O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 29-sentabrdan 17-oktabrga qadar Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o‘tkazilgan razvedka va maxsus bo‘linmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, musobaqada Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSh, Daniya, Indoneziya, Shveysariya, Litva, Niderlandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat 103 ta jamoa o‘zaro bahs olib borgan.

Musobaqaning faol fazasi 14-oktyabr kuni boshlangan bo‘lib, ishtirokchilar 90 kilometr masofada joylashgan turli darajadagi murakkab shartlardan o‘tish asnosida har 8−10 kilometrda bir nechta jangovar topshiriqlarni bajargan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shuningdek, harbiy xizmatchilar zararlangan hududdan o‘tish, joyni razvedka qilish va tog‘ daryosini kesib o‘tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni turli yo‘llar bilan evakuatsiya qilish, mina to‘sig‘idan yakka va guruh tarkibida o‘tish, dushman obyektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so‘roq qilish kabi shartdan ham o‘tgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bundan tashqari, jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” topshiriqlari ham berilgan: xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo‘naltirish, harbiy topografiya me’yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo‘yicha test topshirish, razvedka bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo‘yicha me’yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo‘yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo‘yicha bildiruv berish.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi musobaqada turli murakkab shartlardan iborat 90 kilometr masofani 37 soatda bosib o‘tgan.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Xalqaro musobaqa natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni mezbon davlat — Buyuk Britaniya jamoasi egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasiga nasib etgan. Shohsupaning uchinchi pog‘onasini esa AQSh jamoasi band etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yili O‘zbekiston razvedkachilari “Kembriya patruli” musobaqasida 2-o‘rinni, 2018- va 2019-yillarda birinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi.