Bugun zarur yumushi sabab davlat tashkilotiga murojaat qilmagan, ishonch raqamiga bog‘lanmagan fuqaro kam emasdir. Ushbu raqamlar muammoyingizni eshitib, chora topishga ko‘maklashishi yaxshi, albatta, ammo hadeganda kerakli joyga ulana olmaslik, oxiri ko‘rinmas navbatlarda qolish yomon. “Daryo” esa ishonch telefonlarining chinakam ishonchliligini aniqlash uchun tekshiruv olib bordi.
10, 13, 17-dekabr kunlari jami 46 davlat organi ishonch telefoniga bog‘lanishga urindik. Manzillarimizning ayrimlari birinchi chaqiruvdayoq javob bergan bo‘lsa, ba’zi ishonch raqamlari tamoman nosoz bo‘lib, hatto chaqiruv ham ketmadi. Bir qancha organlarning “eshigini qoqib” uzun navbatlar orasiga tushib qoldik. 10, 20, hatto 40 daqiqacha kutib, endi javobga yetdik deganda, avtomatik o‘chish bilan yakunlangan qo‘ng‘iroqlar ham bo‘ldi.
Ishonch raqamini har bir idora-tashkilotning internetdagi rasmiy veb-saytidan topish mumkin. Davlat organlarining soni-yu, nomi esa turli. Ayniqsa, oxirgi yillari vazifasi tugatilgan yoki yangilangan, biri ikkinchisiga qo‘shib-ajratilgan tashkilotlar ko‘p. Barchasini bir yerdan topish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali — “gov.uz”dan foydalandik. Portalda “Davlat organlari veb-saytlari”, “Davlat organlari ishonch telefonlari” ruknlarining borligi ayni muddao bo‘ldi.
Hukumat portalidagi ro‘yxat bo‘yicha dastlabki ish 10-dekabr kuni vazirliklardan boshlandi. Jami 23 vazirlikka qo‘ng‘iroq qilinib, jurnalistik tekshiruv olib borilayotgani aytildi.
Vazirliklar
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi. Ishonch telefoni — 71 207 71 73. Soat 11:11 da dasturlashtirilgan javob bu raqamning vazirlikka tegishli ekanini tasdiqladi. Roppa-rosa ikki daqiqalik kutishdan so‘ng javob berildi.Moliya vazirligi. Ishonch telefoni — 71 203 00 50. Soat 11:15. 46 soniyada bog‘landik.
Transport vazirligi. Ishonch telefoni — 71 202 22 55. Soat 11:18. Birinchi chaqiriq — qo‘ng‘iroqning 28-soniyasida avtomatik o‘chish qayd etildi. Keyingi chaqiriqning 2 daqiqa-yu 49-soniyasida yana shu holat takrorlandi. 13-dekabr kuni ushbu vazirlikka qayta bog‘lanishga urindik. 9 daqiqa-yu 59 soniya kutishda ham javob bo‘lmagach, qo‘ng‘iroqni o‘zimiz yakunlab qo‘ya qoldik.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi saytiga kira olmadik. “gov.uz”dagi ishonch telefonlari ro‘yxati orasida ushbu vazirlikka tegishli 71 239 41 21 raqami bor ekan. Soat 11:26. Javobda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tushganimiz aytildi va 1 daqiqa 52 soniyada avtomatik o‘chish qayd etildi. Ikkinchi martadagi urinish ham besamar ketdi. 1 daqiqa 40 soniyada qo‘ng‘iroq yana avtomatik yakunlandi. 17-dekabrda ushbu vazirlikka takroran bog‘lanishga harakat qildik. Soat 16:36. Rasmiy sayti ishlayapti, ishonch raqami esa 71 200 06 00 ga o‘zgargan. Bitta chaqiruvning o‘zidayoq javob bo‘ldi. Operatordan ishonch raqamining o‘zgargani, avval nega ishlamagani sababini so‘raganimizda, saytda yangilanish bo‘lgani aytildi.
Oliy ta’lim vazirligi. Ishonch telefoni — 1006. Soat 11:36. 1 daqiqa-yu 2 soniyada qo‘ng‘iroqqa javob berildi.
Xalq ta’limi vazirligi. Ishonch raqami — 71 202 09 09. Soat 11:40. 5 daqiqa-yu 37 soniyalik kutishdan so‘ng aloqani uzdik. Kutishdan biror asos ko‘rinmadi. Qo‘ng‘iroq boshida murojaatlar dushanbadan jumagacha 9:00 va 18:00 oralig‘ida qabul qilinishi, g‘oya yoki takliflarni esa vazirlik portaliga yo‘llash kerakligi aytilgach, davomli musiqaga o‘tib ketildi. Boshqa vazirliklarning ishonch raqamidan farqli ravishda navbatdaligimiz ham aytilmadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi. Ishonch telefoni 71 239 47 95. 10-dekabr soat 11:47 va 11:49 oralig‘ida takroran qilingan qo‘ng‘iroqlarga abonent band ekani haqidagi javob yangradi. 17-dekabr soat 16:42 da ushbu raqamga yana bog‘lanishga harakat qildik — abonent band edi.
Ichki ishlar vazirligi. Ishonch telefoni – 1102. Soat 11:50. Dasturlashtirilgan javobda operator javobini kutish aytildi. Navbat raqam 19-o‘rinda edi. 18 daqiqa-yu 9 soniya kutgach — navbatimiz 8-o‘ringa tushdi, lekin qo‘ng‘iroqni vaqtincha yakunlashga qaror qildik (ushbu kutish oralig‘ida bir navbat raqamiga takroran tushish holatlari ko‘p bo‘ldi. Ikki marta 16, 13, 11; to‘rt marta 14, 9; yetti marta 8-navbatdaligimiz eslatildi).
13-dekabr. Navbatdagi tekshiruvni chala qolib ketgan IIVdan boshlandi. Soat 10:49. Bu gal 20-navbat raqami berildi. Soat 11:29 da – kutishning 39 daqiqa-yu 37-soniyasida 1-navbatga yetib keldik. Xayriyat, endi javob bo‘ladi, deganda 40 daqiqa-yu 13-soniyadan qo‘ng‘iroq avtomatik yakunlandi. O‘zbekistondagi eng muhim organlardan bo‘lgan IIVning ishonch raqamiga 40 daqiqa kutib, bog‘lana olmaslik g‘alati holat edi.
17-dekabr soat 17:41 da Bosh prokuratura ishonch telefonlari — 71 232 10 07 va 1007 ga ham telefon qildik. Birida 21-, ikkinchisida 23-kutish navbati berildi. Soat 18:00 — murojaatlarni qabul qilish vaqti nihoyalanishiga juda kam vaqt qolgan. Birinchi navbatga yetib borguncha 18:00 bo‘ladi degan taxminda qo‘ng‘iroqni boshidayoq tugatdik.
Savol tug‘iladi: fuqaro murojaati bo‘yicha tegishli idoraga bog‘lanishi uchun necha daqiqa kutishi kerak? 20, 30, 40 yoki undan ortiq daqiqalik kutishlarga ularning munosabati qanday? “Daryo” Telegram sahifasida shu savollar jamlangan so‘rovnoma o‘tkazildi.
“Biror davlat tashkilotiga qo‘ng‘iroq qilganingizda javob berishlarini necha daqiqa kuta olasiz?” degan savolga jami 28635 kishi javob berdi.
15891 nafar yoki 56 foiz foydalanuvchi 5 daqiqagacha, 5806 nafari yoki 20 foiz besh-o‘n daqiqa, 2129 nafari yoki 7 foizi 10–20 daqiqa, 1115 nafari yoki 4 foizi 20–30 daqiqa, 821 nafari yoki uch foizi 30–40 daqiqa, 2873 nafari yoki 10 foizi 40 daqiqadan uzoq ham kuta olishini bildirgan.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ishonch raqami — 71 238 50 05. 10-dekabr soat 11:52. Dasturlashtirilgan javobda navbat raqamimiz 1-o‘rindaligi aytildi. Naq 10 daqiqa-yu 56 soniyalik kutish davomida jami to‘qqiz marta kutish navbatimiz birinchi raqamdaligi eslatildi. Ammo operator javobidan darak bo‘lmadi. Qo‘ng‘iroqni o‘zimiz yakunladik.Madaniyat vazirligi. Ishonch raqami — 55 502 33 75. Soat 12:12. Ikki marta chaqiruv ketgach, ingliz tilidagi dasturlashtirilgan javobda ovozli xabar qoldirishimiz aytildi. Ovozli xabar yozishga ham imkon bo‘lmay, dasturlashtirilgan javob davom etdi: “Xabar ko‘payib ketdi, uzr” deyildi-da, qo‘ng‘iroq avtomatik ravishda yakunlandi. 13-dekabrdan keyin ham bir necha marta Madaniyat vazirligiga bog‘lanishga uringan bo‘lsak-da, barida shu hol takrorlanaverdi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi. Ishonch raqami — 71 234 11 03. Soat 12:20. Abonent band. Ikki marta ham ulanib bo‘lmadi. 17-dekabrdagi qayta qo‘ng‘iroqda ulana oldik.
Maktabgacha ta’lim vazirligi. Ishonch raqami — 71 207 04 07. Soat 12:21. 5 daqiqa-yu 20-soniyada javob berildi. Kimligimiz va maqsadimizni ochiqlagach, ikkinchi tarafdan negadir javob kelmadi. 7 daqiqa-yu 22-soniyada aloqani o‘zimiz uzdik. Soat 12:29. Qayta bog‘landik. Besh daqiqa-yu 13 soniyalik kutishdan so‘ng javobdan umid uzib, qo‘ng‘iroqni yakunladik. Tushdan keyin qayta qilganimizda javob berishdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi. Ishonch raqami — 1243. Soat 12:40. Dasturlashtirilgan javobda kutish raqamimiz 1-ekani aytildi. Ikki daqiqada operator bilan bog‘landik.
Suv xo‘jaligi vazirligi. Ishonch raqami — 71 202 47 00. Soat 12:45. Oltita chaqiriqdan so‘ng narigi tarafdan javob bo‘ldi.
Energetika vazirligi. Ishonch raqami — 71 236 38 22. Soat 15:20. Ikki daqiqalik chaqiruvdan so‘ng abonent javob bera olmasligi haqida avtomatik xabar keldi. Yana bog‘lanishga harakat qildik. Ammo yuqoridagidek ikki daqiqada avtomatik o‘chish qayd etildi.
Turizm va sport vazirligi. Ishonch raqami — 71 200 00 88. Soat 16:09–16:10 oralig‘ida uch marotaba telefon qildik. Barida bitta chaqiruvdan so‘ng avtomatik o‘chish qayd etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi. Ishonch raqami — 71 233 01 41. 17-dekabr soat 16:49. 22 martalik chaqiruvdan so‘ng avtomatik o‘chish qayd etildi.
Mudofaa vazirligi. Rasmiy saytidagi bog‘lanish qismida faks va elektron pochtalar manzili berilgan, ammo telefon raqami yo‘q. Vazirlik markaziy arxivi raqami — 71 216 10 41 ga bog‘lanib, ishonch raqamini so‘radik, bilmasliklarini aytishdi. “gov.uz”dagi “Davlat organlari ishonch telefonlari” qismida esa 71 269 81 77 raqami Mudofaa vazirligiga tegishliligi ko‘rsatilgan.
17-dekabr soat 16:43. Ko‘p kuttirishmadi, ammo raqam vazirlik qabulxonasiniki ekani aytildi. Ulardan esa ishonch telefoni — 71 269 88 34 ni oldik. Shu kuni soat 16:44 dan 16:46 gacha besh marta ushbu raqamga qo‘ng‘iroq qilishga urindik. Biroq chaqiruv signali ketishga ulgurmay, avtomatik o‘chib qolaverdi. Saytda ishonch telefoni yo‘q, “gov.uz”da berilgan raqam esa vazirlik qabulxonasiniki. Qabulxona ishonch telefoni deb aytgan raqam umuman chaqirmadi.
Aytib o‘tish kerakki, vazirliklar orasida deyarli kutmasdan bog‘lana olganlarimiz ham bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi — 1101 raqami ikkita chaqiruvda, Adliya vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi — 71 262 92 45 uchinchi chaqiruvda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — 1199, Qurilish vazirligi — 1298 esa birinchi chaqiruvning o‘zidayoq javob berdi.
Qo‘mita, agentlik, markaz va harakatlar
Vazirliklarni nihoyalab, 13–17-dekabr kunlari umumiy hisobda 23 ta qo‘mita, agentlik, markaz va harakatlarga bog‘lanishga harakat qildik.Davlat veterinariya qo‘mitasi. Ishonch telefoni — 71 202 12 00. 13-dekabr soat 16:15. Dasturlashtirilgan javobda shu qo‘mitaga tushganimiz tasdiqlandi va bog‘lanish uchun ichki raqamni terish aytildi. Saytda esa ichki raqam berilmagan. Vaqt behuda ketmasin, deb qo‘ng‘iroqni yakunladik.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi saytida uchta raqam bor ekan. Yagona raqam, Call-markaz va Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha ishonch telefoni. Soat 16:41. Ishonch telefoni — 71 207 49 00 ni terdik. Ammo operator saytda yagona raqam deb berilgan 71 207 47 00 ning ishonch telefoni ekanini bildirdi. Soat 16:42 dagi dastlabki urinishda avtomatik o‘chish qayd etilgan bo‘lsa, 16:44 dagi qayta qo‘ng‘iroqda tusha oldik.
Gidrometeorologiya xizmati markazi saytida bog‘lanish uchun uchta raqam berilgan. Ammo ishonch telefoni ko‘rsatilmagan. 16:52 va 16:54 oralig‘ida uchoviga ham qo‘ng‘iroq qildik. 71 234 23 41 raqamida bir necha chaqiruvlardan so‘ng avtomatik o‘chish qayd etilgan bo‘lsa, 71 237 35 11 da vaqtincha bog‘lanish mumkin emasligi, 71 150 86 27 da esa noto‘g‘ri raqam terilgani aytildi.
Soliq qo‘mitasi. Ishonch telefoni — 71 244 98 98. Soat 16:59. 19 martalik chaqiruvdan so‘ng abonent javob berolmasligi aytildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi. Ishonch telefoni — 71 259 21 37. 13-dekabr soat 16:26–16:27 oralig‘ida uch marotaba uringanda ham tusholmadik. 17-dekabr soat 17:03 da qo‘ng‘irog‘imizga javob berishdi.
Davlat test markazi. Ishonch telefoni — 95 199 19 14. Soat 17:12. Bir necha chaqiruvdan so‘ng avtomatik o‘chish qayd etildi. 13-dekabr 16:57 va 16:59 oralig‘ida uch bora qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qolaverdi. Aksar yozgi kirish imtihonlari payti mashhur bo‘ladigan Call-markaz raqami — 1195 dan ishonch raqamiga tusholmayotganimiz sababini so‘ramoqchi bo‘ldik. Qo‘ng‘irog‘imizga javob bergan operator biroz kutsak, bunga aniqlik kiritishini aytdi. “Hozir tekshirib ko‘rdik. Biz ham negadir ulana olmadik. Bu masalada ariza olib qolamiz va ko‘rib chiqamiz. Sababi bu raqam boshqarmaning o‘ziga biriktirilgan”, – deyildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi. Na “gov.uz”dagi havola, na Google qidiruv tarmog‘i orqali qidirganda ham akademiya saytiga kirib bo‘lmadi. Hukumat portalidagi ishonch telefonlari qismida 71 233 56 23 raqamining akademiyaga tegishliligi ko‘rsatilgan. Soat 17:31. Birinchi marta bog‘landig-u, tezda o‘chirib qo‘yildi. Qaytadan raqamlarni terdik, “band” dedi. Yana bir marotaba uringanimizda tusha oldik. Operatordan sayt nega ishlamayotganini so‘raganimizda shu paytgacha ishlayotgani, texnik xodimlar bilan bog‘lanib, bu muammoni ularga yetkazishini ta’kidladi. (Hozirgi vaqtda sayt ishlab turibdi).
Oliy attestatsiya komissiyasi. Ishonch telefoni — 95 193 11 43. Soat 17:36. Bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildik. Raqam “xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida” edi.
O‘zbekiston ekologik harakati. Ishonch telefoni — 71 230 42 20 ni terganimizda raqam noto‘g‘ri ekani aytilib, avtomatik o‘chdi. (Harakatning veb-sayti mavjud emas. Hukumat portalidagi “Ishonch telefonlari” qismida ishonch raqami berilgan).
O‘zbekiston ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi — 1157 ga ham qo‘ng‘iroq qilganimizda, chaqiruv signalidan so‘ng yuqoridagidek holat takrorlanib, aloqa yakunlandi.
Qo‘mita va agentliklar orasida ham qo‘ng‘irog‘imizga tezda javob berganlari uchradi. O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi — 71 207 88 78, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi — 71 202 02 10, “O‘zstandart” agentligi — 78 150 23 00, Eksportni rag‘batlantirish agentligi — 71 207 04 06, Intellektual mulk agentligi — 71 232 50 54 raqamlariga birgina chaqiruvda, Statistika qo‘mitasi — 1151, “O‘zarxiv” agentligi — 55 503 01 50, Vazirlar mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot tahlil markazi — 71 239 10 63 ga ikkita chaqiruv, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi — 71 256 08 62 ga uchta chaqiruv, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita — 71 200 58 88 ga to‘rtta chaqiruv, Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi — 71 238 75 05 ga 14 soniya, Davlat bojxona qo‘mitasi — 1108 ga bir daqiqada tusha oldik.
Hammasi bir manzil – “gov.uz”da jam deb ishga kirishganda, hukumat portalining o‘zida ham chalkashliklar borligi aniqlandi. Davlat organlari veb-sayt va ishonch telefonlarida real holatga nisbatan ayrim nomutanosibliklar mavjud.
Veb-saytlar ruknidagi ro‘yxatda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Kapital bozorni rivojlantirish agentliklari hamon bor. Biroq 2021-yil 6-aprelda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tugatilib, ularning o‘rnida Turizm va sport vazirligi tashkil qilingan. Kapital bozorni rivojlantirish agentligi esa 2021-yil 1-mayda tugatilgan.
Qolaversa, 2020-yil 18-fevralda tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi sayti “gov.uz”dagi davlat organlari veb-saytlari ro‘yxatida mavjud emas. Ammo ishonch telefonlari qismida 1146 raqami ushbu vazirlikka tegishli ekani ko‘rsatilgan.
17-dekabr soat 16:50 da bu raqamga qo‘ng‘iroq qilganimizda dasturlashtirilgan javobda uning Toshkent shahar reabilitatsiya va moslashtirish markaziga tegishliligi aytildi. Javob berilsa, izoh olarmiz deb kutsak, 46 soniyada rus tilidagi avtomatik ovoz bu raqam javob bermasligini aytdi.
Shuningdek, “O‘zbekkino” milliy agentligi 2021-yil 8-aprelda prezident farmoniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi etib qayta nomlangan. Ammo agentlik sayti hamon eski nomi bilan faoliyat olib bormoqda. Hukumat portalida ham uning yuridik nomi “O‘zbekkino” milliy agentligi holida turibdi. Saytda taqdim etilgan ishonch raqamiga telefon qilib, bunga izoh so‘ramoqchi bo‘lganimizda abonent band edi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot tahlil markaziga “gov.uz”da berilgan havola orqali kirishning imkoni bo‘lmadi. Ammo Google qidiruvdan ulana oldik.
Ishonch telefoni nomi bilan ishonchli va ishlashi kafolatlangan bo‘lishi kerak. Tekshiruv olib borgan davlat tuzilmalarining saytiga e’tibor qaratilsa, ko‘plab telefon raqamlari borligiga guvoh bo‘lish mumkin. Biz esa ularning orasidan birgina ishonch raqamlarining ishlash-ishlamasligini tekshirdik. Ehtimol, qaysidir organ “ana boshqa raqamimiz ishlab turibdi, shunga ham qilish mumkin edi” degan e’tirozni bildirar.
Tushib bo‘lmaydigan, vazifasi ham turli raqamlarni berish — tanlov imkoniyatini sun’iy kengaytirishdek gap. Ishlamaydimi, rasmiy sahifadan olib tashlash kerak. Deylik, beshta — biri ishlab, boshqalariga tushib bo‘lmaydigan telefonlar berilganda ham, murojaat qiluvchi o‘sha ishlaydigan yagona raqamga tushguncha ikki, ehtimol, uch yoki to‘rt nuqtaga qo‘ng‘iroq qilib kutishi, orada vaqtini ketkazishi qoladi.
Boshqa bir muammo — uzundan uzoq navbat kutishlarni ham hal qilish kerak, nazarimizda. Bitta manzilga tushish uchun bir necha o‘nlab odam navbatda turibdimi, bu talab ko‘pligidan darak. Ehtimol, operatorlar sonini bitta emas, bir nechta qilish bunga yechim bo‘la olar. Hukumat portali — “gov.uz” saytidagi vazirlik, mas’ul tashkilot va idoralar raqamlari muntazam yangilanib, eng ishonchlilari taqdim etilsa, barcha uchun ayni muddao.
Izoh (0)