AQSh mudofaa vaziri yordamchisi Kristofer Mayer boshchiligidagi idoralararo delegatsiya O‘zbekistonda chegara xavfsizligi masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum o‘zining Twitter’dagi sahifasida yozib qoldirdi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

Avvalroq Amerikaning Politico nashri AQSh Mudofaa vazirligi vakillari oktabrda O‘zbekistondagi tashrif davomida AQShning terrorizmga qarshi kurashish kuchlarini joylashtirishni muhokama qilmoqchi ekanini yozgan edi. O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov ushbu xabarga izoh bera turib, O‘zbekiston hududida AQShning terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qurolli kuchlarini joylashtirish imkoniyati “muhokama qilinmayapti va bu masala kun tartibida ham turgani yo‘q”, deya ta’kidlagan edi.

“Mudofaa vaziri yordamchisi Kristofer Mayer boshchiligidagi idoralararo delegatsiyaning tashrifi chog‘ida O‘zbekiston hukumati bilan so‘nggi bir necha kun ichida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha samarali muzokaralarda ishtirok etish va chegara xavfsizligi masalalarini muhokama qilishdan juda xursandman”, — deb yozadi Deniyel Rozenblyum.

May oyida The Wall Street Journal AQSh Afg‘onistondan olib chiqilayotgan qo‘shinlarini Markaziy Osiyoda yoki Yaqin Sharqda joylashtirish variantlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi. Maqbul variantlar sifatida O‘zbekiston va Tojikiston keltirilgandi.

O‘zbekistonning 2018-yil yanvar oyida qabul qilingan Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, mamlakatda xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va obyektlarini joylashtirishga ruxsat berilmaydi.