Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi Mo‘ynoq tumanidan boshlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Davlat rahbari Mo‘ynoq tumanida faollar bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashmoqda, deb xabar beradi “Daryo” muxbiri.
“Hozir aeroportga kirishda topshiriq berdim, endi haftada ikki marta Toshkent—Mo‘ynoq—Nukus yo‘nalishida parvozlar bo‘ladi. Bu aeroport rasmga tushish uchun emas, insonlarga xizmat qiladigan bo‘lishi kerak”, — deydi prezident.
Davlat rahbari “Qoraqalpog‘istonga pul bilan kelganini” aytib o‘tgan.
“Avval ham aytganman, madaniyat Mo‘ynoqdan Nukusga borishi kerak. Qilayotgan ishlarimiz qarsak uchun emas, odamlarni rozi qilish uchun”, — deya qo‘shimcha qilgan Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Mo‘ynoq — O‘zbekiston shimoli-g‘arbiyda joylashgan shahar nomidagi aeroport bo‘lib, 1947-yilda qurilgan. 3-klassga oid Mo‘ynoq aerodromi An-24, Yak-40 va boshqa yengil samolyotlarni, shuningdek, barcha turdagi vertolyotlarni qabul qilishga qodir bo‘lgan. 1960-yillar boshidan 1990-yilga qadar aerodromda An-2 samolyotlari kuniga mahalliy liniyalar bo‘yicha (asosan, Qo‘ng‘irot, Nukus, Urganch, Taxtako‘prik, Qozoqdaryo, Aspantay, Tuley punktlari) 19 tagacha yo‘lovchi aviareyslarini amalga oshirgan. 2020-yilning avgustida Mo‘ynoqda yangi aeroport ishga tushgan edi.
Izoh (0)