Braziliyaning Maranyan shtati hukumati mamlakat prezidenti Jair Bolsonaruni Asaylandiya shahriga tashrifi chog‘ida aksiya uchun odamlarni to‘plagani, ammo o‘zi bu vaqtda niqobsiz holda bo‘lgani uchun jarimaga tortdi, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: EPA

Maranyan shtati Sanitar nazorat boshqarmasi Bolsonaruni “niqob taqish majburiyati”ni bajarmagan va “sanitar nazoratsiz 100 dan ortiq odamning to‘planishiga sababchi bo‘lgan” deb topdi.

Hodisa Maranyanda koronavirusning “hindcha” shtammiga chalinish bilan bog‘liq oltita holat aniqlanishi fonida yuz bergan.

Bolsonaru koronavirus tarqalishi tufayli cheklov choralarini joriy qilishga qarshi turgan prezident sifatida taniqli. Shu tufayli mamlakatda pandemiya davrida to‘rt marta sog‘liqni saqlash vaziri almashgan. Dastlab Bolsonaru koronavirusning xavfliligini namoyishkorona inkor qildi, kasalxonaga niqobsiz tashrif buyurdi, keyin esa o‘zi koronavirusni yuqtirib oldi. Shundan so‘ng u qat’iy lokdaundan bosh tortishni iqtisodiy muammolar bilan izohlay boshladi: “Bizda virus va ishsizlik ikkita asosiy dushmanimiz bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Bu haqiqat. Agar uyda o‘tirsak, bu muammoni hal qila olmaymiz”, — dedi Bolsonaru.

Aprel boshida dunyo bo‘yicha COVID-o‘limlarning, taxminan, chorak qismi mazkur davlatga to‘g‘ri kelardi.

Butun pandemiya davrida mamlakatda 16 milliondan ortiq kishi koronavirus bilan kasallangan, shularning 448 mingdan ziyodi vafot etgan.