O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) tartib-intizom qo‘mitasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator futbolchi hamda rasmiylarga nisbatan tartib-intizom choralari belgilandi.
O‘zbekiston Kubogi nimchorak final doirasidagi “So‘g‘diyona” – “Nasaf” uchrashuvida “So‘g‘diyona” jamoasining bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev o‘yin davomida bir necha bor hakamlar jamoasi qaroridan o‘z noroziligini qo‘pol tarzda bildirgan. Uchrashuv yakunidan so‘ng esa “Nasaf” jamoasining 92-raqamli futbolchisi Umar Eshmurodov bilan o‘zaro tortishib qolib, ommaviy janjal kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Bu esa uchrashuv yakunidan so‘ng muxlislar tomonidan uchrashuv rasmiylari va futbolchilariga har xil buyumlar uloqtirilishiga sabab bo‘lgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “So‘g‘diyona” jamoasi vakillari Ulug‘bek Baqoyev hamda Bahodir Nasimov, shuningdek, “Nasaf” klubi futbolchisi Umar Eshmurodov ikkita o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va ularga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
O‘zbekiston Kubogi chorak final bosqichida “So‘g‘diyona” — “Nasaf” futbol klublari o‘rtasidagi uchrashuv vaqtida “So‘g‘diyona” futbol klubi ishqibozlarini muxlislik madaniyatidan chetga chiqib, stadionga turli buyumlarni uloqtirgani, stadion va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, jamoa rasmiy shaxslari tomonidan stadionda tartibsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilgani uchun O‘FA Intizom kodeksining 5.4-bandlariga muvofiq “So‘g‘diyona” futbol klubiga nisbatan Superliganing 25-tur doirasidagi “So‘g‘diyona” — “Nasaf” uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish intizom chorasi qo‘llanildi.
O‘zbekiston Superligasining 23-turi doirasidagi “Andijon” — “Nasaf” uchrashuvida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘yinning 70-daqiqasida hakamlar jamoasidan o‘z noroziligini bildirib, jamoani maydondan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgani, lekin bir necha daqiqalik muzokaralardan so‘ng u bilan uchrashuvni davom ettirishga kelishilgani, natijada Intizom kodeksining bir necha bandlarini buzilgani aniqlandi. Bundan tashqari, Ro‘ziqul Berdiyev uchrashuvning 90+3 daqiqasida muxlislarga nisbatan nojo‘ya so‘zlar ishlatgani, ushbu holat bilan ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgani uchun Ro‘ziqul Berdiyev ikkita o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Ta’kidlanishicha, qo‘mitaga “Bunyodkor” futbol klubi tomonidan xat kelib tushgan. Unda “Bunyodkor” klubi Superliganing 22-tur doirasidagi “Navbahor” — “Bunyodkor” uchrashuvida “Navbahor” jamoasi futbolchisi Sardor Telyakov uchrashuvning 19-daqiqasida raqib o‘yinchisiga nisbatan o‘yin qoidasini jiddiy tarzda buzgani, lekin bu vaziyatda hakam Telyakovga nisbatan hech qanday ogohlantirish yoki chetlatish qo‘llamaganligi ta’kidlangan. “Bunyodkor” tartib-intizom qo‘mitasidan Sardor Telyakov nisbatan tegishli chora ko‘rishni so‘ragan.
“2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston PFL tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar Reglamenti”ning 16.3-bandida belgilangan muddatda kiritilmagan hamda uchrashuv qaydnomasida qayd etilmagan shikoyat yoki e’tirozlar ko‘rib chiqilmasligi qayd etilgani uchun O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi “Bunyodkor” futbol klubining mazkur shikoyat xatini ko‘rib chiqilmaslikni lozim topgan.