Filippin sudi Rappler muxolifatchi nashrining asoschisi Mariya Ressa Nobel mukofotini shaxsan olish uchun 10-dekabr kuni Osloga borishi mumkinligi haqida qaror chiqardi. Jurnalist Osloga safari rejasini taqdim etgan, unda vataniga “zudlik bilan qaytishi” ko‘rsatilgan, deb yozadi CNN.

Foto: Reuters

Qarorda aytilishicha, “mavjud sharoitda Ressa hech qanday texnologiya dasturidan foydalana olmaydi va uning Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirish marosimida bo‘lishi zarurligi asosli”. Sud xulosasiga ko‘ra, jurnalistda mukofotni masofaviy formatda olish imkoniyati yo‘q.

Filippin bosh prokuraturasi Mariya Ressaning safariga to‘sqinlik qilishga urindi. Muassasa jurnalistning marosimda shaxsan ishtirok etishi majburiy emas deb hisobladi. Shuningdek, prokuratura jurnalistning 2012-yilda filippinlik tadbirkor Vilfredo Kengega nisbatan kibertuhmatda ayblanib, olti yillik qamoq jazosiga hukm qilinganini, biroq garov evaziga qo‘yib yuborilganini eslatdi.

Bundan tashqari, prokuraturada Ressa ushbu safardan xorijda yashirinish uchun foydalanishi mumkinligi ham aytildi. Muassasa bu pozitsiyani jurnalist Rappler nashrida uning hukmini bir necha bor tanqid qilgani bilan dalilladi.

“U onlayn jurnalda o‘zining kiber tuhmat bo‘yicha sudlanganini doimiy ravishda muhokama qiladi. Bu nafaqat faxriy sudga, balki butun adliya tizimiga hurmatsizlikdan dalolat beradi. Aslida, bu harakatlar bilan Ressa bizning sud tizimimiz xolis adolatni ta’minlay olishiga haligacha ishonmasligini ko‘rsatadi”, — deyiladi Filippin bosh prokuraturasida.

Filippinlik jurnalist Mariya Ressa tinchlik bo‘yicha 2021-yilgi Nobel mukofoti sovrindorlaridan biri. U mamlakatdagi so‘z erkinligi uchun kurashgani tufayli mukofotga loyiq ko‘rilgan 2012-yilda u muxolif jurnalistik tadqiqotchi nashr Rappler’ga asos solgan. Unda Filippin prezidenti Rodrigo Dutertening “giyohvandlikka qarshi urushi” faol yoritilgan. Mamlakatda Duterte hukmronligining ikki yili davomida giyohvand moddalar savdosida gumon qilingan 20 mingdan ortiq odam qatl qilingan. Ulardan aksariyatining aybi isbotlanmagan.