Google kompaniyasi Android 12 operatsion tizmiga ega o‘zining Tensor protsessori asosida yasalgan Pixel 6 va Pixel 6 Pro smartfonlarini taqdim etdi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: The Verge

Google Tensor’dagi tizim — bu ikkita yuqori samarador, ikkita o‘rtacha va to‘rtta energiya samarador yadro, 20 yadroli grafik chip, tasvirlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan signalli protsessor, xavfsizlik chipli protsessor hisoblanadi.

Pixel 6’ga FHD+ sifatni qo‘llab-quvvatlaydigan tasvir yangilanish chastotasi 90 gertsga teng bo‘lgan 6,4 dyuymli displey o‘rnatilgan. Pixel 6 Pro esa yangilanish chastotasi 10 dan 120 gertsgacha o‘zgarib turuvchi QHD+ sifatli 6,7 dyuymga teng ekranga ega bo‘lgan.

O‘lcham borasida Pixel 6 xuddi iPhone 13 Pro Max kabi, Pixel 6 Pro esa undan biroz kattaroq. Ikkala smartfonning ham kamerasi 50 megapikselni tashkil etadi. Uning 1/1.31 o‘lchamli sensori yorug‘likni Pixel 5’ga qaraganda 150 foiz ko‘proq tutadi.

Bundan tashqari, smartfonlar soniyasiga 60 ta kadrda 4K sifatli yoki soniyasiga 240 tagacha kadrda 1080r sifatli videoni tasvirga olishi mumkin.

Yangiliklar qatoridan — Pixel 6’da Live Translate funksiyasi paydo bo‘lgan — u 48 ta tildagi nutqni avtomatik ravishda matn yoki audioga aylantira oladi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Google o‘zining seriyadagi eng katta sig‘imli akkumulyator va IP67 bo‘yicha himoyaga ega Pixel 5a 5G smartfonini 450 dollar qiymatida taqdim etgandi.