Namanganda Yangi yil arafasida 200 dan ortiq avtomobil yordamida yo‘lbars shakli hosil qilindi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Buning uchun Namangan shahrining Davlatobod tumani, Yuksalish mavzesidagi bo‘sh yer maydoni tanlandi. 2021-yil 31-dekabr kuni bu yerga yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, korxona va tashkilotlar, avtomaktablar va ko‘ngilli haydovchilarning mashinalari to‘plana boshladi. Kechga borib ular yordamida kirib kelgan yil ramzi — yo‘lbars tasviri hosil qilindi.
“Yangi yil arafasida xalqimizga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida shunday tashabbusga qo‘l urdik. Bu haqda e’lon berganimizdan so‘ng belgilangan hududga turli manzillardan mashinalar oqimi kirib kela boshladi. Ko‘rib turganingizdek, sa’y-harakatlarimiz bilan bayramona shakl hosil bo‘ldi”, — deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘i Ergash Haydarov.
Ma’lumot uchun, bundan uch yil avval Yangi yil arafasida Namanganda 400 ta mashina yordamida ramziy archa yasalgandi.