Ijro mahorati va o‘ziga xos rollari bilan muxlislar qalbidan joy olib ulgurgan hind aktyori — Ritik Roshan qanday filmlarda ishtirok etmoqchi ekani haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
“Vikram Vedha”
2021-yilning oktabrida Ritik Roshan tamil filmi “Vikram Vedha”ning hind tilidagi remeykini suratga olish ishlarida ishtirok etishni boshlab yubordi. Tamil filmi “Vikram Vedha” 2017-yil ekran yuzini ko‘rgan bo‘lib, unda Madxavan, Vijay Setupati suratga tushgan. Hindcha versiyada esa muxlislar Ritik bilan birga Saif Ali Xonni ham ko‘rishi mumkin bo‘ladi.
“Ramayana”
Ritik Roshan “Ramayana”ning yangi versiyasida Dipika Padukone bilan suratga tushadi. Ular Ram va Sitani gavdalantirishi kutilayotgan loyihada, shuningdek, Ranbir Kapur ham rol ijro qiladi.
“Jangchi”
Ayni vaqtda Shohruh Xon ijrosidagi “Pathan” filmini suratga olayotgan Siddxart Anandning keyingi “Jangchi” (Fighter) nomli loyihasi Hindiston tarixidagi ilk havo-harbiy kuchlari faoliyatiga asoslangan film bo‘lishi kutilmoqda. Unda ham aktyor Dipika Padukone bilan birga suratga tushadi.
“Krish-4”
Ritik Roshan ishtirokidagi “Krish” filmi ilk bor bundan 15 yil avval 2006-yilda ekran yuzini ko‘rgan edi. Film nafaqat Hindiston, balki butun dunyoda mashhurlikka erishgan. Aktyor franshizaning to‘rtinchi qismida ham suratga tushib, bosh qahramonni gavdalantiradi. Muxlislar anchadan intiqlik bilan kutayotganiga qaramay, “Krish-4”ning suratga olishni boshlash biroz cho‘zilgan, rejissor Rakesh Roshan esa buning boisi bir necha sabab bilan bog‘liqligini ta’kidlagan. Shuningdek, u ssenariy ustida ishlash hali yakuniga yetmaganini ma’lum qilgan. Ritik Roshan “Vikram Vedha” va “Jangchi”dan keyin “Krish-4”ning suratga olish ishlarida ishtirok etishni boshlab yuboradi.