O‘zbekiston o‘z hududida AQSh harbiylarini joylashtirish zaruriyatini ko‘rmayapti, Vashington bu pozitsiyani tan oladi, dedi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rossiyalik jurnalistlarga. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar qildi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

TIV rahbari 22-oktabr kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida “Perviy kanal”, “Rossiya 24”, “NTV” telekanallari, “TASS”, “Kommersant” va “Komsomolskaya pravda” nashrlari muxbirlari ishtirok etdi. Uchrashuv ikki soatga yaqin davom etdi.

“Bugungi reallik shuki, bunga ehtiyoj yo‘q”, — dedi Abdulaziz Komilov O‘zbekiston hududiga AQSh harbiylarini joylashtirish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan.

TIV rahbari 2002-yilda imzolangan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyada va Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yilda Vashingtonga tashrifi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda o‘zaro hamkorlikning strategik yo‘nalishlari belgilab berilganini va “o‘zaro munosabatlarimizning chegaralari” bayon etilganini eslatib o‘tdi.

“Va ko‘plab har yillik siyosiy maslahatlashuvlar, ko‘plab jiddiy uchrashuvlar chog‘ida amerikaliklarga yetkazildi va ular qariyb barchasini tushunishdi hamda siz aytayotgan narsalar O‘zbekiston uchun mutlaqo qabul qilib bo‘linmas ekanligini tan olishdi va ular ko‘tarib chiqilmaydi hamda muhokama qilinmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.