk kelishuvlariga rioya qilishga chaqirgan.
BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyalarida davlatga nisbatan majburlov choralari belgilanishi mumkin emas, deb yozadi “RIA Novosti”. Bunday choralarni tashkilotning Xavfsizlik Kengashi belgilashi mumkin.
25-fevral kuni BMT Xavfsizlik kengashida Rossiya AQSh va Albaniyaning Rossiya tomonini Ukrainadagi maxsus operatsiyani zudlik bilan to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga veto qo‘ygandi.
Rossiya—Ukraina urushiga oid tezkor, ishonchli yangiliklar va ma’lumotlarni “Daryo”ning Live sahifasi orqali kuzatib boring → @Daryo_Live
Mavzuga doir: