Shimoliy Koreya AQSh Pxenyanga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etgach, “yanada kuchli va aniq javob” qaytarishga majbur bo‘lishi haqida ogohlantirdi, deb xabar beradi “Interfaks”.

Foto: Flickr

“Agarda AQSh shu kabi kontrfrontal pozitsiyani egallashni davom etsa, KXDR bunga yanada kuchli va aniq javob qaytarishga majbur bo‘ladi”, — deyiladi Shimoliy Koreya TIV vakilining bayonotida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gipertovushli raketalarning yaqinda uchirilishi “o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanish” bo‘lgan.

“KXDRning yaqinda namoyish etgan yangi tipdagi quroli o‘zining milliy mudofaa qobiliyatini modernizatsiya qilishning bir qismi edi, xolos. Raketalarning uchirilishi biror-bir aniq davlat yoki kuchlarga qaratilmagan va qo‘shni mamlakatlar xavfsizligiga hech qanday zarar yetkazmagan”, — deyiladi bayonotda.

TIV vakili AQShning harakatini “navbatdagi provokatsiya” deb atab, Vashingtonni “vaziyatni qasddan keskinlashtirish”da ayblagan.

“Bu AQShning amaldagi administratsiyasi diplomatiya va dialog haqida bong urayotganiga qaramay, u hamon KXDRni izolyatsiya qilish va bostirish siyosatini olib bormoqda”, — deya ta’kidlanadi bayonotda.

Shu bilan birga, AQSh Shimoliy Koreyani provokatsiyalardan tiyilishga va buning o‘rniga dialogga kirishishga chaqirgan.

“Biz KXDR tomonidan ballistik raketalar uchirilishini qoralaymiz. Ushbu raketalarning uchirilishi BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘plab rezolyutsiyalarini buzish hisoblanadi va qo‘shni mamlakatlar hamda dunyo hamjamiyatiga xavf tug‘diradi”, — deydi AQSh Davlat departamenti vakili.

12-yanvar kuni AQSh Moliya vazirligi Shimoliy Koreyaga aloqasi borligi uchun Rossiya fuqarosi va “Parsek” kompaniyasiga qarshi sanksiyalarni kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya 11-yanvarga o‘tar kechasi Yapon dengizi tomon yana bir noma’lum snaryadni uchirgandi. Ta’kidlanishicha, Shimoliy Koreya yana bir raketani AQSh, Albaniya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Fransiya va Yaponiya BMTga KXDR 5-yanvar kuni ballistik raketani sinovdan o‘tkazganini qoralab, murojaat qilganidan so‘ng uchirgan.