Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

O‘zbekistonda hozirgi kunda “ayollar daftari” bilan ishlash tizimining 3-bosqichi boshlandi. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda respublikadagi barcha mahallalarda yashovchi 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarni xonadonma-xonadon yurish orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan. 2022-yil 31-yanvariga qadar davom etishi belgilangan mazkur jarayonlar har bir mahallada tashkil etilgan 8 kishidan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan olib boriladi.

Ushbu ishchi guruhga fuqarolar yig‘ini raisi, uning huquq-tartibot va oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha ikki nafar o‘rinbosari, hududiy davlat va jamoat tashkilotlari vakillari jalb etilgan.

Ta’kidlanishicha, “ayollar daftari”ning 3-bosqichida ayollarning muammolari qaytadan o‘rganiladi. Bunda hech bir ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz chetda qolib ketmasligiga alohida e’tibor beriladi.

“Ayollar daftari”ning 3-bosqichida quyidagi xotin-qizlar “ayollar daftari”ga kiritilmaydi:

  • “temir daftar”ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar va farzandi “yoshlar daftari”ga kiritilgan ayollar;
  • “ayollar daftari”ning 1- va 2-bosqichlarida 1-toifa bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar.
2022-yilda “ayollar daftari” bilan ishlash tizimi bo‘yicha mavjud qonunchilik hujjatlarida quyidagi muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Jumladan:

  • huquqiy, tibbiy va psixologik yordamlar “ayollar daftari”ning qaysi toifasiga kiritilishidan qat’i nazar, barcha xotin-qizlarga ko‘rsatiladi;
  • “ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning ehtiyojmandlik darajasi, ya’ni ro‘yxatga olinishi toifalari soni o‘zaro muvofiqlashtirilishi natijasida oldingi 9 tadan 6 taga kamaytirildi.
“‘Ayollar daftari’ni yuritish ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarni har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, ularga davlat tomonidan manzilli tarzda ko‘maklashish bo‘yicha aniq va maqsadli tizim yaratilishiga asos bo‘ladi.

Shu maqsadda otin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha O‘zbekistonni xalqaro indekslarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishishiga olib chiqish maqsadida “ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida bo‘yicha huquqiy-normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda”, — deydi Saodat Boymirzayeva.

Loyihaga muvofiq, 2022-yilda “ayollar daftari”ga xotin-qizlar quyidagi 6 ta toifa bo‘yicha ro‘yxatga olinishi rejalashtirilmoqda:

  • 1-toifa: Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar. Bunda bandligi ta’minlanmagan, ammo ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi;
  • 2-toifa: Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi;
  • 3-toifa: Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda boquvchisi vafot etgan yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan yoxud ruhiy kasallikka chalingan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, boquvchisi bedarak yo‘qolgan hamda nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar hamda FHDYo organlarining ma’lumotnomasiga ko‘ra yolg‘iz ayollar kiritiladi;
  • 4-toifa: Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar. Bunda mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi;
  • 5-toifa: Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy turar joyi yo‘q yoki turar joyida yashash uchun sharoiti bo‘lmagan, shuningdek, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila bo‘lib yashayotgan, biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi;
  • 6-toifa: Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar. Bunda nogironligi bo‘lgan farzandini parvarishlayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.
Qayd etilishicha, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar ham “ayollar daftari”ga kiritilishi mumkin. “Ayollar daftari”ning 3-bosqichi ro‘yxatiga kiritiladigan ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish ishlari 10-fevralda yakunlanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda kambag‘al aholiga yordamni faqat ijtimoiy himoya yagona reyestri orqali taqdim etish rejalashtirilayotgani, Qashqadaryoda “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “temir daftar”dagi fuqarolarga bir yilda 83 mlrd so‘mlik yordam berilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Irlandiyadagi qamoqxonada “buyuk qochish”, sakkiz soatli ish rejimini qo‘llagan Genri Ford va qon quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot. Kun xronologiya...
Mahalliy
“Daryo” reportaji: Namangandan topilgan zardushtiylar ibodatxonasining dunyoda tengi yo‘qligi aytilmoqda. Bu yerdagi 70 ta otashkadada tun-kun olov yonib turgan (v...
Madaniyat
O‘zbekistonda o‘tkazilgan Mokkoji Korea festivali va K-pop konserti — suratlarda