Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida 10-oktabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Xayrulla Umarov, Slovakiyaning mamlakatdagi elchisi Yan Bori va “SLOVMEDIA SK s.r.o.” kadrlar agentligi vakili T.Bretsk ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, uchrashuvda O‘zbekistonda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb va chet tillariga o‘qitish, xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berilib, fuqarolarni Slovakiyada ishga jalb qilish masalalari muhokama qilingan.
Qayd etilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “SLOVMEDIA SK s.r.o.” kadrlar agentligi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Slovakiyaga tashkillashtirilgan tarzda ishga jalb qilish bo‘yicha memorandum imzolangan. Memorandum doirasida fuqarolarni yuk mashinalari haydovchisi yo‘nalishi bo‘yicha ishga yuborish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, agentlik Slovakiyada ishlash istagida bo‘lgan yuk mashinasi haydovchilari uchun vakansiya e’lon qildi. Qayd etilishicha, oylik maosh 1500 yevrodan boshlanadi. Fuqarolarning turar joy xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplab beriladi. Haydovchi Slovakiya—Germaniya—Niderlandiya—Belgiya—Fransiya yo‘nalishida yuk mashinalarini boshqaradi.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:
- C, E toifadagi haydovchilik guvohnomasi;
- sohada kamida 15 yillik ish staji;
- emlangan bo‘lishi;
- rus tilini bilish (Yevropa Ittifoqi davlatlari tillarini bilishiga ustunlik beriladi).
Eslatib o‘tamiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 2021-yilning 10 oyi davomida xorijiy davlatlarda ishga joylashtirilgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, agentlik tomonidan 91 958 nafar fuqaro xorijiy davlatlarda ishga joylashtirilgan. Shundan aksariyat qismi — 84 574 nafar migrant Rossiyaga yuborilgan.
Mavzuga doir:
- “Biz Rossiyaga qullarni jo‘natmayapmiz, yaxshi ishlarni beruvchilar bilan shartnoma qilyapmiz” — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi
- Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Yaponiyada ishlash istagidagi tikuvchi ayollar uchun vakansiya e’lon qildi
- O‘zbekistondan Janubiy Koreyaga mehnat migrantlarini qabul qilish jarayoni noyabr oyi oxirida tiklanadi