Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Qatardagi Jahon Chempionati boshlanishiga bir yildan kam vaqt qoldi. Aksariyat mintaqalarda bir qancha jamoalar mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritib ham bo‘ldi. Qolgan jamoalar to‘rt yillikning asosiy musobaqasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan bir vaqtda Qatar turli mamlakatlardan mehmonlarni qabul qilishga tayyorgarlikning yakuniy bosqichiga kirmoqda.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

“Chempionat” nashri Qatarga borib, kelasi kuz-qishda muxlislarni nimalar kutayotganini o‘rganib chiqdi.

Qatar yakuniy ovoz berish jarayonida 2010-yilda AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliya variantlarini ortda qoldirib, JChga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgan;

Musobaqaning o‘tkazilish sanasi: 2022-yilning 21-noyabrdan 18-dekabrigacha;

Ishtirokchilar soni: 32;

O‘yinlar 5 ta shaharda 8 ta stadionda o‘tkaziladi. Bular: “Lusail”, “Xalifa” xalqaro stadioni, “Al-Bayt”, “Ar-Rayyan”, “Al-Janub”, “At-Tumama”, “974”, “Edyukeyshn Siti”;

Kuniga 4 tadan o‘yin o‘tkaziladi. Obyektlar orasidagi eng uzun masofa — 75 km.

Birinchi punkt. Mamlakat

Qatar — Fors ko‘rfazining suvlari bilan yuviladigan, janubda Saudiya Arabistoni bilan chegaradosh bo‘lgan kichik yarim orol. Mamlakat uch narsasi bilan mashhur: tabiiy gaz konlari, katta neft zaxiralari va bularning barchasi topilgunga qadar bu yerda “marvarid qidirib yashagan ko‘chmanchilar”.

Tarixga chuqur sho‘ng‘imagan holda, Qatarning 1971-yildan buyon to‘liq mustaqil davlat sifatida mavjudligini aytish mumkin. Bungacha ular arab xalifaligi tarkibida (VII asrdan XIII asrgacha), keyinchalik (XIV asrgacha) Bahrayn amirlari hukmronligi ostida bo‘ladi; XVI asr boshlarida esa bu yerga portugallar, keyin Usmonlilar imperiyasi keladi. 1916-yildan 1971-yilgacha Qatar Britaniya protektorati ostida bo‘lgan, shundan keyin mamlakat mustaqillikka erishadi. Shu bilan birga, Qatar davlatchiligining boshlanishi 1878-yil 18-dekabriga to‘g‘ri keladi — o‘sha paytda Usmonlilar imperiyasi hukmronligi ostida Shayx Jassim bin Muhammad at-Tani Qatar qirolligini tuzishga erishadi.

Tabiiy gaz va neft topilgunga qadar mamlakat Fors ko‘rfazi davlatlarining eng qashshoqlaridan biri edi. U yerda ko‘chmanchilar lagerlari bo‘lgan cheksiz cho‘l bo‘lib, davlat xazinasiga daromad asosan marvarid qazib olishdan tomayotgan edi. Mahalliy aholi, marvarid qazishdan tashqari, lochin boqish va yog‘och qayiqlar yasash bilan shug‘ullangan. 1971-yilga kelib, hududda tabiiy resurslar topildi va mamlakat ustidan cheksiz “pul yomg‘iri” yog‘ishni boshladi, Qatar bu orqali atigi 50 yil ichida (tarixan olib qaralsa, kichik muddat hisoblanadi) qum o‘rnida osmono‘par binolar qurishga, eng qashshoq mintaqadan eng boy hududga aylanishga va YaIM reytingida yuqori o‘rinlarga sakrashga muvaffaq bo‘ldi.

Davlat (bu yerda mutlaq monarxiya hukm suradi va har qanday siyosiy partiyalar tuzish taqiqlangan) dastlab unga tushgan pul miqdoridan biroz shoshib qoldi va mablag‘lar mantiqsiz ravishda sarflandi, resurslardan foydalanish samaradorligi reytingida Qatarning past o‘rinlardan joy olgani ham shundan dalolat beradi. Ammo mamlakat neftga qaram bo‘lib qolmaslik uchun 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqqan. 2022-yilda mamlakatda Jahon Chempionatining o‘tkazilishi ham 2008-yilda ishlab chiqilgan dasturning bir qismidir.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Qatar hamon qurilish bosqichida va bu jarayon yaqin yillarda to‘xtashi dargumon. Mamlakat poytaxti Dohada har bir qadamda qurilish ishlari olib borilmoqda.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Doha avvallari mashinalar uchun ko‘proq moslashgan bo‘lsa, hozir shaharda piyodalar va velosiped yo‘laklari ko‘payib bormoqda. Ammo piyodalar yo‘laklarida unchalik ko‘p odam yurgani kuzatilmaydi. Ayniqsa, kunduzi, jazirama vaqtida odamlarni ko‘chada uchratish juda qiyin masala.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Qatarda 2,9 milliondan kamroq aholi istiqomat qiladi, ularning 80—85 foizini ekspatriantlar (kelib chiqishi boshqa mamlakatdan bo‘lgan shaxslar) tashkil qiladi. Bular asosan, Hindiston, Pokiston va Erondan kelgan muhojirlar bo‘lib, ular qurilish maydonchalarida va taksi haydovchisi sifatida faoliyat yuritadi. Xizmat ko‘rsatish sohasida osiyoliklar anchagina, yirik kompaniyalarni esa yevropaliklar “egallagan”. Jahon Chempionatiga tayyorgarlikni to‘liq nazorat qiluvchi Qatar oliy qo‘mitasi tarkibiga ko‘plab xorijliklar kiritilgan.

Qizig‘i shundaki, 2030-yilgacha mo‘ljallangan dasturdan “qatarlashtirish” siyosati ham o‘rin olgan. Unda xususiy va davlat sektoridagi lavozimlarida Qatar fuqarolarining ulushini oshirish ko‘zda tutilgan, ko‘p sonli chet elliklar esa mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy to‘siq sifatida qaralmoqda. Shu bilan birga, “agar xorijliklar ketsa, Qatar bo‘ylab qurilayotgan ko‘p sonli uylarda kim yashaydi?” degan savolga mahalliy aholi jilmayibgina shunday javob beradi: “Mayli, baribir kimdir keladi!”.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Ko‘chalarda odamlarning kamligi va kechki payt ko‘plab uylarda yorug‘likning yo‘qligi birgalikda qandaydir sun’iylik taassurotini yaratadi. Ba’zida hamma narsa juda chiroyli, lekin ayni paytda g‘ayritabiiy bo‘lib ham tuyuladi.

Masalan, Venetsiyani eslatib yuboradigan zamonaviy massivlardan biri. Bu yerdan chet elliklar ko‘chmas mulk sotib olish huquqiga ega.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Yoki shaharning “tarixiy” hududidan.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Ikkinchi punkt. Qatar bundan foyda ko‘radi

Mamlakatning asosiy shiori quyidagicha: Qatar deserves the best (Qatar eng yaxshisiga loyiq). Bu cheksiz qurilish loyihalariga ham, mahalliy aholining farovonligini muntazam yaxshilab borish harakatlariga ham taalluqlidir — bir tarafda shahardan ancha uzoqda joylashgan ko‘rfaz bo‘lib, ikkinchi tomon cho‘l bo‘lsa, boshqa nima ham qilish mumkin? Qatarda doimiy ravishda turli xil san’at (mamlakatda san’atning etnik turlaridan tortib to zamonaviylarigacha alohida muhabbat mavjud) va sport musobaqalari o‘tkazilib keladi. Mamlakat ayniqsa, hozir ikkinchisiga faol sarmoya kiritmoqda, shuning uchun Doha tennis kortlari, futbol maydonlari, suzish havzalari, sport zallari va stadionlar bilan to‘la. Qatar allaqachon futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati, tennis bo‘yicha ATP turniri, gandbol, yengil atletika va og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionati, Formula-1 Gran-prisi va hattoki Turkiya shashkasining jahon birinchiligiga mezbonlik qilishga ulgurdi.

Xo‘sh, bularning barchasi nega kerak? Avvalo, mamlakatni jahon miqyosida tanitish, nufuzini mustahkamlash, nafaqat infratuzilma, balki sportni ham yanada rivojlantirish uchun.

Qatarda Aspire akademiyasi mavjud bo‘lib, u yerda 2004-yildan buyon sportchilar, jumladan, futbolchilar yetishib chiqariladi. Butun dunyodan seleksioner, murabbiy, fizioterapevt va ruhshunoslar jamoasi qatarlik bolalarni tanlab, ular bilan ishlaydi. 2019-yilda akademiya o‘zining birinchi yirik natijasini berdi: o‘sha yili 10 nafar bitiruvchi Osiyo chempioni bo‘ldi. Tokio Olimpiadasida esa Mutaz Barshim balandlikka sakrash bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi — u ham mazkur akademiya tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Uchinchi punkt. Ko‘ngilxushlik

Qatarda shug‘ullanish mumkin bo‘lgan ishlar unchalik ham ko‘p emas, lekin u yerda zerikishdan hech kim o‘lib qolmaydi va bu kishini xursand qiladi. Birinchidan, u yerda qiziqarli muzeylar mavjud (lekin bu hamma uchun ham mo‘ljallangan emas), u yerda Islom san’ati va Qatar tarixi bilan tanishish mumkin.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Ikkinchidan, tarixiy tusdagi Souq Waqif bozorini uchratsa bo‘ladi, u yerda savdo do‘konlari bilan qoplangan tor ko‘chalarda sayr qilish yoki arab qahvasini ichish mumkin.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Uchinchidan, cho‘l safariga borish mumkin. Bu juda zavqli mashg‘ulot bo‘lib, qum ustida mashina boshqarishdan o‘zgacha bir zavq olish olish mumkin. Bularning barchasi hech qayerga ketib qolmaydigan ulkan quyosh fonida ro‘y beradi.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

To‘rtinchidan, siz bu kabi “qadimiy” qayiqlarga minishingiz mumkin.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Bularning barchasini milliy taomlar kafesida kechki ovqat bilan yakunlash mumkin.

To‘rtinchi punkt. Stadionlar

Qatardagi stadionlar o‘zgacha chiroy va salqinlikka ega, ularning har birining o‘z tarixi, Jahon Chempionatidan keyingi kelajak uchun uzoq vaqt oldin tayyorlangan rejasi va tomoshabinlar uchun kafolatlangan qulayligi bor. Muxlislar jaziramadan aziyat chekmasligi uchun sakkizta stadionning yettitasiga sovitish tizimi o‘rnatilgan — tashqarida quyosh charaqlayotgan bo‘lsa ham, ichkarida hamma uchun qulay bo‘lgan +21 daraja o‘rnatiladi.

“Jahon Chempionatini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritganimizdan so‘ng, biz stadionlar uchun sovitish tizimini ishlab chiqishni boshladik. Har bir o‘yinning eng muhim uchta komponenti: tomoshabinlar, futbolchilar va maydon uchun qulay sharoit yaratishimiz kerak edi. Ishlab chiqish jarayonida biz termal indeksdan foydalandik — havo harorati va namlik nisbati, bu issiq havoda odamning hislarini baholash imkonini beradi. Stadion tashqarisida ushbu ko‘rsatkichlarni, shuningdek, quyosh radiatsiyasi darajasini o‘lchaydigan monitoring (nazorat) tizimi o‘rnatilgan”, — degandi innovatsion texnologiyani yaratgan muhandis-mexanik Saud Abdulg‘ani jurnalistlarga.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Har bir o‘rindiq ostida sovitilgan havo oqib chiqadigan shamollatish teshikchalari joylashgan, ammo bu tomoshabinlarning oyoqlariga hech qanday noqulaylik tug‘dirmaydi: o‘rindiqqa o‘tirilsa, “ko‘rinmas sovuq buluti” oyoqni o‘rab olgandek his uyg‘onadi. Shunchaki ajoyib his.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Tizimni ishlab chiqish juda ko‘p vaqtni olgan, faqatgina kompyuter modelini yaratish uchun, taxminan, bir yil sarflandi: muhandislar uni qanday sozlashni aniqlash uchun turli xil ob-havo sharoitlarini daqiqasigacha aniqlik bilan ko‘rib chiqdi. Shundan so‘ng ulkan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, uning davomida turli turli xil jins, yosh va millat vakillari issiqlik hamda sovuqqa qanday munosabatda bo‘lishi o‘rganildi. Ma’lumotlar Rossiyadagi Jahon Chempionati vaqtida to‘plangan — ular turli mamlakatlardan kelgan muxlislardan o‘yinlarni tomosha qilish uchun qaysi ob-havo eng qulay deb hisoblashini so‘ragan. Shundan so‘ng, to‘plangan javoblar yig‘indisini qayta ishlash boshlandi, buning natijasida sovuq hududlardan kelgan odamlar iliqlikni, issiq mamlakatlardan tashrif buyurganlar esa, aksincha, sovuqni afzal ko‘rishi aniqlandi. Bu vaziyatda barcha uchun qulay “oltin o‘rtalik”ni izlash kerak edi. Shu tariqa +21-22 daraja belgilandi.

“Ko‘pchilik davlatlar o‘z stadionlarini dizayn g‘oyasi sifatida taqdim etardi. Biz texnologiyaga e’tibor qaratdik”, — deydi Saud Abdulg‘ani tabassum bilan.

Bunday “komfort” stadionlar qurilishi umumiy budjetning 15—20 foizini tashkil qiladi, ammo Qatar sovitish tizimisiz arenalar qurishni o‘ylab ham ko‘rmagan, boisi mamlakatning Jahon chempionati merosi bo‘yicha rejalari yil davomida obyektlardan foydalanishni nazarda tutadi, yozda esa bu yerda havo harorati +50 darajani tashkil qiladi.

Rejalar esa ulkan — stadionlarning aksariyati ijtimoiy va jamoat ehtiyojlari uchun qayta quriladi, yuk tashish konteynerlari va 30 ming tonna po‘latdan qurilgan “974” arenasi esa to‘liq demontaj qilinadi va qismlari xayriya ishlariga sarflanadi.

Foto: “Chempionat”

Foto: “Chempionat”

Beshinchi band. Barchani qiziqtirayotgan savollar

Qatarda shortilarda yurish mumkinmi? Ha. Buning uchun hech qanday taqiq yo‘q. Lekin ayollar kiyim tanlashda ehtiyotkorroq bo‘lishi kerak: kalta bo‘lmagani yaxshiroq.

Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish mumkinmi? Bo‘ladi, lekin ko‘plab cheklovlar bilan: faqat fan-zonalar va mehmonxona barlarida.

Qayerda yashash mumkin? Tashkiliy qo‘mita muxlislar uchun budjet variantlari mavjud bo‘lishini va’da qilmoqda: suv bo‘yi va cho‘l hududidagi mehmonxonalarda, shuningdek, AirBnb xizmati orqali ijaraga olish.

FAN ID bo‘ladimi? Ha. Qatar o‘ziga xos City Pass tashkil qilishni reja qilmoqda, bu orqali muxlislar nafaqat stadionlar va transportdan bepul foydalanadi, balki kafe va muzeylarda ham chegirmalarga ega bo‘ladi.

Emlanish kerakmi? Ha.

Chiptalar qachon sotila boshlaydi? Chipta dasturi yanvar oyida boshlanishi kerak, biroq hozirdanoq FIFA Hospitality paketlarini xarid qilish mumkin. Bitta o‘yin uchun eng arzon chipta 950 dollarni tashkil qiladi, eng qimmati esa 4950 dollar.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Irlandiyadagi qamoqxonada “buyuk qochish”, sakkiz soatli ish rejimini qo‘llagan Genri Ford va qon quyish bo‘yicha birinchi muvaffaqiyatli amaliyot. Kun xronologiya...
Mahalliy
“Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak” — Vladimir Norov
Mahalliy
Foto: Dubay—Namangan—Dubay yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi