Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning 24 ta kompaniyasi va 52 nafar fuqarosiga qarshi sanksiya kiritdi. Bu boradagi tegishli qaror Zelenskiyning saytida e’lon qilingan.

Foto: EADaily

Ro‘yxatdagilarning asosiy qismi — Qrimda ishlaydigan rossiyalik sudya va amaldorlar. Shuningdek, ro‘yxatdan dizayner Artemiy Lebedev va Rossiyaning Shimoliy Kavkaz federal okrugidagi doimiy vakili, sobiq bosh prokuror Yuriy Chayka ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, Zelenskiy Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa mamlakatlarga o‘zlarining muqobil sanksiyalarini qo‘llash taklifini kiritish bo‘yicha topshiriq bergan.

Artemiy Lebedevning Ukrainaga kirishiga 2017-yilda taqiq qo‘yilgan. Bu uning Kiyev nazorati ostida bo‘lmagan Qrim va Donbass hududlariga tashrifi bilan izohlangan edi.

Avvalroq AQSh KXDR bilan aloqasi borlikda gumonlangan Rossiya fuqarosiga qarshi sanksiyalar kiritgani, AQSh va Yevropa Ittifoqi migratsiya inqirozi sabab Belarusga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etgani, Rossiya hukumati har qanday chet elliklarga qarshi sanksiyalar kiritishni taklif qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina bilan chegarada Rossiya qo‘shinlarining to‘plangani haqidagi ma’lumotlar oktabr oyida g‘arb OAVlarida paydo bo‘lishni boshlagan. Noyabr oyi o‘rtalarida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy chegarada 100 ming Rossiya qo‘shini borligini ma’lum qilgan. AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” 2022-yil boshida sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Moskva bu ma’lumotlarni rad etib, Ukrainadagi harbiy harakatlarga tayyorgarlik haqidagi xabarlarni “quruq, asossiz keskinlik” deb atamoqda. Qolaversa, Rossiya g‘arb davlatlaridan NATOning sharqqa tomon kengaymasligi, Ukraina esa bu tashkilotga qabul qilinmasligi haqida kafolat talab qilgan.