1258-yilda xalifalik poytaxtini egallab, Abbosiylar sulolasi hukmronligiga yakun yasagan Huloku boshliq mo‘g‘ullar qo‘shini Suriyaning boshqa musulmon shaharlarini egallab, oxirgi yirik islom davlati, Misrda joylashgan Mamluklar sultonligi tomon yuradi. “Daryo” mo‘g‘ullarning “dengizdan dengizgacha” imperiya qurish orzusini chippakka chiqargan Ayn-Jolut muhorabasi haqida hikoya qiladi.

Dengizdan dengizga (okeandan okeanga) qadar cho‘zilgan imperiya

1253-yil Buyuk xon Munke boshchiligida Qoraqurumda o‘tkazilgan mo‘g‘ullarning katta qurultoyida Erondagi Ismoiliylar va Abbosiylarga qarshi yurish boshlash masalasi hal qilinadi. Ushbu yurishga qo‘mondon etib Buyuk xon Munke inisi Hulokuni tayinlaydi.

Bu paytda Ko‘histonda allaqachon Kitbuqa boshchiligida mo‘g‘ul qo‘shini joylashgan edi. 1256-yili Amudaryodan o‘ta boshlagan mo‘g‘ul qo‘shini keyingi bir yil davomida Erondagi ismoiliy (assasin)larning deyarli barcha qal’alarini egalladi. 1258-yilda esa Bag‘dod egallanib, Abbosiylar sulolasiga xotima beriladi. Tez orada Halab va Damashq zabt etilib, Ayyubiylar sulolasi ham amalda tugatiladi. Mo‘g‘ullarning endigi nishoni Misrda joylashgan Mamluklar davlati (asosan, Kavkazorti va O‘rta Osiyodan qul qilib olib kelingan turkiylar tuzgan davlat) qaratiladi. Agarda Mamluklar davlati tor-mor etilib, Qohira egallansa, chegaralar Misrdan g‘arbda joylashgan, Tinch okeanga qadar cho‘zilgan Almohadlar xalifaligi bilan kesishardi. Las-Navas-de-Tolos jangida qaqshatqich mag‘lubiyatga uchragan ushbu musulmon davlati mo‘g‘ullar bosqiniga qarshilik ko‘rsatishi qiyin bo‘lib, Huloku mo‘g‘ullarning dengizdan dengizga (aslida okeandan okeanga, Tinch okeanidan Atlantika okeaniga) qadar yastangan ulkan imperiyasini barpo etishi mumkin edi.

Mamluk va mo‘g‘ul qo‘shinlarining Ayn-Jolutda to‘qnashishi

Foto: Wikipedia

Ammo 1259-yilda Buyuk xon Munkening vafotidan xabar topgan Huloku, bo‘lajak taxt uchun kurashlarni sezgan holda Kitbuqani Damashqda qoldirib, o‘zi qo‘shinning katta qismi bilan Eronga qaytadi. Huloku Kitbuqaga faol jangovar harakatlardan tiyilish va kerakli mudofaa bilan chegaralanishni buyuradi.

Hulokuning katta qo‘shin bilan ortga qaytganini eshitgan mamluklar sultoni Qutuz (turkiy-qipchoq urug‘idan) vaziyatdan unumli foydalanishga qaror qiladi va mo‘g‘ullarga qarshi yurishga otlanadi.

Xristianlarning kutilmagan qarori

Kichik Osiyoda bu davrda Levant salibchilari hali o‘z davlatlarini saqlab turgan, shuningdek, sobiq Ayyubiylarning bir necha amirlari ham hali hukmronlik qilayotgan edi.

Bag‘dod egallangandan so‘ng mo‘g‘ullar mintaqadagi musulmon davlatlarini yo‘q qilish uchun xristianlar bilan ittifoq tuzishga harakat qiladi. Armanlarning Kilikiya knyazligi va gruzinlar mo‘g‘ullar bilan yaxshi munosabat o‘rnatsa-da, salibchilarning Quddus qirolligi va boshqa davlatlari mo‘g‘ullar bilan ittifoq tuzmaydi. Bunga sabablardan biri Papa Aleksandr IV nasroniylarga mo‘g‘ullar bilan ittifoq tuzishni taqiqlagandi. Qolaversa, mo‘g‘ullarning niyati musulmonlarni butunlay yo‘q qilish emas, balki yangi yerlarni egallash ekanligini nasroniy yetakchilari yaxshi bilardi. Shu sababdan ular vahshiy mo‘g‘ullarni emas, eski va tanish raqib — Misrni qo‘llab-quvvatlashni ma’qul ko‘radi.

Qohiradan yo‘lga chiqqan Qutuz qo‘shini G‘azoda mo‘g‘ul korpusini yanchib, Quddus qirolligining Akra shahri tomon yo‘l oladi. Xristianlar musulmonlarga o‘z yerlaridan o‘tishga ruxsat beradi hamda Akraga yetib kelgan mamluk qo‘shinini xush kutib olib, oziq-ovqat va suv bilan ta’minlaydi. Quddus qirolligi yerlaridan o‘tgan musulmon qo‘shinida mo‘g‘ullarga orqa tarafdan zarba berish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Mamluklar qo‘shini

Foto: Google Images

Mamluklar uning tomon yurayotganini eshitgan Kitbuqa ularni qarshi olish uchun shimol tomon yo‘l oladi hamda otliqlar uchun qulay maydon — Ayn-Jolutda ularni kutib olishga qaror qiladi.

Tomonlarning harbiy qudrati

Ayn-Jolut jangida ikkala tomondan jami 40 ming atrofida askar qatnashgani aytiladi. Huloku qo‘shinning katta qismini olib ketgach, Kitbuqa qo‘l ostida o‘n mingdan yigirma mingga qadar lashkar qolgan. Bundan tashqari mo‘g‘ullarga ko‘p bo‘lmasa ham Kilikiya arman knyazligi va gruzinlardan yordam kuchlari keladi. Shu bilan birga Ayn-Jolutda Ayyubiylarning al-Ashraf Niso va as-Said Hasan kabi amirlari mo‘g‘ullar tarafida turib jangda qatnashadi.

Mamluk kuchlari ba’zi manbalarda 50 mingdan ko‘proq bo‘lgani aytilsa ham, aslida ularning mo‘g‘ullardan son jihatdan ustunligi uncha ko‘p bo‘lmagan. Bu jangda mamluklarga Shohruzari kurdlari, Ayyubiy amirlar: An-Nosir Yusuf va Xama al-Mansur askarlari kelib qo‘shiladi. Mo‘g‘ullardan farqli ravishda mamluk qo‘shinining katta qismi jangovar askarlardan iborat emas edi. Ammo mamluklar mo‘g‘ullardan ko‘ra bu hududlarni ancha yaxshi bilardi.

Jangning boshlanishi

Dahshatli muhoraba 1260-yilning 3-sentabr kuni boshlanadi. Mamluklarning jang taktikasi bu hududlarda ko‘p vaqtini o‘tkazgan sarkarda Beybars tomonidan tuziladi. Unga ko‘ra, sulton Qutuz boshchiligidagi qo‘shin Ayn-Jolut yonidagi past qirlarda joylashishi, Beybars qo‘mondonligidagi qism esa Kitbuqa qo‘shini bilan ochiq jangga chiqishi, keyin esa chekinib, mo‘g‘ullarni Qutuz qo‘shini pistirmasiga olib kelishi kerak edi.

Foto: Livejournal

Mo‘g‘ul sarkardasi Kitbuqa ham ancha tajribali qo‘mondon bo‘lib, shaxsan Chingizxon bilan birga janglarda qatnashgandi. Kitbuqa mamluk qo‘shinlari tekislikka yetib kelishi bilan hujum boshlashga buyruq beradi. Mo‘g‘ul otliqlari doimgidek otda turib, kamonda o‘q uzib, raqib saflarini siyraklashtiradi. Biroq turkiy Beybars boshchiligidagi turkman-qipchoq suvoriylari ham mo‘g‘ullar bilan qattiq kurash olib boradi. Aynan mana shu qattiq qarshilik Kitbuqaning jangovar ongini xiralashtirib, Beybars qo‘shini ortga chekingan vaqtda ularni taqib qilishga buyruq bergan bo‘lishi mumkin. Holbuki, Kitbuqaning o‘zi mo‘g‘ul qo‘shini shu usul bilan dushmanlarni mag‘lub etgan bir necha janglarda qatnashgandi.

Dashtda yengilmas mo‘g‘ullarning dashtdagi ikkinchi mag‘lubiyati

Chekinayotgan Beybars qo‘shinini quvayotgan mo‘g‘ul lashkariga Qutuz boshchiligidagi mamluklarning ikkinchi qismi past qirlar ortidan chiqib, orqa tomondan zarba beradi va Beybars bo‘linmasi ham ortga o‘girilib, qarshi hujumga o‘tadi. Natijada sarosimaga tushgan mo‘g‘ullar biroz jangdan so‘ng jang maydonini tashlab qocha boshlaydi. Mo‘g‘ullarning katta qismi quvib yetib o‘ldiriladi, omon qolganlari esa Eronga va Kilikiya knyazligiga qochadi. Kitbuqa esa asir olinadi, keyinroq Qutuzning buyrug‘i bilan qatl etiladi.

Tekislikda yengilmas hisoblanuvchi mo‘g‘ul qo‘shinini ilk bor Jaloliddin Manguberdi Parvon dashtida mag‘lub etgandi. Biroq Ayn-Jolutdagi g‘alabadan farqli o‘laroq, bu jang umumiy urush natijasini o‘zgartirmagan va mo‘g‘ullar yurishini to‘xtatmagandi. Ayn-Jolutdagi g‘alaba esa nafaqat mo‘g‘ullarning yurishini to‘xtatib, so‘nggi yirik islom davlatini istilodan saqlab qoladi, balki ulkan imperiyaning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.

Mo‘g‘ullar mag‘lubiyatining asosiy sababi sifatida ko‘pchilik Hulokuning asosiy qo‘shinni Eronga olib ketganini ko‘rsatadi. Hulokuga uning razvedkasi mamluklarning ulkan qo‘shinga ega emasligini aytgan bo‘lishi ham mumkin, shu sabab u Kitbuqani kamroq qo‘shin bilan qoldirgan. Biroq katta qo‘shin Hulokuga taxt uchun kurashlarda ham kerak edi. Va albatta, mamluk qo‘shini yetakchilari tajribali Qutuz hamda Beybarsning sovuqqonligi, jangni ajoyib boshqarganini ham qayd etib o‘tish joiz. Shuningdek, bu jangda mamluklar jangavor tarixda ilk bor qo‘l to‘plaridan foydalangan.

Sulton Beybars I

Foto: People’s

Kichik Osiyoda barqaror status-kvo shakllanishi

Ayn-Jolutdagi g‘alabadan ilhomlangan mamluklar yurishni davom ettirib, Halab, Xoms va Damashqni egallab, Bag‘dod tomon yuradi. Bu paytda ularga Qutuzni o‘ldirib, o‘zini yangi Misr va Suriya sultoni deya e’lon qilgan Beybars I boshchilik qilayotgandi. Faqatgina Frot daryosi bo‘yida bo‘lgan jangda Mo‘g‘ulistondan shoshilinch ravishda ko‘chirilgan Huloku qo‘shini mamluklarni mag‘lub etib, ularning yurishini to‘xtatadi. Biroq Oltin O‘rda xoni Berka Sulton bilan Kavkazorti uchun boshlangan kurash sabab Huloku mamluklarga qarshi urushni davom ettirmay, Jo‘ji ulusiga qarshi yurishga jo‘nab ketadi.

Shunday qilib, Kichik Osiyoda nisbatan barqaror status-kvo vujudga keladi. Mamluklarda ham islom olamini saqlab qolib, azaliy dushmanlari: Levant salibchilariga qarshi kurashni boshlab, yuborishga qulay imkoniyat paydo bo‘ladi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi