Hozirda dunyo miqyosida kuzatilayotgan yarimo‘tkazgich (chip)lar tanqisligi tufayli avtomobillar va gadjetlarni iste’molchiga o‘z vaqtida yetkazib berishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.  Xususan, UzAuto Motors ham bu muammodan xoli emas. Kompaniya o‘z mijozlariga yetkazib berishni emas, balki ba’zi turdagi avtomobillarga shartnoma berishni xam to‘xtatdi. Bunga chiplar yetishmovchiligi sabab qilib ko‘rsatildi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti Mashinasozlik texnologiyasi va aviakosmik injiniring kafedrasi mudiri, dotsent, Tohirjon Po‘latov chiplar yetishmovchiligi yuzasidan “Daryo”ga qisqacha izoh berdi.

Tohirjon Po‘latov

Foto: “Daryo”

Mutaxassisning ma’lum qilishicha, zamonaviy avtomobillarda qirqtadan yuztagacha yarimo‘tkazgichlar bloki, ya’ni boshqaruv bloklari o‘rnatiladi.

Avtomobilning dvigatelini boshqaradigan kompyuter bor. Bu ham bitta blok. Umumiy olganda, Electronic Control Unit (ECU) – boshqaruv bloki deyiladi. Masalan, avtomobil oynalarini ko‘tarib tushirish uchun ham bitta boshqaruv bloki o‘rnatiladi. Mikroiqlim tizimi, aktiv va passiv xavfsizlik qurilmalarini ishlatish va nazorat qilish uchun ham har biriga bittadan tegishli funksiyaga ega bo‘lgan, oldindan dasturlangan boshqaruv bloklari o‘rnatiladi. Boshqaruv bloki yarimo‘tkazgichlardan yig‘ilgan bo‘lib, uning tarkibida biz bilgan elektron sxemalar, protsessorlar, mikroprotsessorlar bo‘ladi. Shuning uchun hozirgi kunda yarimo‘tkazgichlar ta’minotidagi uzilishlar boshqaruv bloklarini ishlab chiqarishdagi muammolarga, bu esa o‘z navbatida tayyor avtomobil ishlab chiqarishda yetishmovchiliklarga olib kelmoqda. Misol uchun, hozirda Cobalt avtomobilining o‘rindig‘i isitgichsiz ishlab chiqarilmoqda. O‘rindiqni isituvchi qurilma bor, lekin uni o‘chirib-yoqadigan, haroratni nazorat qiladigan blok, ya’ni modul yo‘q. Shu bois Cobalt mana shu modulsiz sotilmoqda, – dedi Tohirjon Po‘latov.

Olimning fikricha, yarimo‘tkazgichlar tanqisligining global tus olishiga Xitoy va AQSH o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.

AQSH tomonidan qo‘yilgan savdo sanksiyalariga nisbatan Xitoy hukumati o‘z navbatida javob qaytarmoqda. Bu yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berish vaziyatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Sanksiya qo‘yilgandan keyin, bir tomon ikkinchi tomonga pulni tez va o‘z vaqtida o‘tkazib bermaydi. Bu zanjir. Zanjirning bitta bo‘g‘ini ishdan chiqadigan bo‘lsa, qolgan qismlariga ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatadi. Ikkinchi asosiy sabab esa COVID-19 pandemiyasi. Zavodlarning karantinga olinishi, ishlarning to‘xtatilishi konveyerning ishini ancha ortga surib yubordi, – dedi mutaxassis.

Tohirjon Po‘latovning qo‘shimcha qilishicha, chip ishlab chiqarish o‘ta murakkab jarayon.

“Juda yuqori texnologiya kerak. Qimmat texnologiyani ishlatish uchun juda ham yuqori salohiyat va katta investitsiya talab etiladi. Bu avtomobil zavodini qurishdan ham qiyin va qimmat. Chip ishlab chiqaradigan bitta zavodni ishga tushirish uchun kamida 4-5 yil vaqt ketadi” , – dedi u.