Braziliya hukumatining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi harakatlari yuzasidan tekshiruv o‘tkazgan mamlakat Senati komissiyasi ko‘pchilik ovoz bilan prezident Jair Bolsonaruga qarshi ayblovlarni yoqlab ovoz berdi. Bu haqda mahalliy OAVlarga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Reuters

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, komissiyaning 11 nafar senatoridan yettitasi Bolsonaruga nisbatan ayblovni yoqlagan.

Bolsonaru va hukumatning boshqa a’zolari kollektiv immunitetga erishish umidida koronavirusning aholi orasida tarqalishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblanmoqda.

Komissiya hisobotida pandemiyaning mamlakatga ko‘rsatgan ulkan ta’siri sabab 78 nafar shaxs, jumladan, Bolsonaruga hamda ikkita kompaniya jinoiy ish qo‘zg‘atish tavsiya etilgan. Senatorlar shaxsan Bolsonaruni to‘qqizta jinoyat bo‘yicha ayblash taklifini bildirgan, xususan, jinoyatchilikka, firibgarlikka va insoniyatga qarshi jinoyatlarga undash.

Senat komissiyasining hisoboti endi Braziliya bosh prokuraturasiga yo‘llanadi. Ammo bosh prokuror Augusto Aras prezidentning ittifoqdoshi hisoblanadi va u Bolsonaruga nisbatan ayblov e’lon qilmasligi kutilmoqda.

Shuningdek, taxminlarga ko‘ra, komissiya hisobot nusxasini Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudiga yo‘naltirishi mumkin. Bolsonaruning o‘zi komssiyaning hisobotini xolis deb hisoblamasligini bildirgan.

“Ular meni genotsidda aylamoqda, firibgar, falsifikator va yakson qiluvchi deb atayapti. Bu yigitlar qilgan ish, bema’ni”, — deydi prezident.

Shu bilan birga, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Braziliya yetkachisining tarafini olib chiqqan. “U Braziliya xalqi uchun qattiq kurashmoqda va uni yaxshi ko‘radi — xuddi men buni Qo‘shma Shtatlar uchun qilganim kabi”, — deya ta’kidlaydi Tramp.

Avvalroq Braziliya prezidenti harbiy to‘ntarish uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishda ayblangani, Bolsonaru emlanganlik sertifikati yo‘qligi uchun Nyu-York restoranlariga kiritilmagani to‘g‘risida xabar berilgandi.