O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti laureati, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Umarali Normatov 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar qildi.

Foto: O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi

Umarali Normatov 1931-yilning 3-yanvar sanasida Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Rapqon qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tugatgan. 1952–2010-yillar davomida O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida ishlagan. U ish faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlab, 1976-yildan 2000-yilgacha O‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri lavozimida samarali ish olib bordi. 2011-yilgacha mazkur fakultetning professori sifatida talabalarga saboq berish bilan birga, ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qildi.

Uning shu kungacha 500 dan ortiq maqolasi, 50 ga yaqin adabiy-tanqidiy asari, darslik, o‘quv qo‘llanmalari chop etildi.

Munaqqidning “Nasrimiz ufqlari” (1974), “Yetuklik” (1982), “Qalb inqilobi” (1986), “Qodiriy bog‘i” (1996) kitoblari zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligining katta yutug‘i hisoblanadi. Uning “Umidbaxsh tamoyillar”, “Tafakkur yog‘dusi”, “Qahhorni anglash mashaqqati”, “Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat”, “Ustoz ibrati”, “Ijod sehri” kabi kitoblari, matbuotda e’lon qilingan yuzlab adabiy-tanqidiy maqolalarida istiqlol davridagi adabiy jarayonlar sinchkov olim nuqtayi nazari bilan yoritib berildi.

Umarali Normatov 1981-yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan, 1989-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati” bo‘lgan, 2011-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.