Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Bemor kimdan yo nimadan shifo topsa, o‘sha davo usulini ma’qullaydi, atrofidagi o‘ziga o‘xshash xastalarga ham shuni tavsiya qiladi.  Tibbiyot shiddat bilan rivojlanib, eng zamonaviy texnologiyalar qo‘llanmasin, har kim najot topganini tanlayveradi. Shuning uchun ming yillardan beri tabobat tib ilmidan ortda qolmaslikka harakat qiladi. Biroq qonuniy faoliyatga har doim ham ruxsat berilmagani, sohaga nisbatan noxolis munosabat o‘zbek tabobati rivojiga ta’sir etmay qo‘ymagan. 

“Daryo” muxbiri O‘zbekistonda xalq tabobati bo‘yicha ilk ilmiy izlanishlarni boshlab bergan, yuridik fanlar doktori, professor, Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov bilan tabobatchilikdagi kamchiliklar, muammo va qilinishi zarur ishlar xususida suhbatlashdi.

Ro‘zimuhammad Xonnazarov

Ro‘zimuhammad Xonnazarov
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— Tabobat ilmi ming yillardan beri samarali, sodda usuldagi shifosi bilan mashhur. Unga nisbatan qarash va ishonch ham turfa: kimdir tabobatni tan olsa, boshqasi rad etadi. Yana ba’zilar tabib-u tabobatni ilohiylashtirib, qolgan ilmlarni rad etaveradi. Haqiqiy tabobat aslida qanday bo‘ladi?

— Og‘ir botsa ham aytay, xalqimiz orasida sehr-joduga ishonadigan, shu bilan shug‘ullanadiganlar yo‘q emas. Biror kasallikni o‘n yillab yurib-yurib zo‘raytirib yuboramiz-da, keyin mo‘jiza ro‘y berishini, qandaydir kuch bizni muammodan xalos etishini kutamiz. Tabib deyilsa, ko‘pning xayoliga sehrgar, afsonaviy odam keladi. Bu juda achinarli hol.

Tabib — tabiat ato etgan ne’matlardan foydalanib oddiy, xalqona usulda biror kasallikni davolaydigan shaxs. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilab qo‘ygan normaga ko‘ra, o‘simlik, hayvon va ma’dandan foydalangan holdagina tabobat bilan shug‘ullanish mumkin. Diniy marosim, sehr-jodu tabobat deb atalmasligi alohida ta’kidlangan.

Lekin aksar firibgar “tabib”lar kasriga o‘qimishli, ishining mohiyatini anglaydigan tabiblar qolib ketyapti. Bu esa tabobatga gunoh, jinoyatdek qaralishiga sharoit yaratyapti. Eng yomoni, ularni izlab topadigan, o‘z oyog‘i bilan boradiganlar ham shu xalq orasida. Diniy ilmimiz shunchalik sustki, shifoni Allohdan emas, bandasidan tavof qilib so‘rashgacha boramiz.

Shu yil boshida O‘zbekistonga kelgan, tabib deb atalgan Ali Muhammad Kurdistoniy bilan bog‘liq voqea butun millatni uyaltirdi. Ko‘rning ko‘zini bir nafasda ochish yoki yurolmaydigan odamni bir urinishda yurgizish mumkinligi dinda qanday baholanadi, qanday hukmi bor? Buni diniy ulamolar xulosa qiladi, albatta. Ammo uni tabib deb atashning o‘zida mantiq topolmadim. Chunki u tabobatga oid qonunlarimizda belgilangan bandlarning hech birini qo‘llamagan. Na o‘simlik, na hayvon va na ma’danlardan foydalandi.

Umuman, tabobatga ishonchsizlik tarixi ancha uzun. 1926-yili Sovet hukumati tabiblar faoliyatiga chek qo‘ydi, mol-mulkini musodara qildirib, besh yoshga to‘lgan farzandlari bilan surgunga yuborib, tabiblikni qat’iy taqiqladi. Maqsad — tabobatni din bilan bog‘lab, uni cheklash orqali dinga ham bilvosita ta’sir o‘tkazish edi. Qarangki, oradan shuncha vaqt o‘tdi, Ittifoqdan ajralib chiqqan ko‘plab davlatlar, jumladan, Rossiyaning o‘zida ham tabiblik faoliyati rasmiy nom olib ma’lum uyushmalar tashkil etildi. Ammo bizda ularning faoliyati norasmiy holatda turli cheklovlar ostida qolaverdi.

— Mutaxassisligingiz bo‘yicha huquqshunos, yuridik fanlari doktorisiz. Ammo keyingi faoliyat va ilmiy izlanishlaringiz bevosita tabobat bilan bog‘liq. Bunga sabab nima?

— Otam Abduqahhor hoji tabib bo‘lganlar. Bolaligim tabiblar, ziyolilar orasida o‘tdi. Yoshligimda qayergadir ma’lumotnoma berayotib, “Otasining kasbi” degan bandga tabib deb yozsam, hujjatni qayta to‘ldir, deyishardi. Sabab sifatida tabib degan kasb yo‘qligi, suvchi, dehqon yo traktorchi — ahamiyatsiz, to‘g‘ri kelganini yozishimni aytishardi. Aqlimni tanimaganman, shekilli, “Bunaqa kasb yo‘q ekan, otam nega tabiblik qiladi?” deb ko‘p o‘ylardim. Vaqt o‘tib yuridik sohani bitirdim, dissertatsiya yoqladim. Mavzuyimning tabobatga zig‘ircha aloqasi yo‘q edi.

2015-yili Inson huquqlari markazida ishlardim. Organ xodimlari ustingizdan shikoyat tushgan deb otamni chaqirib, norasmiy faoliyat olib borayotganlikda ayblashibdi. Lekin otamning qandaydir qoidani buzgani yoki kimgadir ziyoni teggani aqlga sig‘masdi. Yurist sifatida ham aybsizligini shundoq ko‘rib-bilib turardim.

Xo‘sh, uni norasmiy faoliyatda ayblashyapti, rasmiysi qanaqa bo‘ladi, deb qonunlarni o‘rgandim, manbalarni ko‘tardim. Hech narsa yo‘q — bo‘m-bo‘sh. Demak, shu sohani to‘ldirsam, otam qatori boshqa tabiblarning “yo‘q” huquqlari bor qilinadi, deya yeng shimardim.

— Ayni damda tabiblarni birlashtirib turuvchi rasmiy tashkilot — Xalq tabobati assotsiatsiyasi mavjud. Uni o‘zingiz boshqarasiz. Assotsiatsiya qachon va qay tariqa tashkil etildi?

— 2015-yili otam bilan bog‘liq voqeadan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekistonda xalq tabobatini tartibga solish va boshqarish” mavzusida doktorlik ishimning mavzusini tasdiqlatdim. Xalq tabobati bo‘yicha 130 dan ortiq mamlakat tajribasini o‘rgandim. Tabiblar statistikasini izlab topolmagach, viloyatma-viloyat tanish tabiblar bilan yurib, ularning faoliyati, muammolari, soxta yo haqiqiylik mezonlari qanday bo‘lishi haqida xulosalar qildim. 2018-yili “O‘zbekistonda xalq tabobatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” prezident qarori imzolandi.

Qaror ijrosini ta’minlaydigan ishchi guruh orasiga ilmiy tadqiqotchi sifatida meni ham qo‘shishdi. Shu vaqt orasida xalq tabobatiga oid yuzdan ortiq ilmiy maqola yozdim. Monografiya chiqardim. Qarorga yana bir band — tabiblarni birlashtiruvchi NNT tashkil etilishini qo‘shishga erishgachgina dissertatsiyamni himoya qildim. Izlanishning amaliy natijasi bo‘lmasa, himoyadan hech qanday naf yo‘q.

O‘shanda assotsiatsiyani tuzish vazifasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatilgandi. Assotsiatsiya tuzilgach, sohani o‘rgangan, huquqiy jihatdan ilmi ko‘p deb rais sifatida o‘zimni saylashdi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— Oxirgi paytlari ijtimoiy tarmoqlarda turli soxta tabiblar, xalqning ishonchiga kirib, bemorlarni aldaydigan olg‘irlar ko‘paygani haqida xabar berilmoqda. O‘sha firibgar aniqlangunicha, qanchadan qancha bemor sog‘lig‘ini yo‘qotgan, vaqti, mablag‘ini ayamay sarflagan bo‘lishi mumkin. Birgina jazo bilan shundaylarning tanobini to‘g‘rilash, tavbasiga tayantirish mumkinmi?

— Tabiblarga tabiblik maqomini na biror mansabdor, na qandaydir mas’ul tashkilot beradi. Ular xalqniki va maqomni ham o‘zi beradi. Shuning uchunam xalq tabobati-da. Kimki, firib va soxtalik bilan tabiblikni kasb qilsa, birinchi navbatda, xalqning o‘zi uni jazolaydi. Shunchaki, qabuliga bormay qo‘yadi, xolos.

Jazodan avval bir gapni aytay. Sobiq Ittifoq vaqtida chalasavod, tabiblikdan deyarli xabari yo‘qlar qatori qo‘li yengil, kasbining haqiqiy egasi bo‘lgan tabiblar ham birdek ta’qib, cheklov ichida yashagan. Ilmiy ishimni yozish davomida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, sudlangan tabiblarning hujjatlarini olib, ko‘zdan kechirganman. Hujjatlardan ko‘nglim to‘lmaganda, ularning o‘zini topib suhbatlashganman.

Tajribali tabiblarni nazorat qilish, jazolash huquqiga ega istalgan organ xodimi idorasiga chaqirib, so‘roqqa tutavergan. Undan haqiqatda tabib yo tabib emasligini isbotlash uchun hujjat so‘rashgan. Odatda tabiblar bemorlarining ism-familiyasini yozib, ro‘yxat tuzishadi. Agar shu dalil ko‘rsatilsa, ishonchli bo‘lsa, unga yangi ayblov – soliq to‘lamaslik aybini yuklashgan. Yo‘qsa, firibgarlik, tovlamachilik, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish kabi turli moddalar bilan javobgarlikka tortishgan. Chunki qonun hujjatlarida tabiblik faoliyati bilan shug‘ullanishdagi xatolik haqida norma bo‘lmagan.

Bu g‘alvalardan o‘tgan tabib soliq to‘layman deb idoraga borsa, to‘lash to‘g‘risidagi mezonni topib berisholmagan. Navbatdagi muammo — litsenziya. Ruxsatnoma olish uchun borilganda, vazirlik unga bunday ruxsatnoma berish huquqiga ega emasligini aytib, ortga qaytargan. Mantiqsizlik ham ana shunda: tabobat haqida qonunning o‘zi yo‘q, ammo uni “buzganlik” uchun javobgarlik bor.

Bir qoidani unutmaylik – chin tabiblar, insof-vijdonini pulga ayriboshlamaganlarni “tabib”lar qatoriga qo‘yishdan avval kim to‘g‘ri, kim yolg‘onchi ekanini aniqlash zarur.

Agar hozir ham ularning faoliyati turli davlat organlari tomonidan nazoratga olinsa, yuqoridagi tarix takrorlanmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Aynan shuning uchun ham Tabiblar assotsiatsiyasi davlat emas, nodavlat tashkilot sifatida ish boshladi.

— Tabobatni rad etadigan yoki undan davo topmaganlar tabiblarni yoppasiga “savodsiz”, “firibgar”, “hamma kasallikka bitta o‘simlik yo giyohni beradi” deydi. Shu va shunga o‘xshash fikrlarda nechog‘lik haqiqat bor?

Kuzatish va ilmiy izlanishlarimga tayanib, bunday gaplarning ko‘pi mulohaza qilinmay aytilgan, noxolis, ba’zan uydirma deyishim mumkin. Keling, ularni shartli ravishda “cho‘pchak” deb atay va misol bilan tushuntiraman.

Birinchi cho‘pchak: “Tabiblar savodsiz bo‘ladi”.

Tabiblardan tibbiy ma’lumot talab qilinmasligi qonunchilikda belgilangan. Ammo bu bilan ular savodsiz va ilmsizga chiqib qolmaydi. Tabiblik otadan bolaga, ustozdan shogirdga o‘tadi. Xudo yuqtirmasa, bekor. Qolaversa, tibbiyotda faoliyat olib borgan, turli ilmiy darajasi bor shifokorlar ham davolashda erkinlik istab yoki nafaqaga chiqqach, shu kasb bilan shug‘ullangilari keladi negadir.

Ikkinchi cho‘pchak: “Boshqa sohada o‘zini topolmaganlar tabiblik qiladi”.

Yuqorida aytganimdek, kim firib bilan tabiblikni kasb qilsa, uzoqqa bormaydi. Davo topmagach, xalqning o‘zi ulardan uzoqlashadi. Ilgari boshqa sohada bo‘lib, keyinchalik tabobatga o‘tganlarning tarixini surishtirsangiz, ota-bobosi tabib bo‘lib chiqadi. Qon ustun kelib, shu ish bilan shug‘ullanmasa, ko‘ngli tinchimaydi. Qolaversa, har birining davolash usuli, “sir”i bor. Bu “sir” oiladan tashqariga chiqmaydi. O‘sha oiladagi bolalar ham kattalarning ishini kuzatib, yordamchi bo‘lib sohani o‘rganishadi.

Uchinchi cho‘pchak: “Tabib hamma kasallikka bitta damlama berib aldaydi”.

Tabiatda shunchalik mukammal o‘simliklar borki, har biri ming dardga davo bo‘lishi mumkin. Misol uchun, bitta za’faron (shafran)ni olaylik. Ibn Sino uning 100 dan ortiq kasallikka davoligini aytib ketgan. Siz tabibga borib, xolesterinim ko‘p, boshimda qon yaxshi aylanmayapti, qanaqa giyoh berasiz desangiz, za’faron deydi.

Kimdir kelib xotiram past nima qilay deydi. Za’faron ich deydi. Yana boshqasi kayfiyatim yo‘q, tushkunlikdan qutulolmayapman deb nolisa, unga ham za’faron tavsiya qilinadi. Chunki bu o‘simlikning ko‘plab kasalliklarga davo bo‘lishi haqida ham ilmiy, ham amaliy asoslar bor-da.

Hozirda dorivor giyohlarni yetishtirish bo‘yicha ham katta imkoniyatlar yuzaga kelgan. Baxmal tumanida yuzlab gektar joyga za’faron o‘simligi yetishtirilayotgani birgina misol.

Agar tabiat ne’matlaridan oz-ozdan yeb yursak, har kun bir yerimiz og‘rib, turli-tuman dori, tabib-u shifokorga ehtiyoj sezavermasdik. Kasallik og‘izdan kiradi, shifosi ham og‘izdan kirishiga imkon berish kerak. Toki terini teshib, ovqat yuborishgacha olib borildimi, demak, o‘sha bemorning o‘zigina sog‘lig‘ining yomonlashuviga asosiy sababchi.

— O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmadi. Bungacha tabiblarni birlashtirib va ularning faoliyatini tartibga soladigan tashkilot yo‘q edi, dedingiz. Assotsiatsiyaga a’zolik muayyan talablar, qoidalar asosida amalga oshiriladimi? A’zolik ularga qanday imkoniyat va majburiyatlarni yuklaydi?

— Tabiblar assotsiatsiyasi — tabiblarni yetishtirib beradigan tashkilot emas. Biz shunchaki ularning monitoringini qilamiz. Biror ko‘mak kerakmi, qaysi tabib qayerda, qanday kasallikka muolaja qiladi, davolashi qay darajada samarali, necha kishi uning eshigida navbatda turibdi, ustidan shikoyatlar tushmayaptimi kabi savollarga javobni muntazam ravishda to‘plab boramiz.

Har bir viloyatda assotsiatsiyaning filiali bo‘lib, u yerdagi xodimlarimiz a’zo bo‘lish istagidagi tabiblarning manzilida bo‘lib, ishini o‘rganishadi. Pasport nusxasi, rasm, tibbiy ma’lumotnoma, narkologik, ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turish-turmasligi, sudlangan-sudlanmagani to‘g‘risida hujjatlar har bir tabibdan talab qilinadi.

Assotsiatsiyaga a’zo bo‘lish istagidagi tabiblardan talab qilinadigan yana bir narsa, ularning tabibligini isbotlovchi dalil — davolagan bemorlari ro‘yxati. Tabib bemorlarning pasport nusxasi, kasallik tarixi, necha kunda davolagani, qanday muolajalar qilgani jamlangan ro‘yxati bilan kelishi kerak. Ko‘p yillik tabiblarning ro‘yxatida minglab odamlarning nomi qayd etilgan bo‘ladi.

Bugun tabibdan shikoyat xati tushsa, maxsus tuzilgan kengash uning faoliyati qonun doirasidan qay darajada tashqariga chiqqanini o‘rganadi. Agar bemorga zarar yetgan bo‘lsa, o‘sha ziyon-zahmat tabibning muolajasidan bo‘lganmi yoki yo‘q – ma’lum mezonlar asosida tekshiriladi.

Ularning huquqiy himoyasi ta’minlanishi, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida daromad solig‘i to‘lamay stajga ega bo‘lishi, eng muhimi, qilayotgan ishi kasb maqomiga egaligi assotsiatsiya beradigan imkoniyatlardan.

Xalq tabobati shunday bir tizimki, buni to‘laqonli rasmiyatchilikka tortish noo‘rin. Assotsiatsiyaga a’zolik ham majburiy emas.

Tabib va bemor o‘rtasidagi pul munosabatlariga esa hech kimning aralashishga haqqi yo‘q. Umuman olganda, qoida bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning barchasida ham shunday.

Bilasiz, juda ko‘plab NNT, uyushmalar a’zolik badallari hisobiga o‘z-o‘zini qoplaydi. Xalq tabobati assotsiatsiyasiga a’zolik ham ma’lum badal evaziga bo‘ladi. Bu o‘rtacha hisobda BHMning 10–12 barobari miqdorini tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Qolaversa, badal yilda bir to‘lanadi. Keyingi yili yana alohida ro‘yxatdan o‘tiladi.

— Yurtimizdagi hamma tabib assotsiatsiyaga a’zomi?

— O‘ziga ishongan, xalq e’tirof etgan tabiblar qonun bo‘yicha ishlashni xohlaydi va ro‘yxatdan o‘tish istagida bizga murojaat qiladi. Soxtalari esa qochadi, yashirinadi. Ba’zan o‘zimiz ham nomi chiqqan, xalq taniydigan tabiblarni manziliga qidirib borib ro‘yxatga olamiz.

Shunaqa tabiblar bor, kuchli, ammo juda uzoqda, tog‘ bo‘ylarida yashaydi. Ular hech qachon bizni qidirib Toshkentga kelmaydi. Lekin eshigi oldida kuniga 50 odam navbatda turadi. Me’yorlarimizga to‘g‘ri keladigan ana shunday tabiblar o‘zlarining xohishiga ko‘ra assotsiatsiyaga a’zo qilinadi.

O‘zbekistonda xalq tabobati bilan shug‘ullanuvchilarning aniq sonini aytish qiyin. Chunki, ularning muayyan qismi professional faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Balki, oilasi, yaqinlarini muolaja qilish bilan cheklanadi. Shu boisdan ularning aniq statistikasini keltirish mushkul. Lekin prognozlarimizga ko‘ra, 30 mingga yaqin odam u yoki bu darajada xalq tabobati bilan shug‘ullanadi.

— Tabiblar hududlar kesimida qayerda ko‘proq uchraydi?

— Statistik xulosalarimizga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ko‘p tabiblar vodiy, ayniqsa, Namangan viloyatiga to‘g‘ri keladi. Vodiy xalqining o‘zi tabobatga ixlosmand. Elining qonida bor-da. Har bir vodiylik kamida o‘ntacha xastalikka zararsiz davolash usulini aytib bera oladi. Umuman, tabiblarning soni o‘sishidan emas, qisqarishidan qo‘rqish kerak. Istardimki, O‘zbekistonda yashayotgan har bir inson o‘z tanasining tabibi bo‘lsin. Davolash jihatdan emas, biror kasallikning oldini olish jihatdan.

— Tabiblarda ilm olish va tajriba almashish jarayoni qanday bo‘ladi?

— Yilda bir necha marotaba tabiblar bilan mutaxassisliklari bo‘yicha tor doiradagi trening, seminarlar tashkillashtiramiz. Bu ularing ilm va tajribasini oshirish yo‘llaridan biri. Ta’lim berib, bilganini qayta o‘rgatgandan ko‘ra, fikr almashib malakasini oshirish samaraliroq.

Yig‘ilishlarimiz qizg‘in muhokamalar bilan o‘tadi. Ko‘p yillar davomida biror kasallikdan davo topmagan, chora izlab bizdan tabib so‘ragan odamlarning kasallik tarixlarini ularga taqdim etib, biror yechim olishga harakat qilamiz. Hamma o‘z fikrini bildiradi. Ana shunday vaziyatda o‘ziga, davolay olishiga ko‘zi yetadigan tabib muolaja o‘tkazishni bo‘yniga olishi mumkin. Agar o‘sha bemorlar dardidan forig‘ bo‘lsa, harakatlarimiz besamar ketmaganini ko‘rsatadi.

A’zolarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga urinamiz. “Xalq tabobati fidoyisi”, “Xalq tabibi”, “Mohir tabib” degan ko‘krak nishonlarni ta’sis qilganmiz.

— Zamonaviy tibbiyot va tabobat bahsli mavzu. Kimdir mutlaq unisini, boshqasi tamoman bunisini yoqlaydi. O‘rtadagi muvozanat aslida qanday bo‘lishi kerak?

— Tabib va shifokorni taqqoslashning o‘zi noto‘g‘ri. Kasallikning turi, kelib chiqish sabablari va boshqa omillarga ko‘ra muqobil variantni tanlash kerak. Biri boshqasini to‘ldiradi. Masalan, surunkali kasalliklarni davolashda xalq tabobati samarali bo‘lsa, yuqumli kasalliklarni davolashda zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlari katta. Tabobatda kasallikning ildiziga e’tibor qilinib, kelib chiqishi, davolashga harakat qilinadi. Zamonaviy tibbiyot esa ko‘pincha simptomlarni bartaraf qiladi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Tabobat o‘zida uch xususiyatni jamlagan: arzon, samarali, xavfsiz. Arzonligi uning beradigan davosi oddiy oziq-ovqat mahsulotlarida bo‘lsa, samaraliligi ziyon qilmasligi, xavfsizligi esa uning davolarini uy sharoitida ham tayyorlab, iste’mol qilish mumkinligida. Biror giyohning qaynatilganini chelaklab ichsangiz ham dorilardan farqli ravishda sizga zarari tegmaydi.

Tan olib aytish kerak, bugungi kunda zamonaviy shifokor va tabib o‘rtasida nosog‘lom raqobat mavjud. Shifokor: “O‘n yil o‘qib davolash huquqiga ega bo‘lsam-u hech qayerda o‘qimagan chalasavod men bilan bir xil huquqqa ega bo‘lsa-ya!”, – deydi.

Tabib: “Men tabiiy mahsulotlar bilan kimningdir me’dasini davolagan paytim, shifokor oshqozonni tuzataman deb, jigarni buzib qo‘yadi-ku”, – deydi.

Agar barcha darajadagi shifoxonalarda ham tabib, ham shifokorning ishlashi ta’minlanganida muammolar o‘z yechimini topgan bo‘lar edi. Shifokor tabobatda biror kasallikka davoning oson usuli borligini sezsa, tabibga jo‘natishi yoki aksi bo‘lganda tabibning biror bemorni shifokorga yo‘naltirishiga imkon bo‘lardi.

Tibbiyot oliygohlarida xalq tabobati yo‘nalishining ochilishi yaxshi, albatta. Ammo, belgilangan o‘quv dasturlarida xalq tabobati nazariyasi va amaliyoti bilan qamrab olinish darajasi keng emas.

Men bilan muloqotda bo‘lgan talabalarning aytishicha, ularga o‘tilayotgan fanlar va mutaxassislar ularni qanoatlantirmayapti. Hali bu borada muammolar yetarli.

Qolaversa, ushbu yo‘nalishda dars beradigan o‘qituvchilarning ham tabobat ilmidan xabari bo‘lishi kerak-da. Ammo ta’lim tizimidagi ayrim talablar bunga imkon bermaydi. Masalan, qaysidir ilmiy darajaga ega odamning dars berishi haqidagi me’yor. Natijada tabobatdan yiroq bo‘lgan mutaxassislar dars o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda. Malhamlarning tayyorlanishi, asalari-yu, chayondan zahar olinishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, amalda sinamagan talaba, ertaga biror joyda ishlaganda xalq tabobatining kuchiga qanday ishonadi?

Umuman olganda haqiqat bir: shifokor ham, tabib ham Yaratganning beradigan davosiga sababchi. Muammo esa ularning o‘sha haqiqatga olib boruvchi yo‘lni turli va ayro deb bilishlarida. Yo‘llar birlashganda maqsadga erishish osonroq bo‘ladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Elektr ta’minotidagi uzilishlarga ko‘p duch keldim” — O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgan IT-mutaxassis taassurotlari
Dunyo
“Sirli odam” — Murali Lal Jalanning Minerva City bo‘yicha intervyusi bahslarga sabab bo‘lmoqda. Lal Jalan aslida kim?
Sport
Bobur Abduxoliqov Belarusda mavsumning eng yaxshi to‘purari va eng yaxshi futbolchisi sovriniga ega chiqdi