Rossiyaning Moskva shahrida 23-oktabr tunida Bellator 269 musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: “Sports.ru”

Kechaning asosiy jangida og‘ir vazn toifasida Fyodor Yemelyanenko amerikalik Timoti Jonsonni nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. Jonson birinchi raunddayoq boshidan uchta kuchli zarba o‘tkazib yubordi. Yemelyanenko ushbu holatda o‘ziga xos kombinatsiyasini qo‘llab, raqibini qulatishga muvaffaq bo‘ldi.

Usman Nurmagomedov esa mazkur kechada og‘ritish uslubi bilan Patrik Piyetiladan ustun keldi.

Bellator 269 musobaqasining asosiy kardi natijalari bilan tanishing:

  • Fyodor Yemelyanenko 1-raunddayoq Timoti Jonsonni nokautga uchratdi;
  • Said Sovma 3-raundda Vitaliy Minakovni texnik nokaut evaziga taslim qildi;
  • Usmon Nurmagomedov 1-raunda Patrik Piyetilani sabmishen orqali yengdi;
  • Anatoliy Tokov ochkolar evaziga Sharaf Davlatmurodovdan ustun keldi.

Qayd etish kerak, 45 yoshli rossiyalik MMA afsonasi ikki yil deganda ilk bor oktagonga chiqdi. Fyodor so‘nggi jangini 2019-yilning dekabrida Kuinton Jeksonga qarshi o‘tkazib, unda ham birinchi raunddagi nokaut evaziga g‘alaba qozongandi.

Timoti Jonson esa so‘nggi jangini 2021-yilning iyunida o‘tkazgan. Og‘ir vazn toifasining vaqtinchalik chempionligi uchun kechgan jangda Jonson Valentin Moldavskiyga yutqazib qo‘ygandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!