Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar—oktabr oylarida O‘zbekiston xorijdan 23,9 ming tonna go‘sht import qilgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, go‘sht importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 7,3 ming tonnaga oshgan.

2021-yilning yanvar—oktabr oylarida O‘zbekiston eng ko‘p go‘sht import qilgan davlatlar:

  • Belarus – 16,2 ming tonna;
  • Qozog‘iston – 3,5 ming tonna;
  • Ukraina – 2,3 ming tonna;
  • Rossiya – 606 tonna;
  • Moldova – 600 tonna.

Shuningdek, O‘zbekistonda 2021-yilning 9 oyida 1,9 million tonna go‘sht yetishtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning mayida prezident Shavkat Mirziyoyev go‘sht va o‘simlik yog‘ining jahon bozoridagi narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerakligini ta’kidlagandi. Oktabrda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekistonda go‘sht va kartoshka mahsulotlari narxini arzonlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinganini ma’lum qildi. 21-oktabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan edi.