Ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqaldi. AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva ham ushbu serialni tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirdi.

Shundan so‘ng telekanal rahbari Amira Rashidova serial atrofida bo‘layotgan gap-so‘zlarga Instagram sahifasida munosabat bildirdi.

“Serialning bir epizodi tarqalgan. Unda giyohvand yigit qizga hamla qilmoqchi bo‘lgan harakati aks etgan. Ssenariyda ko‘rsatilgan zo‘ravonlik sahnasini rejissor odam tanasini, qon va urushni ko‘rsatmay suratga olgan. Ochiq zo‘ravonlik, behayo yoki axloqsiz sahnalar ko‘rsatilmagan. Qolaversa, giyohvand zo‘ravon, o‘z amaliga yarasha jazosini serialning shu qismida olgani ko‘rsatilgan. Yovuzlikni ko‘rsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz, Xudoga shukr. “Sabriya” serialidagi voqealar Ham real insonlar hayotidan olingan.

Ayollarning erkinligi va ularga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash masalasini har qadamda yozaman, gapiraman. Men ayollarga nisbatan har qanaqa zo‘ravonlikka qarshiman, telekanal kontentida shu illat asoratlari haqidagi “Zirapcha”, “Sen va men”, “Bir kaft tuproq”, “Qafasda…” kabi ayollar mavzusiga qaratilgan katta loyihalarga qo‘l urganmiz. Bu loyihalarda ham jamiyatdagi kamchiliklarni ko‘rsatib, qahramonlar hayotini izga solishga hissa qo‘shganmiz.

“Sevimli” telekanali “Sabriya” serial namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergan, qolaversa, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli. Ushbu serial rejissor Nasiba Tursunovaning ilk ishi. Ko‘plab kinoijodkorlar qatori, “Sevimli” uni ham qo‘llab-quvvatladi, ishonch bildirdi. Kelajakda ham u bilan hamkorlik qilish niyatidamiz, ijodkorni sindirishlariga qarshiman…

Bir narsani ta’kidlamoqchiman, bir yil oldin telekanallar asosiy kontentini turk seriallari egallagan edi, bugunga kelib har bir telekanalda 2-3 tadan milliy seriallar namoyish etilmoqda, lekin shu bilan birga uzatilayotgan seriallardan ommaning ko‘ngli to‘lmayapti, bunga ko‘p sabab bor, ijodiy va texnik muammolar yetarli… Biz o‘tish davridamiz. Milliy seriallarimiz yaxshiroq bo‘lishiga ishonaman, har holda urinishlar yo‘q emas, garchi bu oson bo‘lmasa-da, shunchaki hammasiga vaqt kerak.

Nima bo‘lganda ham har biringizdan minnatdorman, befarq bo‘lmaganingiz uchun, yaxshi yoki yomon muhim emas, balki shunchaki fikr bildirib turganingiz uchun ham rahmat!”, – deb yozgan telekanal rahbari.

Eslatib o‘tamiz, “Sevimli” telekanali 2018-yilda efirga uzatilgan “Hurliqo” (“I feel pretty”) badiiy filmining 45-daqiqasida pornografik mazmundagi sahna sabab qat’iy ogohlantirilgan edi.