O‘zbekiston OTMlariga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish muddati uzaytirilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Bugungi kunda ko‘pchilik talabalar va ularning ota-onalari murojaatlarini inobatga olib, to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar hamda o‘qishini bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirayotgan talabalar uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddatini uzaytirish bo‘yicha vazirlik tomonidan tegishli takliflar tayyorlandi va to‘lov muddati uzaytirilishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, Davlat komissiyasining tegishli yig‘ilish bayoniga asosan respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga to‘lov-kontrakt, shu jumladan, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish muddati 20-noyabr sanasi etib belgilangan edi.

Avvalroq O‘zbekistonda abituriyentlarga tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnomalarini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgani, OTMlarda 2021/2022-o‘quv yili uchun super-kontrakt miqdorlari tasdiqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.