Amerika hukumati Afg‘onistonda davom etayotgan inqirozdan jabr ko‘rgan insonlar uchun qariyb 144 million dollarlik gumanitar yordam yuboradi. Ajratilgan pullar, xususan, afg‘onlarni oziq-ovqat va zaruriy dori vositalari bilan ta’minlashga, shuningdek, qishga tayyorlashga yo‘naltiriladi. Bu haqda Oq uy bayonotiga tayanib, “Kommersant” xabar berdi.

Foto: Getty Images

AQSh administratsiyasi press-relizida yozilishicha, mablag‘lar mintaqadagi 18,4 milliondan ortiq afg‘onga, shuningdek, qo‘shni mamlakatlardagi qochoqlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam ko‘rsatib kelayotgan mustaqil gumanitar tashkilotlar orqali kelib tushadi. Ushbu summa bilan qo‘shib hisoblanganda Vashinton tomonidan 2021-yilda afg‘onlar uchun ajratilgan jami gumanitar yordam miqdori 474 million dollarga yetmoqda, bu boshqa mamlakatlar orasida eng yirik summa hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekistonning Termiz shahrida asosiy logistika markazini ochgandi. Oktabr oyi o‘rtalarida ushbu logistika markaziga BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha boshqarmasining Afg‘onistonga atalgan 100 tonnalik insonparvarlik yordami olib kelingan edi. Ushbu gumanitar yordam yuk mashinalariga ortilib Termizdan “Hayraton” chegara punkti orqali Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahriga yetkazilishi lozim edi.

Ma’lumot uchun, 14-sentabr kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyabzallardan iborat insonparvarlik yordami yuborgandi.