Isroil xavfsizlik kuchlari qariyb ikki hafta muddat davomida qamoqxonadan shuncha vaqt avval qochgan mahbuslarni izladi va qattiq qo‘riqlanadigan jazoni ijro etish muassasasiga ularni qaytardi. Endi Isroildagi vakolatli organlar hodisa yuzasidan tergov o‘tkazishi va qamoqxonalarda mahbuslarga yaratilgan sharoitlar va tartib o‘zgartirilishi mumkin. O‘z navbatida falastinliklar ushbu qochishni bosqinchilarga qarshi qahramonona harakat deb hisoblamoqda. Falastinning HAMAS harakati qahramonlarni Isroil bilan ancha vaqtdan buyon davom etayotgan va hali muvaffaqiyatli yakunlanmagan asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarda Falastinga qaytarish taklifini bermoqchi. “Kommersant” nashri mahbuslarning filmlardagi kabi qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo‘lgan oltovlon va ularning amalga oshgan rejasi haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilgan.

Foto: AP Photo / Sebastian Scheiner

HAMAS asirlar almashinuvi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan “yo‘l xaritasi”ni e’lon qildi va endi qaror qabul qilish Isroil hukumatiga bog‘liq. Bu haqda harakat siyosiy qanotining a’zosi Zaher Jabarin ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, falastinlik mahbuslarni ham almashtirish eng asosiy maqsadlardan biriga aylangan.

May oyida G‘azo sektorida Isroil bilan navbatdagi jangovar harakatlar yakuniga yetgach, HAMAS 1111 nafar falastinlik mahbuslarni Isroil qamoqxonalaridan ozod qilish rejasi borligini bildirgan. Mazkur almashinuvda 2014-yildan beri HAMAS ixtiyorida bo‘lib turgan ikki nafar fuqaro va halok bo‘lganlarning jasadlari Isroilga qaytarilishi mumkin. O‘z navbatida Isroil G‘azo sektoridagi loyihalarini qayta tiklash, asirlar va halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini olish evaziga ushbu kelishuvga rozi bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Zaher Jabarinning ta’kidlashicha, HAMAS Isroilning mazkur rejalariga rozi emas. Harakat vakillari o‘z ro‘yxatidagi mahbuslarni, jumladan, 2011-yildagi kelishuvdan keyin takroran hibsga olingan mingdan ziyod mahkumlarni ortga qaytarmoqchi. O‘n yil avval isroillik askar Gilod Shalitni topshirish evaziga mingdan ziyod mahbuslar ozod qilingandi. Shuningdek, o‘tgan haftada HAMAS harbiy qanoti vakili Abu Obeyda sentabr oyida qamoqxonadan qochgan olti nafar mahbusni ozod qilish ham bo‘lajak kelishuvning bir qismi bo‘lishini va’da qilgan.

Isroil shimolida joylashgan Gilboadagi qamoqxonadan “Islom jihodi” harakatining besh nafar a’zosi hamda “Al-Aqso guruhlari” (“Fath” harakatining harbiy qanoti) Zahariy Zubeydining qochgani haqida 6-sentabr kuni oqshomda ma’lum qilingan.

Qochqinlar 2000-yillarda terrorchilikda ayblanib, umrbod qamoq jazosini olgan yoki ko‘p yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Qochoqlarning eng taniqlisi Zahariy Zubaydiy 2019-yilda hibsga olingan. 2000-yillar boshida Isroil harbiylari uni ushlash yoki yo‘q qilish uchun bir necha marta uringan, biroq u har safar qochib qutulishga muvaffaq bo‘lardi. 2008-yilda Falastin hukumatining iltimosiga ko‘ra, Isroil uni qidiruvga berilgan terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishga rozi bo‘ldi. Ammo ma’lum vaqt o‘tgach, vaziyat yana o‘zgardi. Oqibatda u Beyt-Eldagi otishma hamda boshqa hujumlar uchun hibsga olindi. U 15 yilga qamalishi mumkin, lekin tergov harakatlari yakuniga yetmagan.

Isroil qamoqxonalarida Falastin jangarilari guruhlarini odatda bir-birida ajratgan holda saqlashadi, shunga qaramay Gilboa ma’muriyati Zahariy Zubaydiyning o‘zini “Islom jihodi” guruhi vakillari saqlanayotgan kameraga o‘tkazishni so‘rab qilgan iltimosini qanoatlantirgan. Qo‘riqlash xizmati vakillari kuzatuv tizimi orqali kameradagi faollikka ham yetarli darajada e’tibor qaratmagan.

Mahbuslar kavlagan tunnel yo‘lining chiqish nuqtasi

Foto: Reuters / Gil Eliyahu

Qochish amalga oshganidan keyin o‘tkazilgan tergov davomida mahbuslarning kameradagi tunnel qazish ishlarini o‘tgan yili noyabr oyida o‘tkirlashtirilgan idish-tovoq ushlagichlari vositasida boshlagani aniqlangan. Isroil OAV tunnelning hojatxona orqali qazilgani va mahbuslarning kanalizatsiya shaxtasi orqali tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabarlar bergan.

Minoradagi qo‘riqlash xodimasi ish joyida uxlab qolgani va mahbuslarning qamoqxona hududidan qochganini payqamaganini tan olgan.

Qochish amalga oshganini shox-shabbalar ortida yashirinib yurgan bir xil qamoqxona kiyimidagi olti kishini ko‘rgan haydovchi xabar qilgan. Ishni o‘rganish davomidagi yana bir antiqa holat kuzatilgan, ya’ni turmalar loyihalarini ishlagan “Pore Yaakovi Karni” arxitektura byurosining rasmiy saytida Gilboa hamda Isroildagi boshqa qamoqxonalarning batafsil tarxi (chizmasi) joylashtirilgani aniqlangan.

Falastinlik oltovlon qamoqxonadan qochgach, ikki guruhga bo‘linib ta’qibchilardan yashirinishga uringan. Ular ozodlikdagi sheriklari yordam berishiga umid qilgan, ammo yakunda hech kim qochqinlarga ko‘mak bermagan. Bunga asosiy sabablardan biri — qochish muddatining o‘zgarganligi. Mahbuslar qo‘riqchilar qazilgan teshikni payqab qolishidan cho‘chib, ertaroq qochib ketishga qaror qilgan.

Bundan tashqari, olti nafar mahbusning aksar qismi uzoq vaqt davomida qamoqxonada bo‘lgan va yangi kuzatuv hamda qidiruv texnologiyalari yordamida qochoqlarni tez topib olishlari mumkinligini hisobga olmagan. Qochoqlarning bir qismining qayerda ekani ular yaqin qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib suhbatlashganidan keyin aniqlangan.

Birinchi juftlik 10—11-sentabrda Isroil hududida ushlangan. Yana ikki mahbus yakshanbaga o‘tar kechasi Falastinning Jenin shahrida hibsga olingan. Olti nafar mahbusning hammasi huquq-tartibot idoralariga qarshilik ko‘rsatmagan holda taslim bo‘lgan.

Qo‘lga olingan qochoqlar

Foto: Reuters

Arab fuqarolarining qochoqlarga yordam bermagani Isroil uchun yaxshi xabar bo‘ldi. Falastinliklar uchun esa aksincha Isroil hamda Falastin chegarasida turlicha tomonlarda yashaydigan guruhlar o‘rtasida munosabatlarni oydinlashtirish boshlanib ketdi. G‘arbiy sohildagi Ramalla ma’muriyati Isroil bilan hamkorlik qilganligi yuzasidan ayblovlar yangradi, Jeninda ham isroilliklarga faol qarshilik ko‘rsatilmagandi. Falastin bosh vaziri Muhammad Shtayya mazkur holatlar tufayli hukumatning Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslarning ishi qanday kechayotganini doimiy ravishda kuzatib turganini ma’lum qilgan.

Foto: Reuters / Ammar Awad

Garchi qochqinlarning ozodlikdagi sayri uzoq davom etmagan bo‘lsa ham Arab OAV qayd etganidek “Ozodlik tunneli” operatsiyasi falastinliklar tomonidan chinakam qahramonlik deb e’tirof qilinmoqda. Falastindagi radikal harakatlar ushbu voqeadan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga urinmoqda. “Falastin mahbuslari klubi” tashkilotining prezidenti Kaddura Fares Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida falastinliklar HAMASning qamoqxonaga qaytarilgan qochoqlarni ozodlikka chiqarish borasida bergan va’dasini aslo unutmasligi haqida gapirgan. Shuningdek, u Gilboadan qochish falastinliklar uchun yadro quroliga ega Isroil ustidan puxta reja va ishonchli harakatlar evaziga g‘alaba qozonish umidini beradigan o‘ziga xos timsolga aylanganini qayd etdi.

U qochoqlarning o‘z xavfsizlik tizimini mukammal deb hisoblovchi isroilliklarni shokka tushirib qo‘ygani, shu bilan birga, butun dunyoda falastinlik mahbuslarga nisbatan rahm-shafqat bilan munosabatda bo‘lishga turtki berganini ta’kidlagan.

Kaddura Faresning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklar ushbu qochish Isroil qamoqxonalarida qat’iy choralar ko‘rilishi hamda mahbuslarning sharoitlari og‘irlashishi mumkinligini hisobga olgan, shu sababli ko‘plab hibsxonalarda mahbuslarning ochlik e’lon qilishi haqida xabarlar tarqalgan. Mamlakatda olti nafar mahbus ochlikni boshlashga ham ulgurgan.

Ular o‘zlarining ma’muriy qamoqda ushlab turilganidan norozi. Ayrimlar ikki oydan buyon ovqatlanishdan bosh tortib kelmoqda. Quddus yaqinidagi Ofer qamoqxonasida ham 100 nafar mahbus ochlik e’lon qilgan. Ular “Ozodlik tunneli” operatsiyasidan keyin qamoqxonadagi sharoitlar og‘irlashganini aytib, bunday tartibni bekor qilishni so‘ramoqda.

Isroil hukumati murakkab vaziyatda qolgan. Bir tomondan qamoqxonadan qochish sabablarini o‘rganish va so‘nggi yillardagi jazoni ijro etish muassasalaridagi tizimni tartibga keltirish lozim. Gaarets mahalliy nashri falastinlik qochoqlarning qamoqxona hududida “davlat ichida davlat” tuzib olgani haqida yozgan, mahbuslar turmadagi barcha jarayonni boshqargan va xavfsizlik xizmati vakillari ularga ta’sir ko‘rsata olmagan. Gazeta jazoni ijro etish tizimidagi davlat nazoratining kuchsizligini qayd etgan. Boshqa tomondan esa mahbuslarga o‘tkaziladigan har qanday bosim Iordan daryosining g‘arbiy sohili hamda G‘azo sektoridagi xavfsizlikka tahdidlar paydo bo‘lishi va vaziyat chigallashib ketishi mumkin. Olti nafar qochoq mavzusi barcha falastinliklarda birdamlik tuyg‘usini uyg‘otdi, sababi hozir Isroil qamoqxonasida bo‘lgan va qachonlardir turmada saqlanganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.