Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Toshkentda o‘ldirilgan qashqadaryolik jahon chempioni Kamoliddin Rasulov o‘limi yuzasidan boshlangan sud ishi qisqa tanaffusdan so‘ng, 18-fevral kuni soat 14:30 da o‘z ishini davom ettirdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Kamoliddin Rasulov.

Kamoliddin Rasulov.
Foto: Marhum yaqinlarining shaxsiy arxividan

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi binosida davom etgan sud majlisida dastlab marhumning bevasi, qonuniy vakili Gulnoza Xolmurodova tinglandi.

“Turmush o‘rtog‘im o‘ldirilgan kuni kunduzi soat 10-11 larda u kishi sport zalga ketgandi. Keyin menga qo‘ng‘iroq qilib, aylanishga chiqishimizni aytdi va meni ham olib ketdi. Mashinada birga yurganimizda Kamoliddin akamga telefon bo‘ldi. Keyin bilsam, u ayblanuvchi ekan. Kamoliddin akamni chaqirishgan ekan. Keyin biz aytilgan manzilga bordik. Kamoliddin akam mashinadan tushayotganda besh daqiqada ortiga qaytishini aytdi. So‘ngra ayblanuvchining oldiga borib, u bilan ko‘rishdi. Ular menga yaqin turishgandi. Men mashinaning old o‘rindig‘ida bo‘lganim bois ular menga aniq ko‘rindi. Shunda ayblanuvchi bir menga, bir Kamoliddin akamga qarab, bezovtalangandek ko‘rindi. Keyin men noqulay bo‘lmasin, deb qolaversa, ayol kishi bo‘lganim bois e’tibor bermaslik maqsadida telefonimni titkilab o‘tirdim. Oradan nechadir soniya ham o‘tmasdan Kamoliddin akam baqirib yubordi. Qarasam, ayblanuvchi Kamoliddin akamga pichoq urib, sug‘urib olayotgandi. Akasi esa Kamoliddin akamning qo‘lidan ushlab, ayblanuvchiga qulay imkoniyat yaratib bergandi”, — deydi marhumning bevasi Gulnoza Xolmurodova.

Gulnoza Xolmurodova ayblanuvchining akasi voqea joyida qanday paydo bo‘lib qolganiga aniqlik kiritar ekan, turmush o‘rtog‘i bilan aytilgan manzilga borganida ularni kutib turgan ayblanuvchi ikki marta telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bermaganini, uchinchi qo‘ng‘iroqda esa kim bilandir gaplashayotganini, ya’ni ikkinchi aloqaga javob berayotgani ma’lum bo‘lganini aytib, “bu paytda u akasiga telefon qilib, uni chaqirgan bo‘lgan. Aka-ukalar turmush o‘rtog‘imni o‘ldirishni avvaldan reja qilgan”, — dedi.

Foto: “Daryo”

Sud zaliga guvoh sifatida chaqirilgan ayblanuvchining akasi Ya.T. esa ukasi bilan Toshkent shahriga betob ukasini davolatish maqsadida kelganini, voqea sodir bo‘lgan kuni 2021-yilning 13-sentabrda ukasi bilan uyidan 10-15 daqiqa farq bilan chiqqanini aytdi.

Guvoh akaning aytishicha, u ukasini izlab ko‘chaga chiqqan. So‘ngra “dom” tagida ularni kutib turgan haydovchidan ukasi qayerga ketganini so‘rab, uning ortidan borgan. Voqea joyiga borganda esa baqir-chaqirlarga guvoh bo‘lgan.

Guvohni tinglagan sudya u ko‘rgan va eshitgan baqir-chaqir aynan nimadan iboratligiga aniqlik kiritishni so‘radi. Ammo tayinli javob ololmadi.

“Men o‘sha kuni voqea sodir bo‘lganidan so‘ng o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Qornidan pichoq sug‘urib olingan Kamoliddin akamning qochib ketayotganini ko‘rib, xayriyat tirik ekan, degan xayol o‘tdi. Shundan so‘ng jon holatda baqirib, atrofdagilardan yordam so‘radim. Kimdir yordam berarmikan deb, yig‘lab yordamga chaqirdim, ammo hech kim kelmadi, hatto PPX xodimlari ham qarab turishgandi. Ishonyapsizmi, hech kim yordam bermadi. Ayblanuvchining akasi voqea joyiga kelib, Kamoliddin akamning qo‘lidan ushlaganini, yordam bermoqchi ekani bilan izohlayapti. Ammo nega Kamoliddin akam pichoqlanib, bekatda qonga belanib yotganida yordamga kelmadi”, — deydi marhumning bevasi.

Gulnoza Xolmurodova marhum turmush o‘rtog‘ining pichoqlanishi haqida aytar ekan, voqea o‘sha yerdagi kuzatuv kamerasiga tushganini, bu haqda tergov jarayonida ham aytganini bildirib: “Hurmatli sudya, iltimos, o‘sha kuzatuv kameralarni ham ko‘zdan kechiring”, — dedi.

Eslatib o‘tamiz, “Daryo”da 2021-yilning 13-sentabr kuni soat 21:30 da Toshkent shahrining Uchtepa tumanida sambo bo‘yicha jahon chempioni — Kamoliddin Rasulov boshqa bir sportchi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani xabar berilgandi. Keyinchalik “Mening yurtim” telekanalining “Markaziy studiya” ko‘rsatuvi ijodkorlari marhum o‘limidan avval pichoqdan jarohatlangan ahvolda ikki kishi tomonidan quvlab ketilayotganini aytib, video ham taqdim etgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Saudiyalik tadbirkor O‘zbekistonda avtomashina ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga sarmoya kiritadi 
Mahalliy
1000 dollar oylik olayotgan oʻqituvchilar, 1 mln nafardan oshgan talabalar, yangi qurilgan 27 ta TTJ — oliy taʼlim vaziri oʻrinbosari Komiljon Karimov bilan ekskly...
Mahalliy
Toshkentda 3 ta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi