Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon Сhempionati saralashi hali barcha mintaqalarda to‘liq yakunlanmagan bo‘lsa-da, ko‘pgina jamoalar musobaqaga yo‘llanmani qo‘lga kiritib ulgurdi. Bular orasida Germaniya, Ispaniya, Braziliya, Argentina, Belgiya, Fransiya kabi grand jamoalarni uchratish mumkin. Portugaliya, Italiya, Polsha singari imkoniyati yuqori baholangan terma jamoalar esa kutilmaganda to‘g‘ridan to‘g‘ri JCh chiptasini qo‘lga kirita olmadi, endilikda ular mart oyidagi o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi. Shuningdek, yana bir qator jamoalarning to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasiga bormasligi aniq bo‘lib ulgurdi. Ushbu maqolada mundialni o‘tkazib yuborishi aniq bo‘lib ulgurgan ayrim yulduzlar haqida fikr yuritiladi.
Yan Oblak, Sloveniya
Shaxsiy sovrinlar va klubdagi faoliyati borasida anchagina omadli sanaladigan Yan Oblakning terma jamoada omadi chopmagan. Ammo nachora, vatanni tanlab bo‘lmaydi deyishadi. U boriga qanoat qilishga majbur. Sloveniya anchadan beri yirik musobaqalarda (Yevropa va Jahon Chempionatlari) qatnashmay qo‘ygan. Terma jamoa so‘nggi marta 2010-yili JARda bo‘lib o‘tgan mundialda ishtirok etgan.
“Atletiko M” darvozaboni boshchiligidagi slovenlar bu safar saralashda H guruhida 4-o‘rinni egalladi. Guruhda Xorvatiya 1-o‘rin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri Qatarga yo‘l olgan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onadagi Rossiya o‘tish o‘yinida ishtirok etadi.
Shu tariqa dunyoning eng qimmat darvozaboni (70 million yevro) Jahon Chempionatini o‘tkazib yuboradi. Kelasi, 2026-yili bo‘lib o‘tadigan mundialda u 36 yoshda bo‘ladi.
Genrix Mxitaryan, Armaniston
Bir necha yildan beri Rimning “Roma” klubida muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan Genrix Mxitaryan navbatdagi mundialni ham o‘z uyidan tomosha qiladi. Uning yetakchiligidagi Armaniston terma jamoasi bu safargi saralash bosqichida J guruhidan o‘rin olib, 4-o‘rin bilan kifoyalandi. Undan oldingi o‘rinlarni Germaniya, Shimoliy Makedoniya va Ruminiya egalladi.
Armaniston terma jamoasi shu vaqtga qadar o‘z tarixida biror marta Jahon Chempionatida qatnashishning uddasidan chiqmagan. Jamoa har safar saralash bahslarida muvaffaqiyatsiz ishtirok bilan kifoyalangan.
2007-yilda, 18 yoshida terma jamoada debyut qilgan Mxitaryan shu tariqa to‘rtinchi marta terma jamoasi bilan JCh yo‘llanmasini qo‘lga kirita olmadi. Faoliyati davomida “Roma”dan tashqari “Shaxtyor D”, “Borussiya D”, “Manchester Yunayted”, “Arsenal” kabi dunyoning nomdor klublarida yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan iste’dodli yarim himoyachining to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida keyinchalik ham o‘ynamaslik ehtimoli ancha yuqori. Boisi Mxitaryan hozirda 32 yoshda, kelasi Jahon Chempionatida 37 yoshda bo‘ladi.
Nabi Keyta, Gvineya
Nabi Keytaning vatani terma jamoasi — Gvineya ham o‘z tarixida biror marta ham Jahon Chempionatida qatnashmagan. Terma jamoa bu safargi va undan oldingi JCh saralashlarida ham muvaffaqiyatsiz qatnashgan. Joriy yilgi bahslarda esa jamoa Marokashga imkoniyatni boy berib, Qatar—2022 yo‘llanmasidan umidini uzdi.
26 yoshli Nabi Keyta esa 2013-yildan beri terma jamoada to‘p surib kelmoqda va unda hali Jahon Chempionatlarida o‘ynash imkoniyati mavjud. Yarim himoyachi “Liverpul”ning asosiy o‘yinchisi hisoblanadi va terma jamoa futbolchilari ichida faqat u kuchli beshlik chempionatlarida to‘p suradi. Shunday ekan, Gvineyaning kelgusidagi muvaffaqiyatlari ko‘p miqdorda Nabi Keyta nomi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Edin Jeko, Bosniya va Gersegovina
Eden Jeko garchi Yevropada yuqori darajali hujumchi sifatida qayd etilsa-da, u terma jamoasi bilan qo‘lga kiritilgan sovrinlar bilan maqtana olmaydi. Jeko yirik turnirlardan faqatgina 2014-yili Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etgan. Boshqa mundiallarda esa xuddi bu safargisidagi kabi saralashdan o‘ta olmagan.
Ushbu saralashda Eden Jeko sardorligidagi Bosniya va Gersegovina D guruhidan o‘ta olmadi. Bahslar boshlanishidan avval ham jamoaning imkoniyatlari u qadar yuqori baholanmagandi. Boisi guruhda amaldagi Jahon chempioni Fransiyadan tashqari, Yevro—2020 da ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Ukraina ham bosniyaliklarga jiddiy bosh og‘riq bo‘lishi kutilgandi. Va yakunda shunday bo‘ldi ham: fransuzlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Qatar—2022 yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lsa, Ukraina guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Eden Jeko hozir 35 yoshni “urib qo‘ygan” va (juda) katta ehtimol bilan kelasi mundialgacha butsilarini “mixga iladi”.
Pyer-Emerik Obameyang, Gabon
Klublar miqyosida Yevropani zabt etgan yuqori darajali hujumchilardan yana biri Obameyangning ham terma jamoa borasida omadi chopmagan, u Gabon bilan na Jahon, na Afrika doirasidagi yirik musobaqalarda aytarli natijalarga erishgan.
O‘z tarixida biror marta ham mundiallarda qatnashmagan Gabon bu yilgi bahslarda Muhammad Saloh boshchiligidagi Misrdan ortda qolib, Qatar—2022 yo‘llanmasidan quruq qoldi. Bu yo‘lda “Arsenal” forvardi Obameyangning ham mahorati yetarli bo‘lmadi. Obameyang hozir 32 yoshda va anchadan beri maqtana oladigan darajadagi sport formasida emas. Obameyang va tarkibida undan boshqa yuqori darajali futbolchi yo‘qligi hisobga olinib aytilsa, Gabonning keyingi Jahon Chempionatiga chiqish ehtimoli ham ancha past.
Erling Holand, Norvegiya
2020-yilgi Golden Boy sovrini sohibi va “Borussiya D”ning asosiy yulduzi Erling Holand yozda ko‘hna qit’aning eng nufuzli musobaqasi — Yevropa chempionatini o‘tkazib yuborgandi. Endi esa u Jahon Chempionatini ham televizor orqali tomosha qilishi aniq bo‘ldi.
Killian Mbappe bilan birga dunyoning eng yaxshi yosh o‘yinchilaridan biri bo‘lib turgan Holandning mundialda o‘ynamasligi futbol muxlislari uchun unchalik ham yaxshi xabar emas. Tasavvur qiling-a, har o‘yinda o‘rtacha 1,5 tadan gol uradigan o‘yinchi agar dunyo birinchiligida ham odatdagidek g‘ayrioddiy o‘yin ko‘rsatganida, millionlab ishqibozlarga olam-olam quvonch bag‘ishlashdan tashqari, o‘zining transfer narxiga yaxshigina qo‘shib olgan bo‘lardi.
Norvegiya terma jamoasi saralash bahslarida G guruhida 3-o‘rinni egallab, mundial yo‘llanmasidan quruq qoldi. Niderlandiya peshqadam sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri JCh ga yo‘l olgan bo‘lsa, 2-pog‘onani band etgan Turkiya esa o‘z omadini pley-offda sinab ko‘radi.
Holandning o‘ziga keladigan bo‘lsak, u endigina 21 yoshda va uning nafaqat terma jamoadagi, balki butun karyerasi oldinda. U yulduzlik kasaliga chalinmagan holda jarohatlarni chetlab o‘ta olsa, kelajakda Messi yoki Ronaldu darajasiga chiqishi mumkin.
Xulosa o‘rnida, Holand va yuqorida tilga olingan o‘yinchilar misolida futbolning yana bir bor jamoaviy o‘yin ekanligini ta’kidlash mumkin. Ronaldu va Messining salohiyatiga zarracha ham shubha qilmagan holda tan olib aytish kerak, har ikki dahoning terma jamoasida ulardan tashqari ham yuqori darajadagi o‘yinchilar talaygina bo‘lgan.
Qayd etish kerak, JCh—2022 da qatnashishi ko‘zlangan 32 jamoadan endigina 13 tasi ma’lum bo‘lib ulgurgan. Hali 19 ta yo‘llanma o‘z egasini kutib turibdi. Yevropa va Afrika mintaqalarida mart oyida o‘tish o‘yinlari o‘tkazilsa, Osiyo, Janubiy va Shimoliy Amerikada guruh bahslari davom etmoqda. Shunday ekan, ushbu ro‘yxat hali yana yangilanadi.