Davlatlar o‘zaro elchi almashishni boshlar ekan, bir necha kishining begona davlat hududida xavfsiz bo‘lishi qiyin masala ekanligini qadim-qadimdan yaxshi anglagan, zero o‘limni yelkasiga olib, salkam dushman yeriga borish katta jasorat. Shundanmi, elchilarni har qanday holatda ham o‘ldirmaslik an’anasi paydo bo‘lgan. Biroq tarix shuni ko‘rsatadiki, “elchiga o‘lim yo‘q” naqliga har doim amal qilinavermaydi.
Quduqqa tashlangan Doro elchilari
Tarixdagi ilk elchilar qirg‘ini antik davrga borib taqaladi. Dunyodagi birinchi imperiya hisoblanuvchi Ahamoniylar davlati Osiyodagi ulkan hududlarni zabt etgach, endi Yunoniston shaharlarini egallashni maqsad qiladi. Frakiya va Makedoniya istilosidan so‘ng Ahamoniylar shohi Doro I yunon shaharlariga taslim bo‘lish talabi bilan elchilar jo‘natiladi. Fors armiyasining qudratidan qo‘rqqan aksariyat grek shaharlari Doroning yer va suv haqidagi talabiga rozi bo‘lib, unga itoat izhor etadi.Ammo Yunonistonning Afina shahriga kelgan fors elchilari yuqori daradan tashlab yuboriladi. Elchilarni quduqqa tashlab yuborgan spartaliklar esa zaharxandalik bilan “kerakli yerni ham, suvni ham quduq tubidan topasiz” deb zaharxanda qiladi. Ushbu qarorni qabul qilgan Sparta hukmdori Leonid keyinchalik forslarga qarshi chiqqan mashhur “Uch yuz spartalik” safida halok bo‘lgan.
O‘tror fojiasi
Osiyo tarixidagi ilk elchilar qatli hisoblanuvchi O‘tror fojiasiga qadar Muhammad Xorazmshoh va Chingizxon bir necha marotaba o‘zaro elchilar almashadi. Shimoli-sharqiy Xitoyda jangovar harakatlar olib borayotgan Chingizxon Xorazmshohlar imperiyasi bilan hali urushga kirish niyatida emas edi. Xon savdo aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lib, Xorazmshohning Bag‘dod xalifasi bilan nizolaridan ham xabardor bo‘lgan.1218-yili 450 (ba’zi manbalarda 500) kishidan iborat mo‘g‘ul savdo karvoni Xorazmshohlar saltanati tomon yo‘lga chiqadi. Xorazmshohlarning chegara shahri hisoblanmish O‘trorga yetib kelgan karvon taqdiri fojiali yakun topadi. Shahar hokimi Inolchiqning buyrug‘i bilan karvon mol-mulki musodara qilinadi va karvondagi barcha qatl qilinadi. Faqatgina bir tuyakash bu qatliomdan omon qoladi va voqea haqida buyuk xonga xabar yetkazadi.
Nihoyatda g‘azablanganiga qaramay, Chingizxon o‘zini bosadi va Muhammad Xorazmshohdan tirik qolgan karvon a’zolarini qo‘yib yuborishni va O‘tror voliysi Inolchiqni jazolashni so‘rab elchilar jo‘natadi. Xorazmshoh esa huzuriga kelgan Chingizxon elchisi Ibn Kafroj Bug‘roxonni o‘ldirib, kallasini tanasidan judo qiladi. Unga hamroh bo‘lib kelgan ikki kishini esa otga teskari bog‘lab, Mo‘g‘ulistonga qaytarib yuboradi.
Muhammad Xorazmshohning bunday harakati, shubhasiz, xalqaro diplomatik an’analarni buzish edi va tez orada Chingizxon bunga javoban Xorazmshohlar davlatiga yurish boshlaydi. Ichki nizolar girdobidagi Xorazmshohlar saltanati esa bu hujumdan butunlay qulaydi.
Mo‘g‘ul elchilarining yana bir fojiasi
Chingizxon vafotidan so‘ng ham uning avlodlari harbiy yurishlarni davom ettiradi. Xususan, buyuk xonning nevarasi Huloku Eronni zabt etib, Kichik Osiyo tomon yuradi. Bu vaqtda mo‘g‘ullarning ushbu hududlardagi asosiy raqibi Mamluklar davlati (asosan Kavkazorti va O‘rta Osiyodan qul qilib olib kelingan turkiylar tomonidan tuzilgan davlat) edi.1256-yili Bag‘dodni egallab, Abbosiylar xalifaligini tugatgan Huloku Aleppo va Damashqni ham qo‘lga kiritib, so‘ng Qohiraga — Mamluklar davlati poytaxtiga o‘z elchilarini jo‘natadi.
Huloku mamluklar sultoni Qutuzga tahdidli xat jo‘natib, unda: “Bizning qilichimizdan qochgan mamluk Qutuz! Bizning boshqa mamlakatlarni qay ahvolga solganimizni ko‘rding. Sen bizdan qochib qayoqqa ham bora olasan? Otlarimiz chaqqon, kamon o‘qlarimiz o‘tkir, qilichlarimiz chaqmoqdek, yuraklarimiz tog‘dek qattiq, askarlarimiz soni qum zarralari kabi ko‘p”, deya tahdid qiladi.Bunga javoban Misr sultoni mo‘g‘ul elchilarini boshini tanasidan judo qiladi va uzilgan boshlarni Qohira darvozalaridan biriga osib qo‘yadi. Tez orada boshlangan urushning hal qiluvchi Ayn-Jolut jangida mamluklar mo‘g‘ul qo‘shinini tor-mor qiladi.
Sohibqiron elchilarining shum taqdiri
Hindistonga qarshi muvaffaqiyatli urushdan so‘ng Amir Temur Kichik Osiyo tomon otlanadi. Yetti yillik urush deb nomlangan ushbu yurish sohibqiron faoliyatidagi eng yirik harbiy safar edi.1400-yil boshlarida Kichik Osiyoga yetib kelgan Amir Temur Misr va Suriyada joylashgan Mamluklar davlatiga qarshi yurish boshlashga qaror qiladi. Suriya shaharlariga hujum qilishdan oldin amir, doimgidek, tirik qolish evaziga taslim bo‘lishni taklif qilib, Damashqqa elchilar yuboradi.
Biroq Damashq hokimi Sudun Temur elchilarini qatl ettiradi. Oqibatda Movarounnahr qo‘shini Suriyaga bostirib kiradi va birin-ketin Shom shaharlarini, jumladan, Damashqni ham egallaydi.
Olomon qurboniga aylangan Griboyedov
Aleksandr Griboyedov diplomatlikdan tashqari shoir, kompozitor va dramaturg edi. Rus imperiyasining Erondagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan Griboyedov Rossiya va Eron o‘rtasidagi Guliston hamda Turkmanchoy shartnomalarini imzolashda katta rol o‘ynagan.Fors davlatini Kavkazortidagi yerlaridan mahrum qilgan bu shartnomalar eronliklarning noroziligiga sabab bo‘ladi. 1829-yili, Turkmanchoy shartnomasi imzolangandan bir yil o‘tib, Rossiyaning Tehrondagi elchixonasiga minglab diniy mutaassiblar hujum qiladi.
Hujum oqibatida elchixonani qo‘riqlayotgan mahalliy askarlar, kazaklar, rus diplomatlari, xususan, Aleksandr Griboyedov ham halok bo‘ladi.
“Buxorolik Byorns”
Buyuk Britaniya imperiyasi hamda Yevropaga Buxoro amirligi bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarni olib kelgani uchun elchi va ayg‘oqchi Aleksandr Byorns ”Buxorolik Byorns” deb ataladi. Uning 1835-yili nashr etilgan “Buxoroga sayohat” asari o‘z davrining eng ommabop kitobiga aylanadi.Diplomat 1841-yili Afg‘onistonda elchilik vazifasini bajarayotgan vaqtida barcha musibatlariga Britaniyani aybdor deb bilgan afg‘on olomoni tomonidan o‘ldirilgan.
XX asr — “Elchiga o‘lim!”
Yangi asr elchilar qotilligining dastlabkisi 1918-yili Rossiyada yuz beradi. Oktabr inqilobdan keyin mamlakatda boshlangan to‘s-to‘polonlar davrida Germaniya bilan urushni davom ettirish istagidagi so‘l sotsialistik kuchlar (eserlar) nemis elchisini o‘ldirishga qaror qiladi.6-iyul kuni Moskvadagi Germaniya elchixonasiga soxta hujjat bilan eserlar tarafdori bo‘lgan ikki kishi kirib keladi. Ular elchi Vilgelm fon Mirbaxning xonasiga kirib, uni otib o‘ldiradi va deraza oshib qochib ketadi. Biroq qotillik undan ko‘zlangan maqsadni ro‘yobga chiqarmaydi.
2020-yil 4-noyabrda Moskvada fon Mirbax xotirasiga lavha o‘rnatildi.
***
AQShning qotillik qurboniga aylangan birinchi elchisi Jon Gordon Mayn 1968-yili Gvatemaladagi fuqarolar urushi paytida hukumatga qarshi kuchlar tomonidan o‘ldiriladi. Ammo u Gvatemalada o‘ldirilgan yagona elchi emas edi.
Oradan ikki yil o‘tib, 5-aprel kuni bundan avvalroq o‘g‘irlab ketilgan G‘arbiy Germaniyaning Gvatemaladagi elchisi Karl fon Spreti ham halok bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Germaniya hukumati bunga javoban Gvatemala bilan barcha diplomatik aloqalarini uzadi.
***
AQShning yana bir elchisi Rodjer Devis 1974-yili Kiprda diplomatik xizmatini bajarayotgan paytida, Amerika elchixonasi oldiga to‘plangan Kipr yunonlari tomonidan o‘ldirilgan.
***
1979-yil fevralida AQShning Afg‘onistondagi elchisi Adolf Dabs afg‘on harbiylari kiyimidagi terrorchilar tomonidan o‘g‘irlab ketiladi va garovga olinadi. Elchini ozod qilish bo‘yicha operatsiya uning o‘limi bilan tugaydi.
***
Ko‘plab elchilari qotillik qurboniga aylangan davlatlardan yana biri, bu — Turkiyadir. 1975-yili ikki kun farq bilan mamlakatning Avstriya va Fransiyadagi elchilari — Donish Tunaligil va Ismoil Erez elchixona yonida o‘ldirilib ketiladi. Qotilliklar ortida arman millatchi-terrorchi tashkiloti — ASALA (Armenian Secret Army for the Liberation of Armenia) turgani ma’lum bo‘lsa-da, qotillikni amalga oshirgan shaxslar hozirgi kunga qadar aniqlanmagan.
1977-yili Turkiyaning Italiyadagi diplomati Taha Karim, 1983-yili esa Yugoslaviyadagi turk elchisi G‘olib Bolqor arman millatchilarining hujumlari oqibatida halok bo‘lgan. Umumiy hisobda arman qo‘poruvchilari 30 dan ziyod turk diplomatlarining hayotiga zomin bo‘lgan.
***
Irlandiya Respublikasining Buyuk Britaniyadan ajralib chiqish jarayonida mamlakatdagi ingliz elchisi Kristofer Evart-Biggs tayinlanganidan bor-yo‘g‘i ikki hafta o‘tib, 1976-yil 21-iyulda ayirmachilar tomonidan o‘ldirib ketiladi.
***
Elchilar uchun o‘lim o‘chog‘i hisoblanuvchi Livanda SSSR, AQSh, Fransiya, Ispaniya va Iroqning 10 ga yaqin diplomatlari o‘ldirilgan.
***
Umuman olganda, XX asrdan boshlab elchilarni o‘ldirish davlat yoki tuzumga nisbatan norozilik ko‘rinishi yoki xun olishga aylanib qoldi. Terrorchi tashkilotlar yoki Shimoliy Koreya kabi mamlakatlarning maxsus xizmatlari amaldagi hukumatga qarshi harakat yoki dushmanlik yurishi sifatida elchilarni ovlay boshlaydi. Bu esa elchilar xavfsizligini yanada muhim masalaga aylantiradi.
2016-yili 19-dekabrda Turkiyada rus elchisi Andrey Karlovning o‘ldirilishi so‘nggi yillardagi eng shov-shuvli qotilliklardan biri bo‘ldi va u yuqorida sanab o‘tilgan motivlar sabab amalga oshirilgan. Anqaradagi san’at ko‘rgazmasida nutq so‘zlayotgan payti rus elchisiga o‘q uzgan sobiq politsiyachi Mavlud Oltintosh: “Bu Aleppo uchun! Biz u yerda o‘lamiz, sen esa shu yerda!”, deya baqiradi.
Qotillik Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlari uchun olingan xun sifatida ko‘rildi.
Hozircha so‘nggisi bo‘lib turgan elchi qotilligi 2021-yilning 22-fevralida Kongo DRda sodir etildi. Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida Shimoliy Kivu provinsiyasi tomon ketayotgan Italiya elchisi Luka Attanasio kutilmaganda jangarilar hujumiga uchradi va qornidan yegan o‘q natijasida halok bo‘ldi.
Shunday qilib, asrlar davomida amal qilib kelingan “elchiga o‘lim yo‘q” naqli, ta’bir joiz bo‘lsa, so‘nggi ikki asrda “elchiga o‘lim” shioriga aylandi.
Izoh (0)