Farg‘onada so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 3 kishi vafot etdi. Quyida ushbu YTH tafsilotlarini taqdim etamiz.

Lacetti bilan to‘qnashgan Nexia haydovchisi mashina ichida yonib ketdi.

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YHXB axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 19-noyabr kuni soat 16:10 larda 1985-yilda Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan fuqaro T.E. Nexia-3 ni Oltiariq tumani Katput qishlog‘i hududidan o‘tgan 4R-112 Farg‘ona halqasi avtomobil yo‘lining 257-kilometrida boshqarib ketayotib, 1998-yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan A.Sh. boshqaruvidagi Lacetti bilan to‘qnashib ketgan.

Nexia-3 avtomobilidan uchqun chiqib, yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida haydovchi T.E. mashina ichida yonib ketib, hodisa joyida vafot etgan. Lacetti haydovchisi A.Sh. va uning onasi X.R. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oltiariq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Daraxtga urilgan Lacetti ichida bo‘lgan ikki kishi shifoxonada vafot etdi

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida Oltiariq–Vodil avtomobil yo‘lining 68-kilometrida Lacetti haydovchisi avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.

Oqibatda mashinadagi 22 va 16 yoshli fuqarolar og‘ir tan jarohati olib shifoxonada vafot etgan.