Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

Kobul universiteti rektori xotin-qizlarning ushbu OTMda o‘qishi va ishlashini taqiqladi

Kobul universitetining “Tolibon” harakati tomonidan tayinlangan yangi rektori Muhammad Ashraf G‘ayrat ushbu oliygohda xotin-qizlarning dars berishi yoki ta’lim olishi taqiqlanishini e’lon qildi.

Foto: Reuters

“Haqiqiy islom muhiti barcha uchun ta’minlanmaguniga qadar ayollarga universitetga o‘qishga yoki ishga kirish ruxsat etilmaydi. Islom birlamchi muhim narsadir”, — deb yozdi u Twitter’da.

Keyinroq G‘ayrat yana bir tvit yozib, gap doimiy emas, vaqtinchalik taqiq haqida borayotganini ma’lum qildi. “Biz islom muhitini yaratmagunimizcha ayollar uyda qolishiga to‘g‘ri keladi, shuni nazarda tutgan edim”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.

G‘ayratning gaplari Afg‘onistonning yangi oliy ta’lim vaziri Abdulboqi Haqqoniyning bayonotiga ziddir. Sentabr o‘rtalarida u ayollar oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi mumkin bo‘lishini, faqat ular erkaklardan alohida ta’lim olishini va’da qilgan edi. Bundan tashqari, yangi o‘quv yili arafasida “Tolibon” chiqargan buyruqqa ko‘ra, xotin-qizlar butun tana va yuzni yopib turuvchi chodra kiysagina universitetlarda o‘qishga kelishi mumkin bo‘ldi.

G‘ayrat 22-sentabr kuni Kobul universiteti rektori etib tayinlandi, bungacha ushbu lavozimni Muhammad Usmon Boburiy egallab kelardi, rektorlikdan uni toliblar chetlatdi.

Kobul yaqin kunlarda suvsiz qolishi mumkin

Afg‘oniston poytaxti yaqin vaqtlar ichida suvsiz qolishi mumkin, deya ma’lum qildi shahar meri Hamdulla No‘moniy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyat bir necha o‘n yillardan buyon davom etayotgan qurolli ziddiyatlar, global iqlim o‘zgarishlari va suv ta’minoti tizimining sifatsiz boshqaruvi tufayli yuzaga kelgan.

“Suv tanqisligi kundan kunga keskinlashmoqda, shahar hademay butunlay suvsiz qolishidan xavotirdamiz”, — dedi mer.

No‘moniyning aytishicha, hukumat inqirozni hal qilish maqsadida suv yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Yaqinda hukumat Kobulga “juda yuqori narxlarda olis tumanlardan ” suv yetkazib berish haqida qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelgan.

AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘onlarning faqat 42 foizi xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega. Jahon oziq-ovqat dasturidagilar fikricha, agar Afg‘oniston rahbariyati suv ta’minoti muammosi bilan jiddiy shug‘ullanmasa, mamlakatni ommaviy ocharchilik kutmoqda.

“Tolibon” Afg‘onistonda so‘nggi qirol davridagi konstitutsiyani vaqtinchalik tiklaydi

Afg‘onistonning “Tolibon” tomonidan shakllantirilgan muvaqqat hukumati so‘nggi qirol Muhammad Zohirshoh davridagi konstitutsiyani o‘tish davri uchun vaqtinchalik tiklaydi.

Foto: AP Photo

Hukumat vakilining aniqlik kiritishicha, ushbu konstitutsiyadagi shariat qonunlariga zid keluvchi nizomlardan boshqa barcha qoidalarga amal qilinadi.

Afg‘onistonda mustaqillikka erishilganidan keyingi davr ichida, ya’ni 1919-yildan buyon yetti marta konstitutsiya o‘zgargan. Shu yilning avgust oyida toliblar hokimiyat tepasiga kelguniga qadar mamlakatda 2004-yilda qabul qilingan konstitutsiya amalda bo‘lgan.

Qirol Muhammad Zohirshoh davrida amal qilgan konstitutsiya 1964-yilda iqtisodiy va siyosiy islohotlar doirasida qabul qilingan va 1976-yilgacha kuchda bo‘lgan.

Ekspertlar fikricha, 1964-yilgi konstitutsiya matni, bosh qonunning avvalgi variantlari bilan qiyoslaganda, demokratiyaga ancha yaqinroq bo‘lgan. Mamlakatda birinchi marta siyosiy partiyalar tuzishga ruxsat berilgandi.

Toliblar avvalgi hukmronligi davrida (1996—2001-yillar) hatto konstitutsiya loyihasini ham taklif qilmagan. 2001-yilda ular xalqaro koalitsiya harbiy operatsiyasi natijasida hokimiyatdan chetlatilgach, Hamid Karzay rahbarligi ostida avvaliga o‘tish davri, keyinroq muvaqqat ma’muriyat shakllantirildi. O‘sha vaqtdan boshlab 2004-yilgacha Afg‘onistonda 1964-yilgi konstitutsiya qoidalari (monarx haqidagi nizomlardan tashqari) amal qilgan.

Afg‘onistonda moliyaviy inqiroz yuzaga kelishi mumkin

Afg‘oniston moliyaviy inqiroz yoqasida turibdi. Bu haqda Afg‘oniston islom banki ijrochi direktori Said Musa Kalim al-Falahiy ma’lum qildi.

Foto: EPA

Uning so‘zlariga ko‘ra, bank tizimi mijozlar sarosimaga tushgani sababli “ekzistensial inqiroz” bilan yuzlashgan — hozir mablag‘lar ommaviy tarzda yechib olinmoqda, banklarning ko‘pchiligi esa ishlamayapti va xizmatlarning barcha turlarini ko‘rsatmayapti. Bundan tashqari, Afg‘oniston iqtisodiyoti “Tolibon” hokimiyatni egallashidan oldin ham tizim inqirozi yoqasiga kelib qolgan edi.

Mamlakat iqtisodiyoti chet el ko‘magiga qattiq bog‘langan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston YaIMning qariyb 40 foizi xalqaro manbalarga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, hukumat almashganidan keyin G‘arb mamlakatlari hukumatlari Afg‘onistonga Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi orqali taqdim etiladigan moliyaviy aktivlarni muzlatib qo‘ydi.

Shuningdek, mamlakatda inflyatsiya o‘sishi va mahalliy valyuta (afg‘oni)ning keskin pasayishi kuzatilmoqda. Ko‘pchilik ishidan ayrilib, naqd pul yetishmovchiligiga uchramoqda. Mamlakatda oilalarning 5 foizigina har kuni yetarlicha oziq-ovqatga ega bo‘lsa, 50 foizi so‘nggi ikki hafta ichida kamida bir marta ovqatsiz qolgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Madaniyat
Muvaffaqqiyatga erishishidan avval o’zaro do‘st tutingan mashhurlar (foto)
Mahalliy
“Mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”. Zafar Hoshimov hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbar bo‘lishi masalasi haqida
Mahalliy
Chilonzorda yo‘l kengaytirish ishlarida 101 tup daraxt ildizi shikastlangan — Davlat ekologiya qo‘mitasi