“Tolibon” Kobulni qo‘lga kiritgandan beri tobora ko‘proq afg‘onistonliklar ishsiz qolish xavfiga duch kelmoqda, banklar yopiq, oziq-ovqat narxi oshmoqda. Odamlar yegulik topish va ijara pulini to‘lash haqida tun-u kun qayg‘urishga majbur bo‘lmoqda.

Foto: Reuters

“Men butunlay gangib qoldim, birinchi navbatda xavfsizligim, omon qolishim haqida o‘ylashim kerakmi yoki bolalarim va oilamni qanday boqish haqidami, bilmayman”, — dedi “Tolibon” kelishi bilan 260 dollarlik maoshidan mahrum bo‘lgan Kobuldagi sobiq politsiyachi. Bu pul bilan butun oila kun ko‘rardi — erkak, uning rafiqasi va to‘rt farzandi. “Men ijaraga olingan kvartirada yashayman, oxirgi uch oy davomida egasiga pul to‘lamaganman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Qurg‘oqchilik mavsumidan so‘ng Afg‘onistondagi qishloqlar aholisi ommaviy ocharchilik xavfi ostida qoldi. Ular  chodirlarda va vaqtinchalik boshpanalarda omon qolish uchun shaharlarga ketishga majbur bo‘ldi. Xalqaro gumanitar agentliklarga ko‘ra, Afg‘onistonga tijoriy reyslarning to‘xtatilishi bilan mamlakatga dori-darmonlar va boshqa yordamlarni yetkazib berish ham uzilgan.

Jangarilarning viloyat shaharlari bo‘ylab tez harakatlanishi mahalliy afg‘oni valyutasining qadrsizlanishiga va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishiga olib keldi. Un, yog‘ va guruch bir necha kun ichida 10-20 foizga qimmatlashdi. Banklar xavfsizlik nuqtayi nazaridan haligacha yopiqligi sababli aholi o‘z jamg‘armalaridan foydalana olmayapti. Western Union ofislarining yopilishi tufayli chet eldan pul o‘tkazmalari ham to‘xtatildi.

Fitch Solutions kompaniyasining Osiyo mamlakatlariga tahdidlar bo‘yicha rahbari Anvita Basuning fikricha, yaqin kelajakda mamlakatda jiddiy inqiroz yuz beradi. “Shunga o‘xshash sharoitda bo‘lgan mamlakatlar, masalan, Myanma va Suriyada yalpi ichki mahsulot taxminan 10-20 foizga pasaygandi. Bunday ssenariyni Afg‘oniston uchun ham istisno qilib bo‘lmaydi”, — dedi u.

Basuning ta’kidlashicha, bu oyda yetti foizdan ko‘proqqa pasaygan afg‘oni valyutasining qiymati yana tushishi mumkin. Bunga mamlakatning aksariyat tashqi aktivlari muzlatilgani sabab bo‘lmoqda. AQSh “Tolibon” ulardan foydalana olmasligi uchun Afg‘onistonning tashqi zaxiralarini muzlatib qo‘ygandi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Afg‘onistonga yordam berishni to‘xtatdi. Bunga respublikani egallab olgan “Tolibon” hokimiyatining tan olinish-olinmasligi muammosi sabab bo‘lmoqda.

Ekspertning fikricha, hozir Afg‘oniston iqtisodiyoti giperinflyatsiya xavfiga duch kelmoqda. Bundan tashqari, o‘nlab yillar davom etgan urush sog‘liqni saqlash tizimiga putur yetkazdi. Basuning so‘zlariga ko‘ra, afg‘onlar uchun chet eldan koronavirusga qarshi vaksinalar olish imkoniyati har doim kam bo‘lgan, ammo hozir vaziyat yanada ayanchli.