Isroilda 6-sentabr kuni ertalab olti nafar terrorchi mahbus mamlakat shimolidagi Gilboa qamoqxonasidan qochib ketdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: newsru.co.i

Isroil qamoqxona boshqarmasi (Shabas) mahbuslarning qochib ketganini tasdiqladi.

Qayd etilishicha, uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan terrorchilar saqlanayotgan Gilboa qamoqxonasidan mahbuslar tunnel yordamida qochib ketgan. Vertolyotlar va uchuvchisiz samolyotlar yordamida politsiya va Shabas bo‘linmalarining yirik kuchlari tezkor qidiruv e’lon qilgan. Qidiruvga maxfiy xizmatlar va harbiylar jalb qilingan.

Mahbuslarning besh nafari “Islomiy jihod” terrorchilik tashkilotining faollari, oltinchisi esa FATH terrorchilarining yetakchilaridan biri Zaxariya Zubaydiy bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, aynan Zubaydiy qochishni tashkillashtirgan bo‘lishi mumkin.

N12/Mako ma’lumotlariga ko‘ra, mahbuslar hojatxona ostida tunnel qazigan va kanalizatsiya yo‘li orqali qochishga muvaffaq bo‘lgan. Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, qochqinlarni mahalliy dehqonlar payqab qolgan va politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan.

Isroil bosh vaziri Naftali Bennet ichki xavfsizlik vaziri Omer Bar-Lev bilan voqeani muhokama qildi va hodisaning o‘ta jiddiyligini qayd etib, xavfsizlik kuchlari tomonidan “tizimli harakatlar” olib borish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq Nigeriyada ikki ming mahbus, Somalida esa yuzlab terrorchilar qamoqxonadan qochib ketgani haqida xabar berilgandi.