Redyard Kiplingning “Jungli kitobi” nomli hikoyalar to‘plami va changalzorda bo‘rilar tarbiyalagan Maugli ismli bolakay haqidagi multfilm ko‘pchilikka yaxshi tanish. Biroq uning haqiqiy prototipi — hindistonlik Dina Sanichar haqida ko‘pchilik bilmasa kerak. U haqiqatan bo‘rilar ichida ulg‘aygani uchun “Hindistonlik bo‘ri bola” sifatida tanilgan. 

Foto: Imaginarium Productions

“Changalzor bolalari” badiiy asarlarda qobiliyatli insonlar sifatida tasvirlanadi. Odatda insoniy xislatlar ularda tug‘ma ravishda shakllangan, omon qolish instinkti esa kuchliroq rivojlangan bo‘ladi.

Masalan, Romul hamda Remus haqidagi afsonada daryo bo‘yiga tashlab ketilgan va bo‘ri tarbiyalagan egizaklar haqida hikoya qilinadi. Afsonaga ko‘ra, egizaklar ulg‘ayib, Rim shahriga — sivilizatsiya markaziga asos soladi.

Yozuvchi Edgar Berrouz qalamiga mansub Tarzan haqidagi kitobning bosh qahramoni maymunlar orasida o‘sganiga qaramay, sevishga, oila qurishga va baxtli hayot kechirishga qodir bo‘lgan, yetuk madaniyatli inson sifatida tasvirlanadi.

“Jungli kitobi” qahramoni Maugliga ham insoniy tuyg‘ular va o‘tkir aql begona emasdi. Go‘dakligida uni bo‘rilar to‘dasi asrab olgan bo‘lsa-da, or-nomus, vijdon, odamiylik nimaligini bilardi. U hatto dushmanlari bilan ham o‘zini hayvonday tutmasdi. Changalzorda o‘sgan hind bolasi haqidagi ilk hikoyalar Kipling tomonidan 1893-yili yozilgan. Biroq undan avval yashab o‘tgan Dina Sanichar — haqiqiy “Maugli”ning hayoti Kipling hikoyalaridagi kabi farog‘atli kechmagan.

Dina Sanichar

Foto: Wahtsthatpicture / Wikimedia CommonsDin

1867-yil fevral oyida bir guruh ovchilar Hindistonning Uttar-Pradesh shtati Blundshahr tumanidagi zich changalzorda g‘orga kirib ketayotgan bo‘rilar to‘dasiga duch keladi. O‘sha vaqtlar mintaqadagi qishloqlarga bo‘rilar tez-tez hujum qilib turardi. Shu sababli ovchilar vaziyatdan foydalanib qolishga shoshilishadi. Ular g‘orga kirib ketgan bo‘rilarni boshqa kirish yo‘li tarafdan olov yoqib tashqariga chiqishga majburlashni, keyin ularni o‘qqa tutishni rejalashtirishadi.

Tuzgan rejalari osongina amalga oshadi, lekin ular hamma bo‘rini qirib-o‘ldirib, ketishga chog‘langan vaqtda g‘or ichidan g‘alati tovush eshitiladi — tovush bo‘rinikiga o‘xshamasdi. Noma’lum jonzot tashqariga yugurib chiqqan vaqtda uning bo‘ri emasligi ayon bo‘ladi. U bo‘ri kabi irillab, to‘rt oyoqlab yuruvchi 5-6 yoshlar atrofidagi odam bolasi edi.

Avvaliga bola o‘zini yirtqich hayvondek tutib, yoniga hech kimni yo‘latmaydi. Yaqinlashgan odamga tashlanib, tishlab oladi. Ammo bir necha soatdan so‘ng uning “quvvati tugab”, yuzini o‘lgan bo‘rilardan birining mo‘ynasiga, go‘yo unga motam tutayotganday, burkab oladi. Ovchilar vaziyatdan foydalanib uni qo‘lga kiritishadi. Bola faol qarshilik ko‘rsatganiga qaramay, ovchilarga kuchi yetmaydi: ular bolaning qo‘lini bog‘lab, Agra shahridagi “Sikandra Mission” mehribonlik uyiga olib ketishadi.

Mehribonlik uyida unga Sanichar deb ism qo‘yishadi. “Sanichar” mahalliy tilda “yakshanba” ma’nosini anglatadi, bola aynan shu kunda topilgandi. Unga alohida xona berib, mehribonlik uyidagi boshqa yetimlar kabi oddiy hayot kechirishini ta’minlamoqchi bo‘lishgandi. Lekin Sanichar insonga xos odatlarni o‘zlashtira olmaydi: to‘rt oyoqlab yurishda davom etadi, gapni tushunmaydi va bir og‘iz ham gapirmaydi. U bilan muloqot qilishga uringanlarning barchasiga irillash, uvullash kabi yirtqichga xos tovushlar bilan javob beradi.

Bola qachondir o‘rmonga tashlab ketilgani va bo‘rilar ichida tarbiya topgani ayon edi. Mehribonlik uyi xodimlari Sanicharni insoniy qiyofaga keltirish uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rganiga qarmay, u deyarli o‘zgarmaydi. Bola kiyinishdan qat’iyan bosh tortib, egnidagi kiyimlarni har safar yirtib tashlayveradi. Bundan tashqari, xom go‘sht va suyakdan boshqa hech nima yemaydi. Yuzida esa insoniy his-kechinmalarni anglatuvchi tabassum yo kulgi kabi ifodalar yo‘q edi.

Muassasa xodimlari qanchalik urinmasin, Sanichar gapirishni o‘rganmaydi. Hatto eng sodda so‘zlarni ham o‘zlashtira olmaydi. Vaqt o‘tishi bilan tajovuzkorligi kamayib, itoatkorligi oshib borgan bo‘lsa-da, Dina atrofidagi odamlarning hech qaysisi bilan yaqin munosabat o‘rnatishni istamaydi.

Biroq mehribonlik uyiga yana qayerdandir topib olingan yovvoyi bolakay olib kelinganida uning xatti-harakatida qiziq o‘zgarish sodir bo‘ladi. Ikki yovvoyi bolakay tezda til topishadi, vaqtini doim birga o‘tkazib, tunlari ham birga uxlaydi. Sanichar do‘stiga suv idishdan foydalanishni ham o‘rgatadi. Biroq ularning quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi. Ikkinchi bola juda nimjon va kasalmandligi uchun tez orada vafot etadi. Aytishlaricha, bu ayriliq Dinaning ruhiyatiga juda og‘ir ta’sir qilib, u ilk bor g‘azab va qo‘rquvdan tashqari insoniy dard hissini ham namoyon qilgan.

Foto: “kot-pes.com”

Xodimlar uni odam bo‘lishga o‘rgatishda davom etadi, lekin natija deyarli sezilmasdi. Sanichar faqat likopchadan ovqat yeyish, yoqmasa ham odamlarday kiyinib yurish kabi ayrim odatlarni o‘zlashtiradi xolos.

Odamlar orasida o‘tkazgan deyarli sal kam 20 yili davomida u o‘ziga taklif qilingan taomlardan faqat xom go‘shtni ma’qul ko‘radi, og‘zaki va yozma nutqi esa umuman rivojlanmaydi. Unda faqat ayrim sodda so‘z va jumlalarga nisbatan tushuncha paydo bo‘ladi. Boz ustiga, Dina chekishni o‘rganib olib, tamakiga qattiq ruju qo‘yadi.

Sanicharning shu vaqtgacha saqlanib qolgan suratlarida uning yovvoyi qiyofasi butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lgan: ko‘zlari olaygan, kiyimda va tik oyoqda o‘zini qanday tutishni bilmayotgani seziladi.

Odamlar orasida o‘zligini topa olmagan va umrining oxirigacha yovvoyiligicha qolgan Dina Sanichar 1895-yili sil kasalligidan vafot etgan.

Muallif:Rafiq O‘zturk