Tarix fanlari nomzodi, taniqli tarixchi olima va arxeolog Margarita Filanovich Toshkent shahar hokimligi 2021-yilda poytaxtdagi mashhur Shoshtepa yodgorligini ta’mirlashni va’da qilgan bo‘lsa-da, ishlar hali ham boshlanmaganini aytgandi. Madaniy meros agentligi holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Madaniyat vazirligi va Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Shoshtepa arxeologik yodgorligi madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Obyektni konservatsiya qilish loyihasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan ma’qullangan. Ushbu loyiha asosida arxeologiya yodgorligini konservatsiya qilish ishlari qurilish kompaniyasining tegishli litsenziyasi yo‘qligi sababli boshlanmay qolgan.
2021-yil 24-noyabr kuni Discover invest MChJ tomonidan litsenziya olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga murojaat etilgan. Biroq korxona tomonidan hujjatlar to‘liq taqdim etilmagani sababli agentlik tomonidan 2 marta litsenziya berish rad etilgan.
Shundan so‘ng 2021-yil 30-dekabr kuni Discover invest MChJ tomonidan litsenziya olish uchun takroran Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Madaniy meros agentligiga hujjatlar to‘plami kelib tushgan. Hujjatlar to‘liq taqdim etilgani sababli Madaniy meros agentligi tomonidan 2021-yil 30-dekabr kuni litsenziya berilgan.