Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Samarqand darvoza” savdo majmuasi oldida 1-yanvar kuni o‘t o‘chirish moslamasi portlatilgani, oqibatda fuqarolar tan jarohati olib, ayrimlar oyoqsiz qolgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2022-yilning 1-yanvar kuni soat 00:45 atrofida Shayxontohur tumani Qoratosh ko‘chasida bayram bahona aholi yig‘ilgan. Bir nechta fuqarolar avtoyo‘lni ajratib turuvchi to‘siqqa mushakbozlik qilish maqsadida qo‘lbola usulda yasalgan o‘t o‘chirish moslamasini joylashtirgan. Tagidan olov yoqilishi oqibatida moslama chaqnashi kuzatilgan.
Oqibatda mushakbozlikni telefoni kamerasiga tasvirga olayotgan fuqarolar jarohatlangan. M.S. (1997-yilda tug‘ilgan) qorin yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, M.A. (1999-yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq boldir, tovon sohalari yirtilgan jarohati hamda X.N. (2006-yilda tug‘ilgan) o‘ng oyoq panja qismi yirtilgan, majaqlangan jarohati, oyoq barmoqlari noto‘liq amputatsiyasi tashxisi bilan turli ko‘rinishdagi tan jarohati olgan.
Hozirda holat yuzasidan moslamani tayyorlagan hamda uni yoqqan shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida davlat nazorati kuchaytirilib, bir oydan ko‘proq vaqt davomida 2,1 milliard so‘mlik qariyb 6 mln dona pirotexnika vositalari musodara qilingandi.