“Lokomotiv” bosh murabbiyi Mikael Sekeyra Superliganing 23-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etib, O‘zbekistonning UEFAga kirishi kerakligini aytdi.

Foto: “Lokomotiv”

O‘yin haqida

O‘yin qiyin o‘tdi. Ilk 20 daqiqalikda “Qo‘qon-1912” jamoasi agressiv o‘yin namoyish etdi. Hakamlar ham o‘yinni shunday davom ettirishga qo‘yib berdi. Bizning fikrimizcha, raqib birinchi golni qo‘l bilan urdi. Ikkinchi bo‘limda “Lokomotiv” o‘yin uslubini o‘zgartirdi va birinchi bo‘limga qaraganda ancha yaxshi o‘ynadik. 2:1 bo‘lishidan oldin Diyor Turopovda gol urish uchun imkoniyat bo‘lgandi. Hakam bu vaziyatga ham e’tibor bermadi. Ko‘pchilikning aytishicha, Diyorning libosidan tortib qolishibdi.

“Lokomotiv”ning oldinda turgan “So‘g‘diyona”, “Paxtakor” va “Nasaf”ga qarshi o‘yinlardagi imkoniyatini qanday baholashi haqida

Avvalambor harakat qilamiz. Bugun mag‘lubiyatga uchrashimiz kerak emasdi. Futbolchilar kiyim almashtirish xonasida xafa bo‘lib o‘tiribdi. Bu hakam bizning ishtirokimizdagi uchta o‘yinni boshqargan bo‘lsa, har uchala o‘yinda mag‘lubiyatga uchraganmiz. “Bunyodkor” bilan bahsda oddiy vaziyatda penalti qo‘yib bergandi. Yakunda ular 3:2 hisobida yutib ketgan. Bugungi hakamlikdan o‘zim ham juda xafaman. Portugaliyadagi hayotim davomida bunday hakamlikni biror marta ham ko‘rmaganman.

Men o‘zimning fikrimni aytmoqchiman, O‘zbekistonda futbolning rivojlanishi uchun bitta yo‘l bor, akademiyalar ochilmoqda to‘g‘ri, lekin bu narsa hal qilib bermaydi. O‘zbek futboli UEFAga a’zo bo‘lganidan so‘ng ko‘tariladi. Osiyoda qolar ekan, bunday tizim bilan hech qachon mundialga chiqa olmaydi. Bu tizim o‘zbek futboliga yakun yasab beradi. UEFAda hakamlar boshqacha bo‘ladi, futbolchilarning bir-biriga bo‘lgan hurmati o‘zgaradi, chempionat o‘zgaradi. Maydonda bir-birini urib sindirmaydi. Munosabat boshqa tomonga buriladi. Agar bu narsalar bo‘lmasa, kelajak yo‘q.

Hozir kerakli so‘zlarni topa olmayapman, bir kun ketadigan bo‘lsam, juda xafa bo‘lib ketaman. Chempionat yakunlangach, uyimga ketaman. Xafa bo‘ladigan tomonim, bu yerda yaxshi futbolchilar bor. Biroq bu tizim, chempionat, hakamlar... Akademiyalar ko‘paymasa, UEFAga a’zo bo‘lmasa, hech qachon Jahon Chempionatiga bormaydi, hech qachon. Nol bo‘lib qoladi. Men omad tilayman O‘zbekistonga. Yurtingizda yaxshi insonlarni ko‘rdim. Ammo shu tizim bo‘lsa, o‘zbek futboli cho‘kishda davom etadi. Haqiqatni aytaman, tamom.

Mikael Sekeyra, “Lokomotiv” bosh murabbiyi

Qo‘qonda o‘tgan o‘yin mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. “Lokomotiv” matbuot xizmati uchrashuvdan keyin mag‘lubiyat haqida klubning Telegram kanalida “Qo‘qonda offsayd va qo‘l bilan urilgan gol sababli mag‘lub bo‘ldik”, — deb yozib qoldirdi.

Shuningdek, “Qo‘qon-1912” ustozi Baxtiyor Ashurmatov hakamlik borasidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

“Hakamlar ikkala tomonga ham xato qildi, qaysidir jamoaga yon bosdi deb ayta olmayman. Afsuski, bugun VAR ishlatilmadi. G‘alabadan keyin hakamlik haqida gapirishim noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Yakuba Bambadan gol urilgan vaqtda to‘p qo‘linga tegdimi deb so‘radim, u to‘p yuziga tegib, darvozaga kirganini aytdi”, — deb Ashurmatovning so‘zlarini keltirmoqda “Championat.asia”

“Lokomotiv” 23-turdan keyin 33 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda. Hisobida 32 ochko bo‘lgan “Qo‘qon-1912” esa 8-pog‘onani band etgan.