Toshkent viloyatida ob-havoning keskin o‘zgarishi hamda qor yog‘ishi sabab bir qancha yo‘l-transport hodisalari yuzaga keldi. Quyida ushbu YTHlar tafsilotini taqdim etamiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron tumanida 10 ga yaqin mashinalar YTHga uchradi nomli xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

17-noyabr soat taxminan 18:50 larda Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o‘tgan M–39 avtomobil yo‘lining 132-kilometrida, haydovchilar ob-havo sharoitini inobatga olmasdan, oraliq masofani saqlamagan holda harakatlanishi oqibatida mayda to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

YTH natijasida hech kim jarohat olmagan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Hozirda voqea joyida Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIB YHXB xodimlari harakat xavfsizligini ta’minlagan holda surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Nexia-3 boshqaruvni yo‘qotib chuqurlikka tushib ketdi.

Shuningdek, 17-noyabr kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida A-373 Toshkent–Ohangaron yo‘lida harakatlanib ketayotgan Nexia-3 avtomobil haydovchisi kutilmaganda boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtomobil yo‘lining o‘ng tomonidagi chuqurlikka tushib ketgan.

Foto: FVV

Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in-qutqaruv qismiga mazkur hodisa yuzasidan xabar kelib tushgan. Xabarga ko‘ra, qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, avtomobil haydovchisiga zarur amaliy yordam ko‘rsatib, maxsus texnikalar yordamida chuqurlikdagi avtomobilni olib chiqqan.

Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.